11:07 / 05.09.2020
18216

Turkiyaga parvoz, epidemik vaziyat, mamlakatda bo‘lish qoidalari: muhim savollarga javoblar

Uzbekistan Airways qator yo‘nalishlar bo‘yicha parvozlar muntazam ravishda qayta tiklanishini ma'lum qilgan va 5ta yo‘nalish bo‘yicha xalqaro qatnovlar tiklayotgani haqida xabar berilgandi.

Aviakompaniya xabarida koronavirus epidemiyasi sharoitida O‘zbekistonga parvozlarni rejalashtirayotgan yo‘lovchilarga qo‘yiladigan talablar alohida bayon etilgan.

 Shuningdek, mamlakatimiz hududidan Dubay, Frankfurt, Olmaota, Bishkek va Istanbul shaharlariga parvozni rejalashtirgan fuqarolar bu shaharlardagi sanitar talablarni mustaqil ravishda aniqlashtirishi hamda aviachipta sotib olishdan oldin mazkur mamlakatlarga kirish huquqini beradigan tegishli asoslar mavjudligiga ishonch hosil qilishi kerakligi ta'kidlangan.

 Kun.uz tahririyatiga ayni mavzu-masala bo‘yicha rasmiy ma'lumot berilishini so‘rab, ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda. Shu bois quyida parvozlar qayta tiklangan shaharlardan biri – Istanbul (Turkiya) bilan bog‘liq ba'zi savollarga rasmiy manba-ma'lumotlar asosida javob beriladi.

Parvozlar qachondan amalga oshiriladi?

Uzbekistan Airways’ning ma'lum qilishicha, Toshkent-Istanbul-Toshkent yo‘nalishidagi parvozlar 4, 7, 11, 14, 16, 18, 21, 23, 24, 25, 28 va 30 sentabr kunlari amalga oshiriladi.

 Turkiyadagi ommaviy axborot vositalarida ham Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasida Covid-19 epidemiyasi sabab vaqtincha to‘xtatilgan parvozlar 2 sentabrdan qayta tiklanishi haqidagi xabarlar e'lon qilindi.

 Unda aytilishicha, ikki mamlakat o‘rtasida 24 avgust kuni bo‘lib o‘tgan muzokaralar chog‘ida Turkiyaning transport va infratuzilma vazirligi va O‘zbekiston transport vazirligi rasmiylari 2 sentyabrdan boshlab parvozlar qaytadan tiklanishi haqida o‘zaro kelishib olishgan.

 Ushbu muzokaralarda Covid-19 epidemiyasi doirasida mamlakatlar tomonidan ko‘rilgan chora-tadbirlar baholangan. Jumladan, aeroportlar va aviakompaniyalar tomonidan amal qilinishi kerak bo‘lgan qoidalar to‘g‘risida Turkiya Transport va infratuzilma vazirligi tomonidan nashr etilgan qonunchilik to‘g‘risida o‘zbekistonlik mas'ullar xabardor qilingan. 

 Turkiyada epidemiologik vaziyat qanday?

So‘nggi paytlarda Turkiyada koronavirus bilan bog‘liq vaziyat og‘irlashib bormoqda. Ayni paytda ushbu mamlakatda virusga chalinganlarning umumiy soni 276 yarim mingdan, vafot etganlarning soni esa 6,5 mingdan oshib ketdi.

 Turkiya sog‘liqni saqlash vazirligining bildirishicha, 4 sentabr kuni mamlakatda koronavirus bilan bog‘liq 1 ming 612ta yangi holat qayd etilgan, 53 kishi vafot etgan.

 Sog‘liqni saqlash vaziri Faxrettin Kojaning aytishicha, mamlakatdagi vaziyat nazorat ostida. Istanbulda, Tarakiyada va Egey mintaqasida jiddiy o‘sish yo‘q. Ammo Markaziy Onado‘li va Janubi-Sharqiy Onado‘lida o‘sish kuzatilmoqda. Anqara so‘nggi paytlarda eng yuqori o‘sish kuzatilgan viloyatlardan biri. Mardin, Gaziantep, Shonliurfa va Batman kabi ba'zi viloyatlarda bemorlar soni tez ortib borayotgani tufayli kasalxonalar yetishmovchiligi yuzaga kelmoqda. 

 Koronavirus bilan bog‘liq qanday qoidalar amalda?

Turkiyada koronavirus bilan bog‘liq chora-tadbirlar yumshatilgan bo‘lsa-da, 3 qoida hamon amalda.

Bular:

  • niqob taqish;
  • ijtimoiy masofa saqlash;
  • gigiyena qoidalariga rioya qilish.

Xususan, aeroport hududida yo‘lovchilarning tana harorati o‘lchanadi. Shuningdek, niqob taqish, ishoralar bilan belgilab qo‘yilgan 1,5 metrlik ijtimoiy masofa qoidalariga rioya qilishlari shart.

 Niqob taqmaganlarga qanday jazo beriladi?

Turkiyada koronavirusga qarshi kurash doirasidagi chora-tadbirlar ko‘ra, niqobdan foydalanish qoidalariga rioya qilmaganlar (niqob taqmagan yoki niqobni to‘g‘ri, ya'ni og‘iz va burunni yopadigan shaklda taqmaganlar) umumiy gigiyena to‘g‘risidagi qonunning 282-moddasiga binoan, 900 lira (taxminan 120 AQSh dollari – tahr.) miqdorida ma'muriy jarimaga tortiladilar.  

 Turkiyada bo‘lish qoidalari qanday?

Yashash ruxsatisiz Turkiyaga kelgan chet elliklar mamlakatda 180 kun ichida 90 kungacha qolishlari mumkin. Ushbu muddatdan uzoqroq qolishni istagan xorijliklar qolish maqsadlariga muvofiq yashash uchun ruxsat (ikamet tezkeresi) olishlari kerak. Ruxsat olish uchun esa tegishli hujjatlarni tayyorlab, vakolatli organlarga murojaat qilish lozim.

 Turkiyada xorijliklarga yashash uchun ruxsatnoma berish jarayoni 5682- va 5683-sonli qonunlar doirasida mamlakatga kelish va mamlakatda bo‘lish maqsadlariga muvofiq ravishda tartibga solingan. Masalan, ushbu mamlakatga ishlash uchun kelgan chet el fuqarosiga «ishlash maqsadida»gi, ta'lim olish uchun kelganlarga esa «o‘qish maqsadida»gi ruxsatnoma beriladi.

 Yashash uchun ruxsatnoma, agar u tegishli pasport yoki tegishli sayohat hujjati bilan birga taqdim etilsa, chet elliklarga Turkiyaga vizasiz kirish huquqini beradi. Yashash uchun ruxsatnomaning bir o‘zi pasportning o‘rniga o‘tmaydi.

 Turkiyada ishlashni istaganlar nima qilishi kerak?

Turkiyada mehnat qilmoqchi bo‘lgan xorijliklarning ishlash uchun ruxsati (çalışma izni) Turkiya respublikasining 4817-sonli «Chet elliklarning ishlash uchun ruxsatnomalari to‘g‘risidagi qonun va uni amalga oshirishni tartibga solish to‘g‘risida»gi qonun bilan tartibga solinadi.

Unga ko‘ra, Turkiyada ishlamoqchi bo‘lgan chet ellik fuqarolar tegishli tartib bo‘yicha:

  • ishlash uchun ruxsatnoma (Turkiya Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi);
  • mehnat vizasi (Turkiyaning xorijiy vakolatxonalari);
  • «ishlash maqsadida»gi yashash ruxsatnomasi (tegishli huquqni muhofaza qilish organlari) bilan bog‘liq jarayonlarni yakunlagan bo‘lishlari kerak.

 Viza muddati tugagandan so‘ng, Turkiyada qolish uchun nima qilish kerak?

Chet elliklar viza muddati tugagach, 6 oygacha qisqa muddatli yashash uchun ruxsatnoma (ikamet izni) olishlari mumkin. Ushbu muddatdan ham ko‘proq turishni istagan chet elliklar Turkiyaning xorijdagi vakolatxonalaridan maqsadga mos uzoq muddatli viza olishlari lozim.

 Turkiyaga o‘qishga kirganlar yashash ruxsatnomasi (ikamet izni) olish uchun nima qilishlari kerak?

Turkiyada ta'lim olishni istagan chet elliklar Turkiyaning xorijiy vakolatxonalaridan ta'lim vizasi olishlari darkor va ular Turkiyaga ta'lim vizasi bilan kirgan kundan e'tiboran bir oy muddat ichida ta'lim oluvchi muassasidan olgan talabalik guvohnomalari bilan tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlariga murojaat qilsalar, ularga ta'lim maqsadli yashash uchun ruxsatnoma beriladi.

 Ta'lim vizasisiz Turkiyada yashash uchun ruxsatnoma olish mumkinmi?

Avvalo, Turkiyada ta'lim olish istagini bildirgan xorijliklar mazkur mamlakatning chet eldagi vakolatxonasidan ta'lim vizasi olgan holda mamlakatga kelishlari lozim. Ammo oldin Turkiyada kamida 6 oy (turistik maqsadda yashashdan tashqari) muddatli va amal qilish muddati hali tugamagan yashash ruxsatnomasiga ega bo‘lganlar tegishli ta'lim muassasidan olgan talabalikka oid hujjatlarini taqdim etgan taqdirda «o‘qish maqsadida»gi yashash ruxsatnomasini olishlari mumkin.    

 Turkiyada yashash manzili o‘zgartirilganda nima qilish kerak?

Turkiyada yashash joyini o‘zgartirmoqchi bo‘lgan chet elliklar manzil o‘zgarishlari haqida 5683-sonli Qonunning 14-moddasiga ko‘ra, 48 soat ichida borgan viloyatlari va tark etgan viloyatlarining huquqni muhofaza qilish organlariga, shuningdek, 20 ish kuni ichida fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlariga xabar berishlari shart. Aks holda, ularga nisbatan ma'muriy jarima qo‘llanadi.

 «O‘qish maqsadida» olingan yashash uchun ruxsatnoma (ikamet izni) bor, ammo…

Turkiyada o‘qiydigan va yashash uchun ruxsatnoma olgan xorijliklar o‘qishni tugatgach yoki ma'lum sabablarga ko‘ra, o‘qishni tark etganlarida ularning ruxsatnomalari bekor qilinadi. Xorijlik fuqarolar bu vaziyatdan huquqni muhofaza qilish organlarini darhol xabardor qilishlari darkor. Aks holda, ular jarimaga tortilishi, turli muammolarga duch kelishlari mumkin.

 Xulosa o‘rnida

Yuqorida bayon etilgan fikrlardan kelib chiqib aytish mumkinki, qaysi mamlakatga borilishidan qat'i nazar, hozirgi murakkab sharoitda, eng avvalo, u mamlakatdagi ijtimoiy-siyosiy va epidemiologik vaziyat hisobga olinishi, shuningdek, mazkur davlatdagi mavjud qonunchilik bilan yaqindan tanishib chiqilishi darkor.

 Otabek Tillayev tayyorladi

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top