08:39 / 28.08.2020
24628

Bosh prokuratura tizimida ixtisoslashtirilgan prokuratura tashkil etilmoqda

Prezident “Bo‘stonliq tumanida boshqaruvning alohida tartibini joriy etish orqali turizmni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Hujjat matni O‘zA tomonidan e'lon qilindi.

Toshkent viloyati tabiatini muhofaza qilish, yer va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, hududning ekologik holatini yanada yaxshilash hamda ekoturizmni rivojlantirishga oid qonun hujjatlari ijrosi ustidan samarali nazoratni tashkil etish hamda yer maydonlarining o‘zboshimchalik bilan egallab olinishi hamda noqonuniy obektlar qurilishining oldini olish maqsadida:

davlat organlarining shtat birliklarini maqbullashtirish hisobiga 10 ta shtat birligini ajratish orqali Bosh prokuratura tizimida Tabiatni muhofaza qilishga oid qonunchilik ijrosi ustidan nazorat hamda yerlardan noqonuniy foydalanishni bartaraf etish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan prokuratura tashkil etilmoqda;

Tabiatni muhofaza qilishga oid qonunchilik ijrosi ustidan nazorat hamda yerlardan noqonuniy foydalanishni bartaraf etish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan prokuratura tuman hududida joylashtiriladi.

Belgilanishicha, davlat boshqaruvi organlarining tuman bo‘linmalariga qo‘shimcha ajratilayotgan boshqaruv xodimlari, shuningdek, yangi tashkil qilinayotgan davlat organlari va tashkilotlari boshqaruvi xodimlari soni tegishlicha Toshkent viloyati bo‘yicha hokimiyat, qurilish, adliya, yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish idoralari hududiy bo‘linmalarining tegishli shtat birligini maqbullashtirish hisobidan to‘ldiriladi.

Adliya vazirligi tuman hokimligi bilan birgalikda uch oy muddatda konsultantlarni jalb qilgan holda davlat boshqaruvi organlari vakolatlarining funksional tahlili asosida ma'muriy-boshqaruv jarayonlarni qayta ko‘rib chiqish va davlat xizmatlarini ko‘rsatish ishlarining samaradorligini oshirishni nazarda tutuvchi tumandagi boshqaruv tizimini tubdan takomillashtirish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritadi.

Tuman hududida atrof-muhitni ifloslantiradigan zararli sanoat korxonalarini barpo etish qat'iyan man etildi.

Top