14:34 / 29.08.2020
5815

Oqoltin tumanida 630dan ortiq oila “Temir daftar”dan chiqarildi

Oltinchi chaqiriq Xalq deputatlari Oqoltin tumani Kengashining 14-sessiyasida tuman sektor rahbarlari, Xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlari, tuman hokimi o‘rinbosarlari, OAV vakillari hamda tegishli tashkilot rahbarlari ishtirok etishdi.

Sessiya kun tartibida tuman hokimining aholining ehtiyojmand qatlamini qo‘llab-quvvatlash (“temir daftar”), tadbirkorlikni rivojlantirish, budjet daromadlarini oshirish va xorijda mehnat qilgan ishsiz fuqarolarni ishga joylashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risidagi hisobotlari tinglandi.

Kun.uz muxbiri xabariga ko‘ra, Oqoltin tumani hokimi D.Fazilovning axborotida quyidagi ma'lumotlar aytib o‘tildi:

Sektor rahbarlari “Kambag‘allikni qisqartirish” shtabi a'zolari, deputatlar, mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari, hokim o‘rinbosarlari bilan birgalikda 2 161 nafar a'zosi bo‘lgan 1242 ta kambag‘al, ehtiyojmand oilalarning ijtimoiy ahvoli va turmush sharoitini o‘rganib, “temir daftar”ga kiritilgan.

Shundan 493 ta oilaga Qurbon hayiti arafasida 370 mln. so‘m hamda aholi jon boshiga 220 ming so‘mdan bir martalik to‘lov bo‘yicha 1039 ta oilaning 3907 nafar a'zolariga 859,5 mln so‘m mablag‘lar tarqatib berilgan.

2020 yilning III choragida Oqoltin tumanida budjet mablag‘lari 800 millionni tashkil etib, shundan 500 million so‘mi “temir daftar”ga kiritilgan aholi uchun kuz-qish mavsumida zahira mablag‘lari sifatida ajratilgan;

O‘tgan davrda 1 229 nafar a'zosi bo‘lgan, 637 ta oilaning mehnatga layoqatli 650 nafar a'zosi bandligi va daromad manbai bilan ta'minlanganligi sababli  “Temir “daftar”dan chiqarildi;

Karantin tufayli inqiroz yoqasiga kelib qolgan 62 korxona faoliyati tiklandi;

2020 yilning o‘tgan 8 oyi mobaynida 2426 nafar ishsizlarni ish bilan ta'minlash maqsadida 1,3 milliard so‘m ajratilgan;

Tumanda istiqomat qiladigan 2262 nafar fuqaro ishlash uchun horijga chiqqan bo‘lsa, shundan 191 nafari O‘zbekistonga qaytgan va ulardan 21 nafari haq to‘lanadigan ishlarga jalb qilingan.

Bundan tashqari, Sardoba suv omboridan talofat ko‘rgan xonadonlarga 1 sotixdan yer ajratilib, tuman hokimligi tomonidan issiqxonalar qurib berilmoqda.

Tumanning “Ko‘rkam diyor” MFY hududida tez kunlarda yog‘ zavodi ishga tushiriladi va buning natijasida yana 65 nafar fuqarolar ish bilan ta'minlanadi.

Tumanda “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati doirasida og‘ir turmush sharoitidagi va ijtimoiy himoyaga muhtoj 1 585 ta oilaga 435 mln so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari berilgan. Saxovatpesha tadbirkorlar tomonidan mahallalardagi 452 ta oilaga kunlik ehtiyojlari uchun qariyb 50 mln. so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari yetkazilgan.

Sessiya davomida aholining ehtiyojmand qatlamini qo‘llab-quvvatlashda "temir daftar"ni to‘g‘ri yuritish va uning ahamiyati borasida deputatlar tomonidan takliflar muhokama qilindi. 

Top