15:42 / 06.09.2020
32340

DTM: Internetda surati tarqalgan testlar bo‘yicha abituriyentlarga chora ko‘rilgan

Davlat test markazi 2-3 sentabr kungi test sinovlarida test topshiriqlari rasmga olinib, internetda tarqalgani bo‘yicha tekshiruv o‘tkazdi.

Kompyuter taqsimotidan aniqlanishicha, ushbu savollar kitoblari quyidagi guruhlarga yuborilgan:

  • 2 sentabr kuni Farg‘ona viloyati 4-sektor (Marg‘ilon shahri)da 1-smenada test topshirishi belgilangan 159-guruh;
  • 3 sentabr kuni Andijon viloyati 6-sektor 1-smenada test topshirilish belgilangan 125-guruh;
  • 3 sentabr kuni Xorazm viloyati 1-sektor 1-smenada test topshirilish belgilangan 26-guruh.

«Tezkor harakat asosida holatni amalga oshirgan abituriyentlarning barchasi aniqlangan va ularning uch nafari jarayon davomida, bir nafari jarayondan keyin chetlatilgan»,deyiladi DTM xabarida.

Markaz 5 sentabr kuni Toshkentda nazoratchining abituriyentga yordam bergani holati aniqlangani haqida ham xabar berdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan surat bo‘yicha tekshiruv o‘tkazilganda, haqiqatan ham 5 sentabr kuni poytaxtdagi Talabalar shaharchasi xiyobonida, 1-smenada o‘tkazilgan test sinovlarida qoidabuzarlik yuz bergani yetarli dalil-isbotlar bilan tasdiqlangan.

«Ushbu jarayonga daxldor barcha shaxslar aniqlandi va chora ko‘rilishi uchun tegishli tashkilotga taqdim etilgan», – deyiladi xabarda.

Avvalroq O‘TM guruh nazoratchisi parta tagiga narsa qo‘ygani aks etgan videoga ham izoh berib, nazoratchi parta tagiga telefon yoki boshqa taqiqlangan buyum emas, tibbiy niqob ekanini bildirgandi.

Mavzu
Qabul-2020
20 iyun kuni OTMlarga hujjat qabul qilish boshlandi. Imtihonlar 1 avgust kuni boshlanishi rejalashtirilmoqda.
Barchasi
Top