17:10 / 24.08.2020
2987

WeChat foydalanuvchilari Tramp ma'muriyatini sudga berishdi

Avgust boshida Donald Tramp AQShda WeChat ilovasidan foydalanishni taqiqlash ko‘zda tutilgan farmonni imzolagandi.

Foto: Reuters

WeChat ilovasining bir guruh foydalanuvchilari AQSh prezidenti Donald Tramp ma'muriyatining ushbu ilovani AQShda taqiqlash to‘g‘risidagi farmonini bekor qilishni so‘rab sudga murojaat qildi.

 San-Fransisko okrug sudiga taqdim etilgan arizada ta'kidlanishicha, Trampning mazkur farmoni AQSh Konstitutsiyasiga ziddir. Da'vo arizasi AQShda ro‘yxatga olingan WeChat Users Alliance notijorat tashkiloti, qator kichik korxonalar va jismoniy shaxslar tomonidan berilgan, deb yozadi The Wall Street Journal.

 Ta'kidlanishicha, da'vogarlar WeChat ilovasi yoki uni ishlab chiqqan Tencent kompaniyasiga aloqador emas. Ularning so‘zlariga ko‘ra, alyans biznes va shaxsiy hayotida ushbu ilovadan foydalanuvchilar tomonidan tashkil etilgan.

 Dunyo bo‘yicha foydalanuvchilari soni 1,2 mlrd kishidan oshuvchi WeChat o‘zida ijtimoiy tarmoq, messenjer, mobil to‘lovlar platformasi, marketing platformasi va boshqa funksiyalarni mujassamlashtirgan. 

 Avgust boshida Tramp AQShda WeChat ilovasidan foydalanishni taqiqlash ko‘zda tutilgan farmonni imzolagandi.

 WeChat foydalanuvchilari manfaatlarini himoya qiluvchi advokat Maykl Benning qayd etishicha, ushbu taqiq so‘z erkinligini poymol qilishdan tashqari, kelib chiqishi xitoylik bo‘lgan amerikaliklarning huquqlarini buzish hamdir.

Top