00:51 / 07.09.2020
6649

Malining sobiq prezidenti vataniga 3 oyda qaytishi shart qilib qo‘yildi

5 sentyabrda BAA poytaxti Abu-Dabiga davolanishga yo‘l olgan Malining sobiq prezidenti Ibrohim Bubakar Keyta Maliga 3 oy ichida qaytishi kerak. Bu haqda Malida hokimiyatni egallab olgan Xalqni qutqarish milliy qo‘mitasi bayonotida aytilgan.

Foto: AFP

Ta'kidlanishicha, qo‘mita va G‘arbiy Afrika davlatlari iqtisodiy hamjamiyati (EKOVAS) o‘rtasida Keytaga tibbiy va gumanitar sabablarga ko‘ra mamlakatni bir oyga tark etishiga ruxsat beruvchi kelishuvga erishilgan. Bu muddat shifokorlar tavsiyasiga ko‘ra uch oygacha uzaytirilishi mumkin. Ushbu muddatdan keyin sobiq prezident davolanishni Malida davom ettiradi. Bayonotda ta'kidlanishicha, EKOVAS Keytaning belgilangan muddatda Maliga qaytishini ta'minlash bo‘yicha majburiyatni o‘z zimmasiga olgan.

Malining sobiq prezidenti 1 sentyabrda poytaxt Bamakodagi shifoxonalardan biriga shoshilinch ravishda yetkazilgan. Keytaning yaqinlari unda yengil shakldagi insult yuz berganini ma'lum qilishgan. U 3 sentyabrda shifoxonadan chiqarilgan va 2 kundan keyin Maliga BAAdan shifokorlar guruhi bilan kelgan samolyotda Yaqin Sharq tomon yo‘l olgan. 

Malining Malijet axborot portali ma'lumotlariga ko‘ra, Keyta yaqinda BAAdagi kardiologiya shifoxonasida jarrohlik operatsiyasini o‘tkazgan. U avgustda ushbu shifoxonaga ko‘rikdan o‘tish uchun kelishi kerak bo‘lgan, biroq vatanida yuz bergan isyon sababli buni qila olmagan. 

Ibrohim Bubakar Keyta Malida avgust o‘rtalarida yuz bergan harbiy isyon oqibatida hokimiyatdan chetlatilgandi. Keyta va bosh vazir Bubu Sisse isyonchilar tomonidan hibsga olingan. Keyinroq Keyta iste'foga chiqqanini e'lon qilgan.

Keyta Maliga 2013 yildan beri rahbarlik qilib kelgan edi.

Mavzuga oid
Top