14:45 / 06.09.2020
36390

Urgutdagi ikki qishloq mojarosi: nuroniylar o‘zaro murosa yo‘lini qidirishlari kerak emasmidi?

So‘nggi bir necha kun ichida Kun.uz tahririyatiga Urgut tumanidagi «Kamongaron» va «Vag‘ashti» mahallalari fuqarolari tomonidan murojaatlar bo‘lmoqda. Ular yuborayotgan videolardan anglash mumkinki, ikki mahalla o‘rtasida ziddiyat kelib chiqqan.

Xo‘sh, aslida Urgutda nima bo‘lyapti? Masala nahotki ikki mahallaning yoshi ulug‘lari, faxriylarning aralashuvi, tashabbusi bilan hal bo‘lmasa?

Biz masalani o‘rganish uchun Urgut tumaniga borib, dastlab «Kamongaron» mahallasi faollarining fikr bilan qiziqdik.

«Qo‘shni «Vag‘ashti» mahallasi bilan bir necha o‘n yildan beri suv masalasida turli tortishuvlar, kelishmovchiliklar kelib chiqmoqda. Mana, so‘nggi bir hafta davomida yana o‘sha muammo qo‘zg‘aldi. Ochig‘i, bu umuman mahallalarimiz sha'niga to‘g‘ri kelmaydi.

O‘tgan asrning 60-yillaridan beri biz, kamongaronliklar mana shu tog‘dan beton ariqlar orqali suv tortib kelganmiz. Ichimlik suvini ham maxsus trubalarda olib kelamiz. Bu ishlarning hammasi hashar yo‘li bilan, mahallaning saxovatli odamlarining ko‘magi bilan amalga oshirilgan.

Qishlog‘imizga keladigan beton ariq sel kelishi oqibatida ancha zarar ko‘rdi, ta'mirtalab ahvolga kelib qoldi. Ushbu beton ariqlarni ta'mirlashga, suv isrof bo‘lmasligi uchun quvurlar tashlashga qaror qildik. Quvurlar olib kelindi, ishlarni hashar yo‘li bilan boshlab yubordik. 4 sentabr oqshomida vag‘ashtiliklar kelib, trubalarni sindirib, beton ariqlarni buzib ketishibdi. Shundan keyin ikki tomondan ham odamlar yig‘ildi. O‘zaro kelishmovchilik va dahanaki jang boshlanib ketdi. Ammo ikki mahalladan ham hech kimga zarar yetgani yo‘q.

Bizning mahallamiz aholisi vag‘ashtiliklarga qaraganda ko‘p. Shu sababli avvaldan bizning mahallaga suvning 60, narigi mahallaga 40 foizi bo‘lib berilgan. Odamlarimizga ortiqcha suv kerak emas, o‘zimizga keladigan suvni isrof bo‘lmasligi va suv yo‘lini obodonlashtirish uchun harakat qilyapmiz», — deydi «Kamongaron» mahallasi faoli Rabbim Mo‘minov.

Shuningdek, yana bir mehnat faxriysi Soli Mahmudov ham qo‘shni mahalla odamlari «Kamongaron»ga keladigan beton ariqlarni quvurga almashtirishga yo‘l qo‘ymayotgani haqida gapirdi.

Oqsoqolning aytishicha, viloyat hokimi Erkinjon Turdimov mazkur hududga kelib, odamlarni murosa qilishga chaqirgan. Lozim bo‘lsa, ushbu muammoni odamlarning o‘zi emas, sohaning mutaxassislari amalga oshirishi, adolatli taqsimot qilib berilishini ma'lum qilgan.

Narigi mahalla vakillarini ham eshitish maqsadida Vag‘ashtida bo‘ldik.

Darhaqiqat, ushbu ikki mahalla agar suv bilan bog‘liq ziddiyatlari bo‘lmasa, hudud jihatdan bir-biriga juda yaqin. Qishloqlar bir-biriga kaftdek ko‘rinib turadi.

Ne'mat Inoyatov — 84 yoshda, «Vag‘ashti» mahallasida istiqomat qiladi. O‘zining aytishicha, o‘tgan asrning 60-yillarida, aynan ikki mahallaga suv taqsimlangan vaqtlarda mirob bo‘lib ishlagan. Otaxon kechagi ziddiyatlardan, yana eski muammo ko‘tarilganidan afsusda ekanligini bildirdi.

«O‘tgan asrning 1964-65-yillarida mirob bo‘lib ishlaganman. O‘sha vaqtlarda tog‘ suvi shundoqqina ariq orqali oqib kelardi. Keyinchalik kamongaronliklar beton ariq o‘rnatishdi. Ma'lum muddat o‘tib chashma suvini ikki mahallaga alohida taqsimlash taklifi bildirildi. Taqsimlanganda mahallaning aholi soni hisobga olingan holda Kamongaronga suvning 56, Vag‘ashtiga 44 foiz qismi kelishi ko‘zda tutilgandi.

Yillar davomida baribir qaysidir ma'noda tortishuvlar bo‘lib turdi. Mana, bugunga kelib kamongaronliklar quvur tashlashmoqchi bo‘lyapti. Agar ular quvur tashlasa, biz tomonga keladigan suv kamayib ketadi, qishlog‘imizga yetmay qoladi. Qolaversa, bizdan ortgan suv pastda joylashgan boshqa qishloqlarga ham borib turgan. Hozirgi kunda o‘zimizda ichimlik suviga tanqislik sezilib qoldi.

Bu gaplardan tuman va viloyat hokimligi yaxshi xabardor. Bir necha marta xat bilan murojaat qilganmiz. Agar o‘z vaqtida kelib, adolatli yechim qilib berishganda, mana shunday mojarolar bo‘lmasdi», — deydi Ne'mat Inoyatov.

Mahallaning yana bir faxriysi Suvon Ergashev esa Kamongaronga borayotgan suv quvurlarini bizning odamlarimiz buzmagan, bizga tuhmat qilishyapti, degan fikrni bermoqda.

«Qo‘shni qishloq bilan oramizda huquq-tartibot xodimlari turgan bo‘lsa, kecha oqshom qanaqasiga u tomonga o‘tib bu ishni qilgan bo‘lishimiz mumkin?

Davlat odamlari adolatli taqsim qilib berishini kutishga tayyormiz. Qo‘shni mahallaga suv bermay, hammasini bizga berishsin, demayapmiz. Ammo tog‘dan suv tortib kelish, beton ariq yoki truba tortib kelishmi, buni mahallaning o‘ziga qoldirmaslik kerak. Davlatning egasi bor, biz shunga rozimiz. Qo‘shnilarimiz bilan o‘zaro ziddiyatga borishni biz ham istamaymiz», — dedi Suvon Ergashev.

Haqiqatan ham «Vag‘ashti» mahallasi fuqarolari shu vaqtgacha ushbu masalani hal qilib berishni so‘rab, tuman, viloyat hokimligiga murojaat qilgan. Anglashiladiki, mutasaddi idoralar o‘z vaqtida kelib ushbu masalaga e'tibor qaratmagan. Toki ikki qishloq aholisining qo‘li musht bo‘lib tugilishini kutib o‘tirgandek taassurot beradi odamga.

Ayni vaqtda ikki qishloq o‘rtasida tinchlikni ta'minlash maqsadida IIB hamda Milliy gvardiya xodimlari jalb qilingan. Holbuki, masala bu darajada kattalashib ketmasligi uchun odamlarning murojaati va muammosiga o‘z vaqtida e'tibor qaratilsa, kifoya edi.

Bir vaqtning o‘zida har ikki qishloqning oqsoqol keksalari, obro‘li kishilari o‘zaro murosa yo‘lini qidirishlari asrlar maboynida har ikki qishloqda xizmat qilib kelgan suv manbasidan oqilona, kelishib foydalanishlari lozim emasmi?

Isomiddin Po‘latov, Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid
Top