15:15 / 07.09.2020
13928

«Taksichilarni ham o‘zini o‘zi band qiluvchilar ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha ish olib borilmoqda» - Moliya vaziri o‘rinbosari

Bugun, 7 sentabr kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sultonov taksichilarni ham o‘zini-o‘zi band qilganlar ro‘yxatiga qo‘shish bo‘yicha ishlanayotgani va bu bo‘yicha 1-2 oyda Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritilishini ma'lum qildi.

«Bugungi kunda taksichilar har kuni tibbiy va texnik ko‘rikdan o‘tishi kerak bo‘lgan yuridik shaxs hisoblanadi. Davlat rahbari esa taksichilarni ham o‘z-o‘zini band qiluvchi toifaga kiritish haqida topshiriq bergan edi. Buni amalga oshirish uchun 1-1,5 oy vaqt ketishi mo‘ljallangandi. Hozir bu bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Lekin texnik ishlarni kelishish qiyin bo‘lmoqda.

Chunki ularning faoliyat yuritishi uchun ayrim talablar bor. Birinchidan, taksiga chiqqan yo‘lovchi kim bilan ketayotganini bilishi shart. Ikkinchidan, taksilar ma'lum muddatda texnik ko‘rikdan o‘tib borishi kerak. Hozir bu bo‘yicha Transport vazirligi bilan kelishuv olib borilmoqda.

Haydovchilarning har hafta yoki har kuni tibbiy ko‘rikdan o‘tishi masalasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan muhokama qilinmoqda», dedi Dilshod Sultonov.

Uning aytishicha, taksichilarni ham o‘zini-o‘zi band qilganlar ro‘yxatiga qo‘shish bo‘yicha qilinayotgan ishlar haqida 1-2 oyda Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritiladi.

«Bunda o‘ta ehtiyotkor bo‘lish talab etiladi. Sababi bir tomonda o‘zini band qilgan fuqaro manfaati tursa, ikkinchi tomonda jamoatchilik manfaati turadi», dedi Dilshod Sultonov.

Shuningdek, matbuot anjumanida Davlat soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Olimjon Fayziboyev hozirga qadar 67 mehnat turi bo‘yicha 370 mingdan ortiq fuqaro o‘z-o‘zini band qiluvchi sifatida ro‘yxatdan o‘tganini aytib o‘tdi.

Qayd etilishicha, o‘zini o‘zi band qilgan fuqaro sifatida yil oxirigacha 500 mingga yaqin shaxs ro‘yxatdan o‘tishi kutilmoqda. Hozirga qadar Toshkent shahri, Farg‘ona, Namangan va Buxoro viloyati fuqarolari  o‘zini o‘zi band qiluvchilar ro‘yxatida faollik ko‘rsatmoqda.

Top