09:27 / 14.09.2020
10838

Gretsiya Turkiya bilan munosabatlar keskinlashuvi ortida qo‘shimcha qurollanmoqda

Gretsiya Turkiya bilan munosabatlar keskinlashgani ortida o‘z armiyasi qurollanishi darajasini oshirmoqchi. Jumladan, gap Fransiyadan 18 ta ko‘p maqsadli Dassault Rafale qiruvchi samolyotlarini sotib olish haqida bormoqda, deya xabar qildi Gretsiya bosh vaziri Kiriakos Mitsotakis.

Rasmiy Afina, shuningdek, vertolyotlar va 4 ta yangi fregat xarid qilishni rejalashtirmoqda. Bundan tashqari, Germaniyada ishlab chiqarilgan 4 ta fregat modernizatsiya qilinadi. Shuningdek, Gretsiya qurolli kuchlariga 5 yil davomida qo‘shimcha 15 ming kishi jalb qilinadi.  

Fransiya mudofaa vaziri Florans Parli Gretsiyaning ushbu qarorini qo‘llab-quvvatlagan. Bu Gretsiya tomonidan Dassault Rafale samolyotlarining birinchi marta sotib olinishi bo‘ladi.

Gretsiya bosh vazirining ta'kidlashicha, Turkiyaning xatti-harakatlari Yevropaning sharqiy chegaralariga va mintaqadagi xavfsizlikka rahna solmoqda. Afina Anqara bilan kelishmovchiliklarni tinch yo‘l bilan hal qilishga tayyor, biroq bir to‘xtamga kelishning iloji bo‘lmasa, vaziyatni hal qilish uchun BMT Xalqaro sudini jalb qilishi mumkin.

O‘z navbatida, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Gretsiya hukumatini “yanglish harakatlar”ni sodir etishdan tiyilishga chaqirgan. Erdo‘g‘an, shuningdek, Anqarani Afina bilan mojaroda “qizil chiziq”dan o‘tmaslikka chaqirgan Fransiya prezidenti Emmanyuel Makronni ham Turkiya bilan nizoga borishdan ogohlantirgan.

Ikki davlat o‘rtasida O‘rta yer dengizidagi bahsli hududlar sababli avj olgan nizo bir necha haftadan beri davom etmoqda. Ikkala davlat ham neft va gaz bo‘lishi mumkin bo‘lgan hududlarga egalik qilishga da'vo qilmoqda. Yevropa ittifoqi Turkiyani bahsli hududlarda geologik-qidiruv ishlarini to‘xtatishga chaqirmoqda va sanksiyalar bilan tahdid qilmoqda. Biroq Anqara yon bosishdan bosh tortmoqda.

Mavzuga oid
Top