08:41 / 29.08.2020
3814

Xotin-qizlar jamoatchilik kengashlarining huquqiy maqomi belgilandi

Vazirlar Mahkamasining 14.08.2020 yildagi «Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida hamda tuman (shahar)larda xotin-qizlar jamoatchilik kengashlarini tashkil etish to‘g‘risida»gi 486-son qarori qabul qilindi.

Prezidentning 18.02.2020 yildagi «Jamiyatda ijtimoiy-ma'naviy muhitni sog‘lomlashtirish, mahalla institutini yanada qo‘llab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-5938-son Farmoniga muvofiq:

  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida hamda tuman (shahar)larda xotin-qizlar jamoatchilik kengashlari (keyingi o‘rinlarda – xotin-qizlar kengashlari) tashkil etilgan;
  • Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining hududiy bo‘linmalari boshliqlarining birinchi o‘rinbosarlari xotin-qizlar kengashlari raislari etib belgilangan.

Norma’ning yozishicha, qaror bilan Xotin-qizlar jamoatchilik kengashlari to‘g‘risidagi namunaviy nizom tasdiqlandi, unda quyidagilar belgilangan:

  • xotin-qizlar kengashlarining huquqiy maqomi, asosiy vazifalari, funksiyalari, huquq va majburiyatlari;
  • xotin-qizlar kengashlarining tarkibini shakllantirish va ishini tashkil etish tartibi, shuningdek ular tomonidan qabul qilingan qarorlarning mohiyati;
  • xotin-qizlar kengashlarining davlat organlari va xo‘jalik birlashmalaridagi xotin-qizlar masalalari bo‘yicha boshlang‘ich tashkilotlari bilan o‘zaro hamkorligini tashkil etish.

Hujjatda xotin-qizlar kengashlarining asosiy vazifalari belgilangan.

Xotin-qizlar jamoatchilik kengashlari o‘z ishini jamoatchilik asosida olib boradigan, doimiy faoliyat yurituvchi maslahat-kengash organi hisoblanadi. Xotin-qizlar kengashlarida ishlash uchun davlat va jamoat tashkilotlarining vakillari jalb etiladi.
 
Xotin-qizlar kengashlarining faol va tashabbuskor a'zolari mahalliy budjetlarning qo‘shimcha manbalari va Vazirlik huzuridagi «Obod va xavfsiz mahalla» jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan rag‘batlantiriladi.

Vazirlik hududiy bo‘linmalari boshliqlarining birinchi o‘rinbosarlari xotin-qizlar kengashlari faoliyatini samarali tashkil etishga shaxsan javobgar hisoblanadi.

Vazirlikning hududiy bo‘linmalariga 2020 yil 30 avgustga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hamda tuman (shahar)lar hokimliklari bilan birgalikda quyidagilarni amalga oshirish vazifasi topshirildi:

  • Namunaviy nizom asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hamda tuman (shahar)lardagi xotin-qizlar jamoatchilik kengashlari to‘g‘risidagi nizomlarni hamda ular zimmasiga yuklatilgan vazifalardan kelib chiqib, ularning ish rejalarini tasdiqlash;
  • davlat organlari va jamoat tashkilotlari, OAV va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarida namunali faoliyat olib borayotgan xotin-qizlardan, fuqarolar yig‘inlari raislarining oila, xotin-qizlar va ijtimoiy-ma'naviy masalalar bo‘yicha o‘rinbosarlari hamda oila va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha mutaxassislaridan iborat xotin-qizlar jamoatchilik kengashlari tarkibini shakllantirish.

Hujjat 14.08.2020 yildan kuchga kirgan.

Top