10:46 / 28.08.2020
4922

Koronavirusga qarshi kurashga yo‘naltirilgan pul mablag‘lari sarfi bo‘yicha tekshiruv hamda protsessual harakatlar nazoratga olindi - agentlik

Andijon, Namangan, Navoiy, Qashqadaryo viloyatlari va boshqa hududlarda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi mansabdor shaxslari tomonidan katta miqdordagi pul mablag‘lari noqonuniy o‘zlashtirilgan.

Koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish va uni oldini olishga yo‘naltirilgan pul mablag‘larining sarflanishi bo‘yicha tekshiruv hamda protsessual harakatlar nazoratga olindi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xabar berdi.

Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamenti tomonidan O‘zbekiston “Mehr-shafqat va salomatlik” jamoat jamg‘armasi faoliyati yuzasidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvning dastlabki natijalari haqida axborot berildi.

Unga ko‘ra, mas'ullar o‘zaro oldindan til biriktirib, dori vositalari va tibbiyot uskunalarini qimmat narxlarda sotib olib, jamg‘armaning 2,8 mlrd so‘m mablag‘larini talon-toroj qilgani aniqlangan. Jinoyat ishi bo‘yicha to‘laqonli taftish tayinlangan. Aybdorlarning tegishli javobgarlikka tortilishi, yetkazilgan zararni qoplash choralari ko‘rilishi ta'minlanadi. 

Pandemiya munosabati bilan ajratilgan pul mablag‘larini noqonuniy o‘zlashtirish holatlari bundan avval ham aniqlangan. Jumladan, Andijon, Namangan, Navoiy, Qashqadaryo viloyatlari va boshqa hududlarda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi mansabdor shaxslari tomonidan katta miqdordagi pul mablag‘lari noqonuniy o‘zlashtirilgan.

“Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga fuqarolardan ushbu masala yuzasidan tegishli choralar ko‘rish bo‘yicha ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda. Tabiiyki, ayrim mansabdorlar tomonidan bunday xatti-harakatlarning, ayniqsa, pandemiya munosabati bilan yuzaga kelgan murakkab davrda amalga oshirilishi aholining keskin e'tirozi va noroziligiga sabab bo‘lmoqda. 

Shu munosabat bilan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 29 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-6013-son Farmonning 2-bandi talablari doirasida Agentlik keng qamrovli o‘rganishlar boshlanganligini ma'lum qiladi.

Qayd qilingan farmonning 3-bandiga asosan, korrupsiyaga oid, birinchi navbatda, O‘zbekiston Respublikasining milliy manfaatlariga va xalqaro imijiga zarar yetkazuvchi jinoyatlarni tergov qilish natijalarini tahlil qilish Agentlikning bevosita vazifasi hisoblanadi”, - deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, tahlil natijalari jamoatchilik e'tiboriga yetkaziladi.

Top