14:03 / 10.09.2020
7598

Surxondaryoda tungi vaqtda boshqaruvni yo‘qotgan haydovchi avtoulovidagi yo‘lovchining o‘limiga sababchi bo‘ldi

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Foto: Tergov departamenti

2020 yilning 6 sentabr kuni soat 20:20larda 43 yoshli M.B. o‘zining boshqaruvida bo‘lgan Cobalt rusumli avtomashinasi bilan Surxondaryo viloyati Sherobod tumani “Vandob” mahallasi hududidan o‘tuvchi mahalliy ichki yo‘lda “Vandob” mahallasidan “Chorbog‘” mahallasiga qarab katta tezlikda harakatlanib ketayotgan bo‘lgan.

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, shu vaqtda u avtomashinaning boshqaruvini yo‘qotib, yo‘lning chap tomon chekkasiga chiqib, ag‘darilib ketishi oqibatida yo‘l-transport hodisasini sodir qilgan.

YTH oqibatida Cobalt rusumli avtomashinada bo‘lgan yo‘lovchi, 34 yoshli Sh.S. tan jarohati olib, hodisa joyida vafot etgan. Haydovchi esa yengil tan jarohati olib tibbiyot birlashmasiga murojaat qilgan.

Dastlabki ma'lumotlarga qaraganda, yo‘l-transport hodisasi sodir etilishiga sabab sifatida mahalliy yo‘lga shag‘al tosh yotqizilgan joyda tezlikni oshirib haydaganligi taxmin qilinmoqda.

Mazkur holat yuzasidan Sherobod tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

“Hurmatli haydovchilar, yo‘llarda harakatlanganda belgilangan yo‘l harakati qoidalariga to‘liq amal qilishingizni hamda hushyorlikni oshirishingizni so‘raymiz, zero yo‘ldagi birgina xato boshqalarning hayotiga xavf solishini unutmang!” - deyiladi ma'lumotda.

Top