12:35 / 11.09.2020
6318

Moliya vaziri: Sardobaga jami 1,5 trillion so‘m yo‘naltirilishi rejalashtirilgan

Foto: Ramiz Baxtiyarov

Joriy yil Buxoro viloyatida zarar ko‘rgan aholi va iqtisodiy-infratuzilma obektlariga 164 mlrd so‘m hamda «Sardoba suv ombori» to‘g‘onida yuzaga kelgan favqulodda hodisa oqibatlarini bartaraf etishga 500 mlrd so‘m qo‘shimcha mablag‘lar yo‘naltirildi. Bu haqda moliya vaziri Timur Ishmetov xabar berdi. 

Vazirning aytishicha, Sardobaga jami 1,5 trillion so‘m yo‘naltirilish rejalashtirilgan.

2020 yil Davlat budjeti xarajatlari 131,1 trln so‘m miqdorida, shundan, respublika budjeti xarajatlari 95,7 trln so‘m (73 foiz) hamda mahalliy budjetlar xarajatlari 35,4 trln so‘m (37 foiz) miqdorida belgilangan.

«Koronavirus pandemiyasining tarqalishi, yurtimizda karantin choralarining ko‘llanilishi davlat budjet xarajatlariga ham bir qator o‘zgartirishlar kiritilishiga sabab bo‘ldi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzurida 10 trln so‘m miqdorida «Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi» tashkil etildi hamda 2020 yilning 1-yarim yilligida jamg‘armadan 5,3 trln so‘mlik xarajatlar moliyalashtirildi», deydi u.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, jamg‘armaning 1 sentabr holatiga xarajatlari miqdori 9 trln so‘mni tashkil etdi. Ushbu mablag‘larning 2,2 trln so‘mi koronavirusga qarshi kurashish bo‘yicha tadbirlarni moliyalashtirishga yo‘naltirildi.

Koronavirusga qarshi kurashish bo‘yicha tadbirlarni moliyalashtirishga avgust oyining o‘zida 690 mlrd so‘m moliyalashtirilib, ushbu xarajatlarning 495 mlrd so‘mi tibbiyot xodimlarini moddiy rag‘batlantirishga sarflandi.

Vazir davlat budjetining barqarorligini ta'minlash maqsadida jami 6,1 trln so‘m, shundan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va mahalliy budjetlar xarajatlaridan qariyb 1 trln so‘m maqbullashtirilganini ma'lum qildi. 

«Yuqoridagilardan kelib chiqib, Davlat budjetining 2020 yil 1-yarim yillik xarajatlari 64 trln. 879 mlrd. so‘mni yoki YaIMga nisbatan 25,4 foizni tashkil etdi. Bu esa 1-yarim yillik uchun tasdiqlangan reja ko‘rsatkichiga (65,3 trln so‘m) nisbatan 99 foizni tashkil etdi», dedi vazir.

Mavzu
Sardobada suv toshqini
1 may kuni tongda Sirdaryo viloyatidagi «Sardoba» suv ombori dambasi devori buzilib, suv toshib chiqdi.
Barchasi
Top