13:40 / 03.09.2020
18653

Onlayn ta'lim oluvchilarga darslik berilmaydimi? XTV vaziyatga oydinlik kiritdi

Maktablar faoliyati yo‘lga qo‘yilgach, onlayn tahsil oluvchi o‘quvchilar ham, an'anaviy usulda maktabga qatnovchilar ham darslik bilan ta'minlanadi.

Bu haqida Xalq ta'limi vazirligi matbuot kotibi Laylo Rustamova ishtirokidagi brifingda ma'lum qilindi.

“Har ikki shaklda tahsil oluvchi o‘quvchilar doimgidek darsliklar bilan bir xilda ta'minlanadi”, dedi u 3 sentyabrdagi brifingda.

Vazirlik rasmiysi o‘quvchining onlayn ta'limni tanlash jarayoni haqida tushuntirish berdi.

“Ota-ona farzandini masofaviy ta'lim shaklida o‘qitish qarori haqida o‘qituvchisini ogohlantirib qo‘yishi kifoya. Buning uchun ota-onadan hech qanday yozma hujjat talab etilmaydi.

Shuningdek, an'anaviy ta'lim olayotgan o‘quvchini onlayn ta'limga yoki aksincha onlayn o‘qiyotgan o‘quvchini an'anaviy ta'limga o‘tkazish uchun ham faqatgina o‘qituvchini ogohlantirish kerak bo‘ladi”, deya Rustamovaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri

Shu bilan birga, matbuot kotibi o‘quvchining maktabga kiyib boradigan libosi maktabning ichki tartib va odob-axloq qoidalariga to‘liq rioya etishi kerakligini, maktabga sport libosida kelishiga yo‘l qo‘yilmasligini eslatib o‘tdi.

Top