09:19 / 10.09.2020
6632

AQSh mingdan ko‘proq xitoylik talaba va olimlarning vizalarini bekor qildi

Foto: Reuters

Vashington Xitoy armiyasi bilan bog‘liq xitoyliklarning vizalarini bekor qildi. Shu sababli AQShni mingdan ko‘proq xitoylik, asosan talabalar va olimlar tark etadi.

AQSh davlat departamentida ta'kidlanishicha, AQSh “Xitoy kommunistik partiyasining harbiy ustunligini o‘rnatish g‘oyalarini ilgari surmaydigan” xitoyliklar uchun ochiq.

May oyida AQSh prezidenti Donald Tramp xitoylik aspirantlar va olimlarga AQShga kirishni cheklagandi. Vashingtonning fikricha, ular AQShga texnologiyalar va intellektual mulkni o‘g‘irlagani keladilar va bu AQSh milliy manfaatlariga xavf soladi.

Xitoy ta'lim vazirligi AQSh hukumatining bunday xatti-harakatlariga qat'iyan qarshi ekanini bildirgan. Pekin Vashingtonni “teran fikrlashga, jamoatchilik fikrini hurmat qilishga hamda Xitoy va Amerika xalqlari o‘rtasida o‘zaro almashinuv va hamfikrlikni rivojlantirish uchun ko‘proq ish qilishga” chaqirgan.

“Biz Xitoy va AQSh o‘rtasidagi talabalar almashinuvini qo‘llab-quvvatlaymiz va turli davlatlar, jumladan AQShdan Xitoyga o‘qishga kelishni istovchilarni qutlaymiz”, deyilgan Xitoy ta'lim vazirligida. 

Top