15:44 / 27.08.2020
10022

Tibbiy niqob taqilishi bo‘yicha talab bekor qilinmagan – Oqilov

Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a'zosi Habibulla Oqilov AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda aholidan kelib tushgan savollarga javob berdi.

Xususan, murojaatlardan birida fuqaro karantin choralari yumshatilgandan so‘ng shaharda tibbiy niqobsiz yurgan odamlar uchrayotganini aytib, niqob taqish ixtiyoriymi yoki bu talab bekor qilindimi, deb so‘ragan.

“Tibbiy niqob taqilishi bo‘yicha talab bekor qilinmagan. Aksincha tibbiy niqob taqish, ijtimoiy masofa saqlash va gigiyenik talablarga rioya qilish asosiy talablar bo‘lib qolmoqda. Epidemiologik osoyishtalik agentligi xodimlari, Ichki ishlar va Milliy gvardiya xodimlari bilan birgalikda tizimli ravishda reydlar o‘tkazishi ko‘zda tutilgan va talablarga rioya etmaslik uchun ma'muriy jazolar berilishi ham nazarda tutilgan”, - dedi Habibulla Oqilov.

Shuningdek, mamlakatimizda koronavirusga chalingan bemorlarga ishlatiladigan IVL apparatlari yetarlimi, deya so‘ralgan savolga ham javob qaytarildi.

“Albatta, yurtimizda ilk bor koronavirus qayd etilgan paytda davolash muassasalarida mingga yaqin IVL apparati mavjud bo‘lgan bo‘lsa, ayni paytga qadar yana 2000 dan ziyod IVL apparatlari keltirilgan. Hozirda koronavirusga chalinib, IVL apparatiga ehtiyoj sezgan og‘ir ahvoldagi bemorlarni davolash uchun apparatlarning soni yetarli.

Shu o‘rinda aytish kerakki, IVL apparatlari tegishli ko‘rsatmalarda keltirilgan boshqa turdagi kasalliklarda ham qo‘llaniladi.

Pandemiyagacha respublikamizda mavjud bo‘lgan IVL apparatlarining barchasi import sifatida xorijdan xarid qilingan bo‘lsa, hozirgi paytda O‘zbekistonda yangi zavod qurib bitirish arafasida va yilning oxirigacha «Xirana» rusumli IVL apparatlari O‘zbekistonda ishlab chiqarilishi boshlanadi.

Bu apparatlar nafaqat O‘zbekistonda, balki qo‘shni davlatlarga ham sotilishi rejalashtirilgan”, - dedi shtab a'zosi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top