14:04 / 03.09.2020
25276

Romitan tumanida innovatsion turizm klasteri ochildi - fotojamlanma

Buxoro viloyatining Romitan tumanida yangi turistik zonaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Qurilishi 2018 yilda boshlangan va 10 gektar maydonni egallagan BUKHARA DESERT Oasis&SPA dam olish maskani qadimiy Bo‘rontepa tepaligi yaqinida barpo etilgan.

Qadimiy Buyuk ipak yo‘li yoqasida joylashgan bu joylarning Bo‘rontepa deb atalishiga sabab — qadimdan bu yerlarda qum bo‘ronlari bo‘lib turadi. Biz borganimizda ham osmonga o‘rlagan 3-4ta chang-to‘zon uyuriga ko‘zimiz tushdi.

Shu yerdan qarasangiz, hozir vayronaga aylangan qadimiy Varaxsha tepaligi ham ko‘rinib turadi.

Cho‘l barxanlari o‘rtasida ekoturizm qoidalariga mos tarzda barpo etilgan maskanga yetib borib, avtoturargohda mashinangizni qoldirib, majmuagacha qariyb 2 km yo‘lni elektrokarlarda bosib o‘tasiz.

Yaqinlashgan saringiz o‘ziga rom etuvchi, o‘ziga xos uslubda, qadimiy Buxoroning tarixiy davrlariga monand qurilgan mo‘'jaz maskan sizni hayratlantirmasdan qolmaydi.

Masalan, Varaxsha terrasasi 2 ming yil oldingi tarixdan so‘zlaydi. Undagi bezaklarda va devorlarga tushirilgan naqshlar va suratlarda ham o‘sha qadimiy davrlar mujassam.

Majmuani aylanar ekansiz, o‘rta asrlarga xos tarix ham ko‘z o‘ngizda gavdalanadi. Arab fathi deysizmi, somoniylar davri, mo‘g‘ullar bosqini, shayboniylar deysizmi — har bir davrdan so‘zlovchi nimanidir topasiz.

Boz ustiga, majmuada xizmat qilayotgan yigitlar ham qadimiy sarbozlar ko‘rinishida sizni qarshi olishadi.

Karvonsaroy majmuasi, qadimiy o‘tovlar zamonaviy mehmonxonalar ko‘rinishida namoyon bo‘ladi. Majmuada sardoba (suv to‘planadigan joy) ham qurilgan. Uning ham Buxoro va Buyuk ipak yo‘li tarixida o‘z munosib o‘rni bor.

Turistik majmuada eng so‘nggi tarixiy davr – Buxoro amirligi chog‘laridan ham hikoya qiladi. Buxoro amiri Sayid Abdulahadxonning Rossiya imperatori Nikolay II'ga sovg‘a qilgan ov chodiri nusxasi aynan tiklangan. Uning naqshinkor bezaklari ko‘zni qamashtiradi. Ayni paytda, chodirning asl nusxasi Sankt-Peterburg shahrida saqlanmoqda.

Ochilish marosimida Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Ulug‘bek A'zamov va boshqalar ishtirok etdi.

«Albatta, go‘zal tabiat, qulay iqlim va yilning barcha faslida maroqli hordiq chiqarish imkoniyati bo‘lgan, sahro mo‘jizasi deb ayta oladigan «BUKHARA DESERT Oasis & SPA» innovatsion turizm klasteri turizm sohasining rivojiga ulkan hisssa qo‘shadi.

Buxorolik tadbirkorlarimizning birinchilardan bo‘lib sayyohlarni jalb etadigan yirik va zamonaviy loyihani ishga tushirish tashabbuslari quvonarli hol va barcha hudularimiz uchun namuna bo‘la oladi.

Bu kabi innovatsion turizm klasteri bo‘lgan dam olish maskanlariga xorijiy sayyohlar hamda mamlakatimizning barcha hududlaridan yurtdoshlarimiz kelib hordiq chiqarishi albatta turizm sohasining istiqbolidir», — dedi U.A'zamov.

Ramziy tasma kesilgach, mehmonlar ichkariga chorlandi.

Tashrifchilarga shou dasturi qo‘yib berildi: sahnaga Buxoro amiri «Sayid Abdulahadxon» taklif etildi, «turli davlatlardan kelgan» san'atkorlar o‘zlarining iqtidorlarini namoyish etib berishdi.

Majmuaga qo‘shimcha 30 gektar maydonda agro-eko bog‘lar va issiqxonalar barpo etilgan. Plyaj zonasi, 80 o‘ringa mo‘ljallangan o‘tovlar, milliy va Yevropa taomlari restoranlari, tibbiyot burchagi, sog‘lomlashtirish maskani, sport o‘yingohi, ot sporti maydoni, avtoturargoh, kvadrasikllar, ot va tuyalarda sayohat, elektromobil, yo‘l tanlamas transportlari kabi turli qo‘shimcha xizmatlarni ham o‘z ichiga oladi.

Majmuaga tashrif buyuruvchilar uchun ochiq tabiat qo‘ynida ajoyib teatrlashtirilgan tomoshalar va ko‘ngilochar shou dasturlari namoyish etiladi.

Shuhrat Shokirjonov,
Kun.uz muxbiri.

Top