10:35 / 26.08.2020
53010

Ronaldino fojiasi: Yulduzlikdan Paragvay qamoqxonasigacha

Paragvayda bir oy qamoqda, to‘rt oy davomida esa hashamatli mehmonxonada – uy qamog‘ida ushlab turilgan braziliyalik sobiq futbolchi Ronaldino qo‘yib yuborildi.

Foto: REUTERS/Jorge Adorno

Shu yilning mart oyida Paragvayga kirishda Ronaldino va uning akasi Roberto Assis qalbaki pasport tufayli hibsga olingandi. Ronaldino Paragvayga kitoblarni targ‘ib qilish va kam ta'minlangan bolalarga yordam berish kampaniyasida ishtirok etish uchun borgandi.

Aka-uka 32 kun davomida poytaxt Asunson atrofidagi qattiq qo‘riqlanadigan qamoqxonada ushlab turilgan, keyin esa 1,6 million dollar miqdoridagi garov evaziga hashamatli Palmaroga mehmonxonasiga o‘tishgan.

Ronaldino va uning akasi pasportlar soxtaligini bilmaganliklarini va uni mahalliy homiydan olishganini aytishdi.

Prokurorlar bilan olib borilgan muzokaralar natijasi o‘laroq, endilikda ular 200 ming dollar miqdorida jarima to‘lagach, Braziliyaga qaytishlari mumkin.

Futbol afsungari

Braziliyalik bu futbolchi 2000-yillarda go‘yo YouTube videolari uchun yaratilganday taassurot uyg‘otuvchi ajoyib uslubi bilan futbol olamini zabt etdi. Keyingi 10 yillikda esa u aksar futbolchilar butun faoliyati davomida erishganidan ko‘ra ko‘proq narsani qo‘lga kiritdi va boy berdi.

2011 yilda 30 yoshida «Milan»dan ketgach, 2013 yilda «Atletiko Mineyro» bilan birga Libertadores kubogini qo‘lga kiritadi. Arab realiti-shoulari va rus supermarketlaridagi reklama roliklarida qatnashdi, Jan-Klod van Damm bilan birga Hollivud filmida suratga tushishga ham ulgurdi.

Ozodlikdan mahrum bo‘lgan Ronaldino bu yil 40 yoshini Paragvay qamoqxonasida kutib oldi.

2011 yil yanvarida Milanni tark etib, o‘z mamlakatiga qaytishga qaror qilganida, «Milan»ning o‘sha vaqtdagi bosh murabbiyi Massimiliano Allegri bu qarorni «hayot tanlovi» deya izohlagandi.

Boshqacha aytganda, bular «futbolga bog‘liq bo‘lmagan sabablar» edi. Ikki yil davomida Parij Sen-Jyermenda bo‘lgani kabi, tungi hayotning sarmast ko‘chalariga boshlagan yo‘l uni klubga eltuvchi yo‘llardan ayro qildi. Bu payt uning ishtiyoq olovi so‘na boshlagan, atrofidagilarning sabr-toqati ham tamom bo‘lgandi.

Rivaldo: U allaqachon o‘z hikoyamni yozib bo‘ldim, deb o‘yladi
Uning mamlakatga qaytish qarori 2002 yilda u bilan birga jahon chempioni bo‘lgan Rivaldoni ham hayron qoldirgandi.

«Yevropada yana biroz davom etishi mumkin edi. Biroq bu shaxsiy qaror edi. Bu yerda allaqachon u o‘z hikoyasini yozib bo‘lganini sezdi, shuning uchun ham oilasi bag‘riga qaytishni, do‘stlariga yaqin bo‘lishni va futbolni tark etishni xohladi», deydi Rivaldo u haqda.

Xuddi futboldagi kabi Ronaldino hayotda ham kameralardan uzoq turmadi. Ammo keyin duch kelgan vaziyat avvalgi hamma narsadan ko‘ra jiddiyroq.

Oilani qashshoqlikdan qutqargan jamoa: «Gremio»
to‘liq ismi Ronaldo de Assis Moreyra bo‘lgan Ronaldino Braziliya janubidagi Porto Alegre shahridagi kambag‘al mahalla – Vila-Novada ulg‘aygan. Uning onasi Migelina uyma-uy yurib kosmetika mahsulotlari sotar, otasi Joao esa kechasi Gremiodagi avtoturargohda ishlardi. Akasi Roberto Assis 17 yoshida professional shartnoma imzolaganida klub oilani hashamatli bir villa bilan ta'minlagan (Xuddi shu villa uning hayotini shakllantirgan, uni aka-uka va opa-singillari bilan yaqinlashtiradigan fojia uchun zamin hozirlagan edi). Futbol, ​​ayniqsa, «Gremio» klubi oilani qashshoqlikdan qutqarib qoldi.

2015 yilda FourFourTwo jurnali undan «Kumiring kim?» deb so‘raganda «Akam Assis, Rivelino, Romario, Ronaldu, Rivaldo va Diyego Maradona», deb javob bergandi.

Ronaldino 8 yoshdaligida hovuzda suzayotganda otasining yuragi bezovta qiladi. 2 kundan keyin esa u vafot etadi. Ronaldinoga bu noxush xabarni akasi Assis berdi. Chunki endi u oilada otaning rolini o‘z zimmasiga olgandi.

Keyinchalik Ronaldinoning menejyeriga aylangan Assis o‘z ukasi sha'niga maqtovlar yog‘dirishda sira ham xasislik qilmasdi va ukasining o‘zidan ham iste'dodliroq ekanini e'tirof etishdan charchamasdi. 13 yoshli Ronaldino bir gal maktabdagi o‘yinda raqib darvozasiga 23 marta gol urganda esa uning sevinchdan boshi osmonga yetadi. 

Ronaldino 4 yil ichida Braziliyaning 17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi jahon chempionatida g‘olib chiqishida katta rol o‘ynadi. 19 yoshida esa chempionat finalida «Gremio»ning raqib jamoa – «Internatsional» ustidan g‘alaba qozonishida o‘z faoliyatidagi eng yaxshi o‘yinlaridan birini ko‘rsatdi.

Ayni shu o‘yindan keyin bergan intervyusida u shunday degandi: «Men «Gremio»ni juda yaxshi ko‘raman. Men u uchun bepul ham o‘ynashim mumkin. Eng asosiysi, jamoa libosiga bo‘lgan sevgidir». 

Yevropa sari ilk qadam: Parij
21 yoshga to‘lgunga qadar u o‘z mamlakatining eng yaxshi ligasida mavsumni Romariodan keyingi ikkinchi to‘purar sifatida yakunladi va Angliyaning «Lids Yunayted» klubidan 40 million funt sterlinglik taklif oldi. Ammo klub eng yaxshi futbolchisini sotmasligini aytib, bu taklifni rad etdi.

Ronaldinoning «Gremio» bilan shartnomasi yakunlangach, 2001 yil fevral oyida Assis vositachiligida «Parij Sen-Jyermen» bilan dastlabki shartnoma imzolandi. Ushbu transfer «Gremio» muxlislarini g‘azabga keltirdi.

Bruxo (Sehrgar) nomi bilan tanilgan yosh yulduz butun dunyo bo‘ylab futbol muxlislarini hayratga sola boshlagandi. 2002 yilda u Braziliyaning jahon chempionatida g‘olib chiqishida muhim rol o‘ynadi.

Bir yil o‘tgach, u Parijdan «Barselona»ga o‘tdi. Endi bu yulduz butun Yevropa futboli osmonida charaqlayotgandi. U Lionel Messiga «aql beruvchi aka» maqomida 5 yil davomida Kataloniya klubida to‘p surib, klub bilan Chempionlar Ligasini kubogini va 2 marta Ispaniya chempionligini qo‘lga kiritdi.

Uyga qaytish qarori: «Axloqing bo‘lmasa, qadring ham bo‘lmaydi»

2011 yilda Ronaldino Milanda ikki yarim mavsumni o‘tkazgach, Braziliyaga qaytib kelganida muxlislar uni afv etmagan bo‘lsa-da, «Gremio» ma'muriyati uni kechirdi. Oldin yuz bergan barcha narsalarning o‘rnini to‘ldirish uchun ham u qaytib kelgandi. Yoki hech bo‘lmaganda shunday taassurot qoldirishi lozim edi.

Ronaldino «Milan»dan ketishini aytganda u bolalikdagi klubi – «Gremio»ga qaytish haqida ko‘p gapirardi. Shu sababli klub prezidenti Paulo Odone futbolchining akasi bilan kelishuv tuzdi.

«Gremio» stadionida harbiy vertolyot bilan kutib olish marosimi ham tashkil qilindi. Ammo Ronaldino bu marosimida ko‘rinish bermadi.

Odone Ronaldinoning raqib jamoa «Flamengo»ga transfer qilinganidan xabar topgach, Assisni o‘z va'dasida turmaganlikda aybladi. «Assis yetti xil shartnomani stolga qo‘ygandi. Shunaqa ham savdo bo‘ladimi, hayronman. Biz juda sabrli edik, ammo toqatning ham chegarasi bor», deb yig‘lab yuborgandi u.

Odone yig‘layotgan payt esa Ronaldino «Flamengo» muxlislariga o‘zining so‘nggi raqsi hali ijro etilmaganini, Rioga g‘alaba qozonish uchun kelganini ta'kidlar edi: «Ko‘pchilik Braziliyaga shunchaki karerasini yakunlash uchun qaytmoqda. Men esa «Flamengo» nomini iloji boricha yuksakroqqa ko‘tarishni, iloji boricha ko‘proq unvon qozonishni va bu muxlislarning muhabbatiga javob qaytarishni istayman».

«Gremio» muxlislari Ronaldinoning bu ishidan juda g‘azablanishdi. Oradan 10 oy o‘tgach, «Flamengo» Gremioga borganda uni tangalar yomg‘iri va pichoqlar bilan kutib olishdi.

Tomoshabinlar «Axloqing bo‘lmasa, qadring ham bo‘lmaydi» deb yozilgan lavhalarni silkitgancha Ronaldinoning ustidan soxta pullar sochishdi.

2:4 hisobidagi mag‘lubiyatdan keyin Ronaldino tahdidkor muhit haqida berilgan savolga shunday javob berdi: «Men janjallashishni istamaydigan bir klub bor, u ham bo‘lsa «Gremio»dir. «Flamengo» muxlislarining gavjumligiga odatlanganlar uchun bu tahdidlar u qadar qo‘rqinchli shovqin emas».

Mag‘lubiyat g‘ayritabiiy emas edi. Ronaldino «Flamengo»dan ko‘ra gazeta sahifalarini ko‘proq bezayotgandi. U 2011 yilda tarkibida yosh Neymar ham bo‘lgan «Santos» jamoasiga qarshi o‘yinda jamoasi 0:3 hisobida ortda borayotgan bir paytda het-trik qayd etgan va yakunda jamoasining 5:4 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlangan mazkur o‘yindagi qolgan ikki golga ham assistentlik qilgandi.

«Quyon tish uchun telefon tarmog‘i» tashkil etilgan

Ronaldinoning sharob qadahlari va ayollar bilan qurshalgan tasvirlari ko‘paya boshlagach, muxlislar hatto klub sardorini tunda tashqarida ko‘rgudek bo‘lishsa, bu haqda klubni ogohlantirish uchun telefon tarmog‘ini ham o‘rnatishgan. «Flamengo» rahbarlaridan biri Xose Karlos Peruano o‘z intervyularidan birida «Quyon tish telefon tarmog‘i»dagi gap-so‘zlarning ko‘pi hazil bo‘lsa-da, bu telefon kechalari ovoz berishdan tinmaganini aytgandi.

«Ronaldino «Flamengo»ning yuzi edi. Ammo u beqaror edi. Uning harakatchan kecha hayoti bor edi va juda ko‘p spirtli ichimlik iste'mol qilardi. U futbolchidan ko‘ra ko‘proq kecha «manyagi»ga o‘xshardi», deydi Peruano.

«Flamengo»dagi muammolar maoshlar kechikishiga sabab bo‘lgach, Assis ukasining shartnomasini bekor qiladi va klubga qarshi 14 million funt sterlinglik da'vo ochadi. To‘rt yillik kelishuv bor-yo‘g‘i 16 oy davom etdi va Ronaldino jamoani tark etdi.

Ushbu voqeadan to‘rt kun o‘tgach, muxlislar uning haykalini yoqib yuborishadi. Internetda «Atletiko Mineyro»da mashg‘ulotlar o‘tkazayotgan tanish yuz namoyish etiladi.

Ronaldino vaziyat o‘zgarishining bir isboti o‘laroq 10-raqamli libosni onasi tug‘ilgan yil – 49 bilan almashtirib, «Atletiko Mineyro» uchun ter to‘ka boshladi.

U tantanali tanishtiruv marosimi o‘tkazilishini xohlamaydi. 2012 yil iyun oyida jurnalistlarga bergan intervyusida shunday deydi: «Bu yangi epizod. Biz hamma narsani o‘zgartirmoqchimiz. Men shu istak bilan bu yerga keldim».

«Atletiko» bosh murabbiyi Kuka Ronaldinoning shartnomasiz futbolchi ekanidan xabar topganida «Lion»ning sobiq yarim himoyachisi Junino Pernambukano bilan shartnoma imzolash harakatida edi.

U 32 yoshli Ronaldino variantini ma'qul ko‘rib, uni klubga qo‘shib oladi va unga 10-raqam bilan birga klub yetakchiligini ham topshiradi.

Klub 2011 yilda havas qilarli holatda emasdi. Ronaldino birinchi mavsumning o‘zidayoq yangi jamoasini ikkinchi o‘ringa olib chiqishga muvaffaq bo‘ladi. Uning sa'y-harakatlari bilan jamoa 13 yildan keyin yana Libertadores kubogida qatnashish uchun yo‘llanmagan ega bo‘ladi, futbolchining o‘zi liganing eng yaxshi futbolchisi deb topiladi.

Sport sharhlovchisi Viktor Martinsning ta'kidlashicha, Ronaldino o‘sha paytda ham spirtli ichimliklar daryo bo‘lib oquvchi kechalarda qatnashgan, ammo uning fikri-yodi boshqacha edi.

Martins Ronaldinoning «Atletiko»da yuqori sport formasini saqlab qola olganining ikkita asosiy sababini keltiradi.

«Birinchidan, Ronaldino «Flamengo»ni yomon shaklda tark etdi. U muammoning sababi sifatida o‘zini emas, jamoani ko‘rsatdi. Buni isbotlash istagi o‘laroq esa u yerdan ketdi. Ikkinchidan, onasi saraton kasalligiga chalinganida «Atletiko» muxlislari unga maxsus plakatlar qo‘yib, Ronaldinoning ta'sirlanishiga sabab bo‘lishdi. Ronaldino bundan shu darajada mutaassir bo‘ldiki, hatto ko‘z yolarini tiya olmadi. Bu qo‘llab-quvvatlov u uchun judayam muhim edi va u muvaffaqiyatli bo‘lish uchun borini berdi. Faqat chempion bo‘lganlaridagina ketishini aytdi».

«Atletiko» bilan Libertadores sevinchi

Hozirda «Everton» a'zosi bo‘lgan Bernard va «Manchester Siti»ning sobiq hujumchisi Jo bilan birga to‘p surgan Ronaldino «Atletiko» klubi tarixida birinchi marta Libertadores finaliga chiqdi, to‘rtta gol urdi va yana yetti golga assistentlik qildi.

Jo 2016 yilda Braziliya telekanaliga bergan intervyusida Ronaldino bilan birga to‘p surish haqida fikr bildirib, shunday degandi: «Bu xuddi 3ta harakatda sizni mot qila oladigan kishi bilan shaxmat o‘ynashga o‘xshaydi».

Jo Libertadores Kubogini to‘purar sifatida yakunladi. «Atletiko» finalning birinchi o‘yinida Paragvayning «Olimpiya» klubiga 0:2 hisobida yutqazadi, javob o‘yinining oxirgi daqiqalarida ikkinchi gol uriladi (2:0) va o‘yin penaltilar seriyasigacha olib boriladi.

So‘nggi penaltini Ronaldino aniq ijro etadi va «Atletiko»ning 4:3 hisobida g‘alaba qozonishini ta'minlab, uyga kubok bilan qaytadi. Ushbu sovrin 1971 yilda liga chempionligini so‘nggi marta qo‘lga kiritgan jamoaning eng katta yutug‘i edi.

O‘ynagan 5ta chempionatining to‘rttasida kubokni ko‘tarishga muvaffaq bo‘lgan Rivaldo Ronaldinoning Libertadoresni qo‘lga kiritgani haqida shunday deydi: «Biz bu haqda hech gaplashmagandik. Ronaldinoga Libertadoresda omad kulib boqdi. Garchi men bu sovrinni hech qachon qo‘lga kiritmagan bo‘lsam ham, u uchun juda xursandman. Bu uning karerasi uchun juda muhim edi».

2014 yilda Recopa Sudamericana’ni qo‘lga kiritgan Ronaldino o‘z missiyasini yakunlaganini aytib, klubdan ruxsat so‘raydi.

Meksikada uni yangi sarguzashtlar kutayotgan edi.

Milandan so‘ng shamol teskari esdi

Ronaldino shamolning teskari esishi Milandan ketgan kuniyoq boshlanganini anglab turardi.

Meksika Ligasida «Keretaro» klubi libosida to‘p suruvchi Patrisio Rubio Chili telekanallaridan biriga bergan intervyusida Ronaldino haqida shunday deydi: «O‘yin tugaganidan keyin u har juma kuni Kankun yoki Playa del Karmenga ketardi. Seshanba kuni esa qaytib kelardi va u hech qachon dushanba mashg‘ulotlariga qatnashmasdi. U bir yulduz edi».

Ronaldinoning Meksika tajribasi bor-yo‘g‘i 9 oy davom etdi va o‘z faoliyatida ilk bor kubok qo‘lga kiritmagan holda jamoani tark etdi.

Braziliyaning «Fluminense» jamoasida ham u sovrinsiz qoladi. 18 oylik shartnomaning ikkinchi oyida Ronaldino klub bilan shartnomasini bekor qiladi.

Keyinchalik uning akasi Assis takliflar borasida muammo bo‘lmagani, ammo u endi boshqa o‘ynamaslikka qaror qilgani haqida gapiradi.

Ronaldino 3 yildan so‘ng – 2018 yil yanvar oyida 37 yoshida rasman futbolchilik faoliyatini yakunlaydi.

Maradona: O‘lguncha uni qo‘llab-quvvatlayman

Ronaldino uchun hali ham takliflar bor. 40 yoshda ekaniga va Paragvayda uy qamog‘ida bo‘lishiga qaramay, iyun oyida Maradona murabbiylik qilgan Argentinaning «Gimnaziya» klubi Ronaldino bilan bog‘langan. Futbol afsonasi Maradona Ronaldinoni «U o‘lguncha uni qo‘llab-quvvatlayman», degan.

Uning futbolchilik faoliyatini kuzatib borganlar uchun Ronaldinoning afsonaviylik martabasidan qamoqxona tomon asta-sekin qulab borganiga guvoh bo‘lish g‘oyat og‘ir kechgani aniq. U maydonda doimo xursandchilikni targ‘ib qilar edi, shu sababli ushbu ayanchli final voqeasini tomosha qilish esa yanada achinarli. Ammo ajablanarli emas. Shunday bo‘lishi mumkinligi haqida ba'zi ishoralar mavjud edi. Zotan, uning qalam bilan qilgan qarorlari to‘p bilan qilgan qarorlaridek oqilona bo‘lmadi.

Sosa-Sola kompaniyasi bilan tuzgan shartnomasi 2011 yilda bir matbuot anjumanida Pepsi ichganidan so‘ng bekor qilingan Ronaldino 2016 yilgi Paralimpiya o‘yinlariga elchi etib tayinlangandan so‘ng, Hindiston futzal ligasida atigi ikkita o‘yin o‘tkazdi.

«Uning bitta-yu bitta dardi bor. U ham bo‘lsa, futbol o‘ynash»

Uning so‘nggi yillarda qabul qilgan qarorlari vaziyatni yanada chigallashtirdi. 2018 yilda u va Assis atrof-muhit muhofazasi ostiga olingan hududda ruxsatsiz qurilish qilgani uchun 2,6 million dollar miqdorida jarimaga tortildi.

Biroq ular bu jarimani to‘lashdan bosh tortishadi. Shuning uchun rasmiylar 57ta mol-mulkni va aka-ukaning pasportlarini musodara qiladi. Faqat moliyaviy kelishuvga erishilgandan keyingina hujjatlar qaytarib beriladi. Keyingi yil esa Ronaldinoning sobiq unashtirilgan qizi uning boyliklaridan bir qismini qo‘lga kiritish uchun sudga berdi.

Mart oyida hibsga olinishidan bir oy oldin, 18K Ronaldino nomi bilan tanilgan moliyaviy piramida sxemasi uchun unga qarshi 50 million funt sterling miqdorida da'vo qo‘zg‘atildi. Futbolchining advokatlari bu ayblovlarni rad etishadi.

Keyin esa Paragvayda Assisning yonidan qalbaki pasport chiqqani uchun hibsga olingani haqidagi xabar keladi. 32 kun davomida poytaxt Asunson atrofidagi qattiq qo‘riqlanadigan qamoqxonada ushlab turilgan aka-uka 1,6 million dollar garov to‘ladi va hashamatli mehmonxonaga o‘tkazildi. Pul yuvish bilan bog‘liq tergov davomida ular uy qamog‘ida qolishdi.

Ronaldino Paragvayning ABC gazetasiga bergan intervyusida «Biz hujjatlar noqonuniy ekanligini bilgach, hayron bo‘ldik», dedi va kelajakdagi rejalari haqida «Men imkon qadar professional bo‘lishga va o‘z futbolim bilan odamlarni xursand qilishga harakat qildim. Umid qilamizki, bu vaziyatdan imkon qadar tezroq xalos bo‘lamiz», deb qo‘shimcha qildi.

Ronaldinoning qamoqdagi hayoti Paragvay futbol federatsiyasining sobiq prezidenti bilan suhbatlashish, soqchilar bilan selfiga tushish va giyohvand moddalar savdosida ayblangan sobiq politsiya xodimi bilan video-intervyu uyushtirishdan iborat.

Mahalliy nashrlarda qamoqxonada bo‘lib o‘tgan bir o‘yinda 11:2 hisobi qayd etilib, unda Ronaldino beshta gol urgani, oltita golli uzatma muallifi bo‘lgani va 16 kiloli cho‘chqasini qo‘lga kiritgani haqida yozishdi.

Qamoqxona kamerasi jakuzi va wi-fi bilan ta'minlangan shohona xona bilan almashtirilgach, uning hayoti yanada izolyatsiyalandi.

«Uning bitta-yu bitta dardi bor. U ham bo‘lsa, futbol o‘ynash. Biz unga futbol o‘ynashi uchun 15X30 metrli bir xonani ajratib berdik», dedi mehmonxona menejyeri Emilio Egros Agene France-Press’ga bergan intervyusida. Menejyerning qo‘shimcha qilishicha, Ronaldino hech qachon o‘z tabassumni yo‘qotmagan.

U butun futbolchilik faoliyatidagi bo‘shliqlarni topib, ularning orasidan o‘tgan holda o‘z faoliyatini yakunladi.

Mavzuga oid
Top