19:38 / 14.09.2020
2247

O‘zbekiston MDH Turizm Kengashi huzurida tezkor munosabat bildirish guruhini tuzish tashabbusi bilan chiqdi

MDH mamlakatlarining "Ishbilarmonlik tashabbuslari haftaligi" doirasida turizm bo‘yicha onlayn forum bo‘lib o‘tdi.

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi axborot xizmati

Unda O‘zbekiston Respublikasi nomidan turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Ulug‘bek Azamov ishtirok etdi. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati xabar bermoqda.

 O‘zbekiston raisligi ostida o‘tgan mazkur forumda MDH Ijroiya qo‘mitasi, Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Moldova, Rossiya, Tojikiston va Turkmaniston turizm ma'muriyatlari, shuningdek MDH mamlakatlarining 50 dan ortiq sayyohlik kompaniyalari, uyushmalar va aviakompaniyalar vakillari ishtirok etishdi.

 Forum ishtirokchilari Hamdo‘stlikka a'zo davlatlar hukumatlari tomonidan COVID-19 pandemiyasining turizm sanoatiga salbiy ta'sirini yumshatish bo‘yicha soha sub'yektlarini soliq imtiyozlari, kredit ta'tillari, subsidiyalar va boshqa shakllardagi kechiktirib bo‘lmaydigan qo‘llab-quvvatlash choralari bilan ta'minlanganliklariga oid ma'lumotlar bilan tanishishdi.

MDH Turizm bo‘yicha Ijroiya Qo‘mitasi vakili Tatyana Kovaleva koronavirus tarqalishining oldini olish bo‘yicha O‘zbekistonda ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni, shuningdek, turizm faoliyati sub'yektlari davlat tomonidan har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotganini yuqori baholadi.  

O‘z navbatida, MDHga a'zo davlatlarning turizm departamentlari vakillari forum ishtirokchilariga o‘z mamlakatlaridagi pandemiya holati va xalqaro turistik almashinuvni qayta boshlash rejalari to‘g‘risida ma'lumot berishdi.

Sayyohlik kompaniyalari ishonchli ma'lumot olishlarini qo‘llab-quvvatlash uchun O‘zbekiston Respublikasi tomonidan MDH Turizm Kengashi huzurida turizm idoralarining mas'ul rahbarlari darajasida tezkor munosabat bildirish guruhini yaratish tashabbusi ilgari surildi. Ushbu tashabbus MDH Ijroiya Qo‘mitasi, turizm idoralari vakillari va Forum ishtirokchilari tomonidan ma'qullandi va qo‘llab-quvvatlandi.

 Shuningdek, forum ishtirokchilari sayyohlik biznesiga Hamdo‘stlik makonidagi sheriklar bilan birgalikda hamkorlikning yangi, barqaror o‘sish nuqtalarini topishda yordam berish maqsadida MDHga a'zo davlatlarning turistik ma'muriyatlari o‘rtasida sa'y-harakatlarni birlashtirish va tizimli, to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni o‘tkazishning dolzarb masalalarini ko‘rib chiqishdi.

Top