20:00 / 29.08.2020
5383

Ucell va Vestminster universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi

28 avgust kuni «COSCOM» MChJ (Ucell savdo belgisi) Bosh direktori Vladimir Kravchenko va Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universiteti rektori Komiljon Karimov uchrashuvi natijasida ikki tomon o‘rtasida Hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi.

O‘zbekistonda so‘nggi yillarda iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash uchun muvozanatlashgan «ekotizimlar» yaratilishi, ayniqsa axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida yaqqol kuzatilmoqda.

Ucell kompaniyasi yosh kadrlarni qo‘llab-quvvatlashi va yurtimizning o‘quv muassasalariga moddiy ko‘mak ko‘rsatishi odat tusiga aylangan.

Har yili Ucell-Plaza’da AKT sohasiga ixtisoslashgan universitetlar, xususan, Vestminster Universiteti talabalari uchun Ochiq eshiklar kuni o‘tkaziladi. Vladimir Kravchenko o‘zi «Vest»ning bitiruvchisi sifatida talabalar bilan fikr almashish uchun bajonidil uchrashuvlar o‘tkazadi.

O‘z navbatida TXVU qoshidagi Karerani rivojlantirish markazi O‘zbekistonda faoliyat olib boradigan yirik xalqaro kompaniyalar bilan unumli hamkorlik olib boradi. Bugungi kunga qadar 400dan ortiq xususiy va davlat tashkilotlari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Bu universitetga bitiruvchilarni juda qisqa vaqt ichida ishga joylash imkoniyatini yaratadi.

− Atrofimizdagi hayot keskin o‘zgarib bormoqda. Ushbu jadal ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanishni eng ilg‘or texnologiyalarni joriy qilmasdan amalga oshirishning iloji yo‘q, - deb ta'kidladi «COSCOM» MChJ Bosh direktori Vladimir Kravchenko. − Biz Ucell kompaniyasida zamonaviy yuqori sifatli aloqani ta'minlashning muhimligi va mas'uliyatini tushunamiz. Va biz yosh mutaxassislarni rivojlantirish uchun asos yaratishni ustuvor vazifalardan biri deb bilamiz. Kompaniya o‘z kelajagini telekommunikatsiya sohasida ko‘radiganlarga ham professional, ham moliyaviy ko‘mak ko‘rsatishga tayyor. Vestminster universiteti bilan bugungi memorandum buni tasdiqlaydi. Fursatdan foydalanib, barchani yaqinlashib kelayotgan bayram − Mustaqillik kuni bilan tabriklayman va Ucell kompaniyasining ko‘p millatli jamoasi nomidan sizga va yaqinlaringizga sog‘liq, oilangizga farovonlik tilayman.

Xalqaro Vestminster universiteti rektori Komiljon Karimovning ma'lum qilishicha, Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universiteti O‘zbekiston oliy ta'lim tizimidagi yetakchi universitetlardan biri sifatida iqtisodiyot va moliya, biznesni boshqarish, axborot texnologiyalari va tijorat huquqi sohasida yuqori malakali kadrlarni tayyorlamoqda. Universitet tashkil topgan yillaridan boshlab jamoat, xususiy va notijorat tashkilotlarida faoliyatning turli sohalarida o‘zini namoyon qilgan 2800dan ortiq mutaxassislarni tayyorladi. O‘tgan yili TXVU bitiruvchilarining 90% o‘qishni tugatgandan keyin uch oy ichida ish bilan ta'minlandi. Biz Ucell'ga samarali hamkorlik uchun o‘z minnatdorligimizni bildiramiz, buning natijasida TXVU talabalari O‘zbekiston Respublikasidagi eng yirik uyali aloqa operatorlaridan biri bo‘lgan Ucell’da amaliyot o‘tashi va ishlash imkoniga ega.

Memorandumning maqsadlariaxborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi yosh mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlash, universitet talabalari uchun malaka oshirish maqsadida taqdimotlar, mehmonlar uchun ma'ruzalar va boshqa tadbirlarni tashkil etish.

Shu bilan birga hujjatda talabalarni amaliyotga jalb qilish, talabalarning amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma tadbirlarni o‘tkazish, telekommunikatsiya sohasida ishlashga tayyorgarlik ko‘rish ham ko‘zda tutilgan.

Reklama huquqi asosida

Mavzuga oid
Top