10:48 / 01.09.2020
15282

Kun.uz O‘zbekiston xalqini Mustaqillik bayrami bilan tabriklaydi

Kun.uz jamoasi xalqimizni eng aziz bayram – Mustaqillik kuni bilan qutlaydi.

Bugun Vatanimiz ozodlikka erishganiga, o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini qo‘lga kiritganiga 29 yil to‘ldi.

Har qanday millat va xalq uchun eng muqaddas qadriyat, bu shubhasiz, hurriyatdir. Erkinlikning qanchalar oliy ne'mat ekanini his etish uchun bir on xayolan bo‘lsa-da erksizlikni, qaramlikni, mutelikni tuyib ko‘rish kifoya...

Ming shukrki, bundan 29 yil oldin xalqimiz uzoq yillar orziqib kutgan mustaqilligini, suverenitetini tantanavor e'lon qilib, o‘z taraqqiyotining yangi bosqichiga qadam qo‘ydi.

Vatanimiz o‘tgan yillar davomida mustaqilligini har tomonlama mustahkamlab bordi, zamonaviy armiya va xavfsizlik tuzilmalari shakllantirildi, xalqaro maydonda ham o‘z o‘rniga, o‘z so‘ziga ega bo‘la oldi.

Eng muhim o‘zgarish esa xalqimiz ongida ro‘y berdi: yillar davomida singdirilgan mustabid tuzumning soxta g‘oyalariga bo‘lgan ishonch yemirildi, xalqimiz dunyoqarashida mustaqillik tuyg‘usi, erk hissi chuqur ildiz otdi, butun boshli yangi avlod – istiqlol farzandlari yetishib chiqdi.

Kun.uz tahririyati bugungi eng ulug‘ bayram bilan eng avvalo istiqlolni oliy qadriyat deb biluvchi, xalqimiz kelajagiga befarq bo‘lmagan barcha yurtdoshlarimizni samimiy muborakbod etadi.

Ilohim, tinchlik-omonlik, fayz-u baraka O‘zbekistonimizni hech ham tark etmasin!

Erishayotgan yutuqlarimiz bardavom, turmushimiz farovon, Mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin!

Mavzuga oid
Top