15:30 / 27.08.2020
15763

«Xususiy universitet ochishni rag‘batlantirish uchun alohida qonun kerak» - matematik Erkinjon Karimov

Fizika-matematika fanlari doktori Erkinjon Karimov Kun.uz'ga taqdim etgan maqolasida minglab o‘zbek yoshlari qo‘shni davlatlar OTMlarida o‘qiyotgani, vaholanki O‘zbekiston xususiy universitetlar uchun jozibali bozor ekani haqida so‘z yuritadi. «Buning uchun barchaga barobar qonuniy asos yaratishning o‘zi kifoya», deydi u.

Bu yil 1,5 millionga yaqin abituriyent oliy ta'lim olish uchun xujjat topshirdi. Qabul qilinadigani – taxminan 150 ming. Bundan tashqari, kunda-kunora reklamalarga ko‘zimiz tushmoqda: Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikistondagi OTMlar ham o‘zbek yoshlarini «ovlashga» tushib ketdi.

Xabaringiz bor, joriy yil avvalida qo‘shni davlatlarda o‘qiyotganlarni qaytarish bo‘yicha (shoshilinch qilingan bo‘lsa-da) yaxshi qaror qabul qilindi. Ijroni yaxshi eplolmadik, nazarimda. Undanam achinarlisi, yurtdoshlarga bir yolg‘on umid berib qo‘ydik. «Bu yil qo‘shni davlatda o‘qib tursak, keyingi yili o‘zimizga ko‘chirib olamiz», deb imtihonsiz qabul qilayotgan turli qo‘shni davlatlar universitetlariga o‘qishga kirayotgan yurtdoshlarimiz soni kundan kunga ko‘paymoqda.

Har bir talaba bo‘lish orzusidagi yurtdoshimiz 1000 dollardan to‘lov qilsa ham, 100 ming odam qo‘shni davlatda o‘qigan taqdirda 100 mln dollarni shundoq qo‘shni davlatlarga chiqarib beryapmiz. Imtihonsiz qabulni reklama qilaëtgan OTMlarda ta'lim sifati yuqori bo‘lsa ham mayli edi.

Men hozir o‘qishga kira olmaganlarning 1/10 qismi haqida gapirdim, xolos. Raqam 5 barobar ëki undanam ham ko‘p bo‘lishi mumkin. Shunda faqat o‘qish to‘lovi uchungina yarim milliard dollarni «sovg‘a» qilayotgan bo‘lamizmi?

Vaholanki, bu yil aksariyat universitetlar onlayn ta'lim bermoqchi. Hali yurtdoshlarimiz u universitetlarga borib o‘qishni boshlasa, qancha mablag‘lar chetga oqib ketishini tasavvur qilavering. Ming azob bilan topilgan bu pullar oliy ta'limni tashkil qilishni eplolmaganimiz sababli yana chetga chiqib ketaverishi ustida, albatta, mas'ullar bosh qotirishi shart.

Xo‘sh, nima qilishimiz kerak?

Avvalo, xususiy OTMlar ochilishi va faoliyat yuritishi uchun yagona qonun yaratilishi shart. Turli qonunosti hujjatlari orqali bir to‘da shaxslar tomonidan bu jaraën manipulyatsiya qilinishiga yo‘l qo‘yilmasligi lozim. Har bir xususiy universitet uchun Vazirlar Mahkamasi qarori chiqarilib, shubhali tarzda yerlar, binolar berilishi to‘xtatilishi zarur.

Biz ayni paytda xususiy OTMlar uchun juda ham jozibador bozormiz. Barcha uchun barobar ishlaydigan qonuniy asos yaratishning o‘zi kifoya.

Hukumatdagi ayrimlar esa bizni boshqa narsaga ishontirmoqchi: go‘yoki maxsus imtiyozlarsiz bu yo‘nalishda investitsiyalarni O‘zbekistonga jalb qilib bo‘lmasmish. Ertakchilik davri tugadi. Turli sun'iy to‘siqlar yaratib, buning ortidan mo‘may daromad ko‘rishlar nafaqat ta'lim, balki boshqa ko‘plab sohalarda ham udumga kirgan. Bunga toqatsiz bo‘lishimiz kerak, aslida.

Shuningdek, davlat universitetlari ko‘proq sondagi talabalarni o‘qitish borasida moddiy bazalari, o‘qituvchilar sonini oshirishga mablag‘ yo‘naltirishi, rag‘batlantirilishi kerak.

Bu o‘quv yili onlayn tarzida bo‘lishi rejalashtirilaëtgan ekan, nega ko‘proq talabalarni o‘qita olmaymiz? O‘qituvchilar kam bo‘lsa, ishga olaylik. Kerak bo‘lsa, qo‘shni mamlakatlardagi kadrlardan foydalanaylik. Buning uchun avvalo nima kerak? Albatta, istak-xohish va OTMlarga beriladigan erkinlik.

Lekin OTMlarimiz buni eplay olarmikan, ta'lim sifati tushib ketishi, korrupsiya holatlari ko‘payishi ehtimoli qanday, degan o‘rinli savollar paydo bo‘ladi. Bunday holatlarning oldini olish mumkinmi? Albatta, mumkin. Buning uchun bizda ta'lim nazorati inspeksiyasi bor, korrupsiyaga qarshi kurashuvchi bir nechta tashkilotlarimiz bor.

OTMlarni markazlashgan tarzda boshqaraman, deb zamonga moslashishni qiyinlashtiraëtgan Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining vakolatlarini kamaytirish kerak. OTMlarimizga vijdonli rahbarlar kelishini ta'minlash uchun rahbarlar tayinlash tizimini shaffof qilaylik. OTMlar xarajatlari shaffof bo‘lsin. Nafaqat vijdonli, balki OTMlarni rivojlantirish borasida aniq tasavvurlarga egalarni rahbarlikka qo‘yaylik. Bundaylar oramizda bor, faqat ularga hozirgi mavjud kadrlar saralash tizimi prizmasidan emas, tubdan yangi kadrlar tizimi yaratib qidirish kerak.

Asosiy maqsaddan chalg‘imaylik-da, tez fursatda qo‘shimcha o‘rinlar yaratish, ta'limni onlayn tashkil qilishga ko‘proq resurslar jalb etish, qog‘ozbozlikka chalg‘imasdan OTMlarga qo‘shimcha kadrlar jalb etish ustida ishlaylik. Yaqinda boshlanuvchi imtihonlar va ularning natijasini kutib, katta o‘lja ilinjida turgan imtihonsiz qabul bilan o‘ziga jalb qilaëtgan turli universitetlar changaliga yoshlarimizni tashlab qo‘ymaylik.

Qayerda, qanday ta'lim olish, albatta, insonning o‘z istagi, ularni majburlash fikridan yiroqman. Lekin ularga o‘z yurtida sifatli ta'lim olish imkoniyatini ham yaratib qo‘yilsa, ayni muddao bo‘lardi.

Umid qilamanki, imkon borida bu yo‘nalishda ijobiy natija uchun harakat boshlanadi.

Erkinjon Karimov,
fizika-matematika fanlari doktor

Top