15:37 / 29.08.2020
15073

«O‘zbekneftgaz» Muborak gazni qayta ishlash zavodida yangi propan-butan ajratib olish qurilmasini ishga tushirdi

«O‘zbekneftgaz» tomonidan Muborak gazni qayta ishlash zavodida propan-butan ajratib olish qurilmasining 1-, 2-, 3-tarmog‘i modernizatsiya qilindi, 4-tarmog‘i yangitdan qurilib, ishga tushirildi. Endilikda ushbu qurilma propan-butan aralashmasini qayta ishlab, yiliga ko‘shimcha 62 ming tonna suyultirilgan gaz va 22,5 ming tonna gaz kondensatini ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘ldi.

O‘zbekiston iqtisodiyotida muhim o‘ringa ega bo‘lgan neft-gaz tarmog‘ida bugun soha faoliyatini zamon talabi darajasida tashkil etish uchun bir qator investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.

«Aholini suyultirilgan gaz bilan ta’minlash, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmlarini yanada ko‘paytirish maqsadida 2017-2020 yillarda amalga oshirishga mo‘ljallangan Muborak gazni qayta ishlash zavodida propan-butan aralashmasini olish qurilmasining 1-, 2-, 3- tarmoqlarini modernizatsiya qilish, 4-tarmoqni qurish» investitsiya loyihasi shular jumlasidandir.

28 avgust kuni Muborak gazni qayta ishlash zavodida ana shu loyihani ishga tushirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Marosimda O‘zbekiston Respublikasi energetika vaziri Alisher Sultonov, Qashqadaryo viloyati hokimi Zoir Mirzayev, «O‘zbekneftgaz» AJ boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayev, Muborak gazni qayta ishlash zavodi direktori Shermat Shamsiyev va tizimda faoliyat olib borayotgan bir qator xodimlar qatnashdi.

Energetika vaziri Alisher Sultonov marosimni ochib berar ekan, sohada mehnat qilayotgan xodimlarning zahmatli mehnatlarini e’tirof etdi va barchani yangi qurilmaning ishga tushirilgani bilan qutladi.

«O‘zbekneftgaz» AJ boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayev oxirgi yillarda mamlakat prezidenti va hukumati tomonidan neft-gaz sohasini rivojlantirishga katta e’tibor qaratilayotgani hamda bu o‘z navbatida sohada mehnat qilayotganlarga katta mas’uliyat yuklayotganini ta’kidlab o‘tdi.

– Bugun Muborak gazni qayta ishlash zavodida amalga oshirilgan modernizatsiya ishlarining yakunlanishini islohotlar ijrosi deyish mumkin. Biz hatto pandemiya davrida ham karantin qoidalariga to‘liq amal qilgan holda ishlashda davom etdik. Maqsadimiz, boshlagan ushbu ishni tezroq yakunlab xalqimiz oldida yuzimiz yorug‘ bo‘lishi edi. Bu loyihada bizga rossiyalik va ukrainalik mutaxassislar ham onlayn tarzda o‘z tavsiyalari bilan amaliy ko‘mak berdi. Modernizatsiya ishlarida mahalliy mutaxassislar mehnati beqiyos bo‘ldi. Bugungi murakkab pandemiya holati bizni mustaqil ishlashga o‘rgatdi. Mamlakatimizda pandemiya sharoitiga qaramay, ushbu vazifani o‘z vaqtida amalga oshirish maqsadida barcha kuchlar safarbar qilindi, hatto karantin paytida qurilish ishlari to‘xtatilmadi, – deya alohida ta’kidladi Mehriddin Abdullayev.

Mazkur loyihaning umumiy qiymati 75 million dollarni tashkil etadi. Ushbu loyihani ishga tushirish natijasida Muborak gazni qayta ishlash zavodi yiliga ko‘shimcha 62 ming tonna suyultirilgan gaz va 22,5 ming tonna gaz kondensatini ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘ldi. Shuningdek, ayni paytda 100 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Mazkur loyihada bajarilgan qurilish ishlari mahalliy «Neftegazmontaj» korxonasi tomonidan amalga oshirilib, texnologik uskunalar Germaniyaning «Linde», «Grosman», Ukrainaning «Sumsk», «Motor Sich», «Turbogaz» zavodlari, shuningdek maxalliy kompaniyalar – «O‘zbekximmash«, «Toshkent truba zavodi», «Uzpromarm» va boshqa korxonalar tomonidan yetkazib berildi.

Loyihaning ochilish marosimida uni amalga oshirishda faol xizmat ko‘rsatgan xodimlar munosib taqdirlandi. Jumladan, ikki nafar xodimga «Spark» avtomobili, yana qator xodimlarga muzlatkich va televizor kabi qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.

Ma’lumot uchun: Muborak gazni qayta ishlash zavodini qurish 1967 yilda boshlangan bo‘lib, 1971 yil 30 dekabr kuni zavodning rasmiy ochilish marosimi o‘tkazilgan. Dastlab zavodning tabiiy gazni qayta ishlash quvvati yiliga 5 milliard kub metr bo‘lgan. Keyinchalik, turli yillarda yangi quvvatlar foydalanishga topshirilishi natijasida zavodning yillik quvvati 29,5 milliard kub metr gazni qayta ishlash darajasiga yetkazilgan. Hozirda zavodda 3200 nafar ishchi-xodim faoliyat yuritmoqda.

«O‘zbekneftgaz» AJ Matbuot xizmati Ⓣ

Mavzuga oid
Top