08:56 / 01.09.2020
4663

Amazon AQShda tovarlarni dronlarda yetkazishga ruxsat oldi

Foto: Brendan McDermid / Reuters

Dunyodagi eng yirik onlayn-riteyler Amazon AQShda jo‘natmalarni uchuvchisiz parvoz qurilmalarida yetkazishga ruxsat oldi. Bu haqda CNN xabar berdi.

Kompaniyaga shu maqsadda aviatashuvchi maqomi berildi. Unga Part 135 aviatashuvchi sertifikatini Fuqarolik aviatsiyasi federal boshqarmasi (FFA) bergan. Bu sertifikat tovarlarni yetkazishda dronlardan foydalana olish uchun kerak hisoblanadi.

Amazon’da ta'kidlanishicha, kompaniya sertifikatni olish uchun dronlar xavfsizligi va samaradorligi bo‘yicha 500dan ko‘proq sinov o‘tkazgan. 

Kompaniya tovarlarni yetkazishning yangi usulini sinashda o‘ziga berilgan yangi maqomdan yaqin orada foydalanishni boshlaydi. Sinovlar o‘tkaziladigan joy va sana ma'lum qilinmagan. Kompaniyaning ta'kidlashicha, unda butun dunyo bo‘ylab dronlarni sinash markazlari mavjud hamda dronlar sinovlar doirasida bir necha ming soatlik parvozlar amalga oshirgan.

Kompaniya tovarlarni dronlarda yetkazishni ko‘zda tutuvchi Amazon Prime Air loyihasi haqida 2013 yilda e'lon qilgan. Kompaniya bu maqsadda dronlar uchun 60 metrdan 122 metrgacha balandlikda alohida havo yo‘laklari ajratilishini taklif qilgan. Dronlarda yetkazish tizimi kompyuter tizimlari yordamida boshqariladi.

Top