00:07 / 14.09.2020
14763

Yuliy Yusupov: «Davlatni isloh qilmagunimizcha, boshlab qo‘ygan ko‘plab islohotlarimizni tugata olmaymiz»

Davlat – barcha uchun, jumladan, biznes va iqtisodiyot uchun ham o‘yin qoidalarini belgilab, ularga amal qilinishini nazorat qiladigan tuzilma. Agar o‘yin qoidalari yomon bo‘lsa, iqtisodiyot normal ishlay olmaydi, deydi Iqtisodiy rivojlanishga ko‘maklashish markazi direktori Yuliy Yusupov.

«Hoshimov iqtisodiyoti» dasturi doirasida Behzod Hoshimov Iqtisodiy rivojlanishga ko‘maklashish markazi direktori Yuliy Yusupov bilan «Davlatni isloh qilish O‘zbekistonga nima uchun muhim?» mavzusida suhbat uyushtirdi.

– Aytingchi, bizga rivojlanishimizning hozirgi bosqichida davlat institutlarini isloh qilish nima uchun zarur?

– 2017 yildan boshlab tizimli, kompleks islohotlarni boshladik. Biz deyarli bir iqtisodiy tizimdan boshqasiga o‘tyapmiz. Ko‘p narsani amalga oshirishga ulgurdik: valuta bozori, tashqi savdoning liberallashtirilishi, bank, pul aylanmasi tizimi islohotini boshladik. Ko‘pincha tadbirkorlar bilan suhbatlashganda ulardan: «Hech narsa o‘zgarmadi-ku», degan gapni eshitib hayron qolaman. Ularga 5 yil avval sizlarda tekshiruvlar, konvertatsiya, naqd va naqdsiz pul, tashqi dunyo bilan muloqot qilishda qanday muammolar bo‘lganini eslab ko‘ring, deyman.

Shu yillar davomida yetarli darajada iqtisodiy islohotlarni amalga oshirdik. Ana shu islohotlarni kuzatayotgan odamlar bir narsaga guvoh bo‘lishlari mumkin: ko‘pincha islohotlarni amalga oshiramiz, biroq qandaydir ko‘rinmas devorga duch kelamiz va oldinga qarab harakatlana olmaymiz.

Fikrimcha, hozirda shug‘ullanish kerak bo‘lgan asosiy jihat, bizga harakat qilishga xalaqit qilayotgan ko‘rinmas devor bu – davlatning o‘zi. Biz iqtisodiyotni isloh qilyapmiz, biroq shu yillar davomida davlatning o‘zini yaxshi isloh qilmadik.

– Davlatni isloh qilish nima uchun muhim?

– Birinchidan, davlat – bosh islohotchi. Mamlakatimizda islohotlarni asosan u amalga oshiradi. Qandaydir mikro islohotlarni mahalliy darajada amalga oshirish mumkin. Biroq asosan, 95 foiz islohotlarni davlat amalga oshirishi kerak.

Ikkinchidan, davlat barcha, jumladan, biznes va iqtisodiyot uchun ham o‘yin qoidalari va ularga amal qilinishini belgilaydigan tuzilma. Agar o‘yin qoidalari yomon bo‘lsa, iqtisodiyot normal ishlay olmaydi.

Uchinchidan, davlat tomonidan har qanday iqtisodiyot uchun ko‘rsatiladigan ko‘plab xizmatlar mavjud. Agar bu xizmatlar sifatli bo‘lmasa, u holda mazkur holatdan iqtisodiyot aziyat chekadi.

Menimcha, birinchi band eng muhimi. Davlatni isloh qilmagunimizcha ko‘plab islohotlarni tugata olmaymiz yoki ayrimlarini boshlay olmaymiz. Chunki ular isloh qilinmagan davlatga borib taqaladi.

Yuliy Yusupov
Videodan kadr

– Davlatni isloh qilish atamasidan foydalanganda nimani nazarda tutyapsiz?

– Bu juda keng tushuncha. Ikkita asosiy jihatni ajratib ko‘rsatgan bo‘lardim. Texnik jihatdan olib qaraganda, bu administrativ islohot deb ataladi – ixcham, samarali davlat apparatini yaratish, qaysi idora nima bilan shug‘ullanishi, uning majburiyatlari, boshqa idoralar bilan qanday hamkorlik qilishi, iqtisodiyotga ta'sir qilishning qanday instrumentlaridan foydalanishini aniq belgilash. Bu – administrativ islohot deb ataladi.

Yana bir muhim, siyosiy-huquqiy jihat bor. Bu – davlat mexanizmlarining faqat apparat sifatida emas, o‘zaro va jamiyat bilan hamkorligi. Bu nima degani? Bu – hokimiyatlarni taqsimlash masalasi. Ular bekorga o‘ylab topilmagan-ku, ular davlat samarali bo‘lishida juda katta rol o‘ynaydi.

Bu – siyosiy raqobat, qonunlar bevosita kuchga ega bo‘lishi uchun huquqni ta'minlash masalalari. Ana shu siyosiy-huquqiy to‘plam – ikkinchi tomon. Biz administrativ-huquqiy islohotni o‘tkazishimiz va super ixcham hamda samarali apparatni tashkil etishimiz mumkin, biroq u jamiyat tomonidan nazorat qilinmasa, muvozanat tizimi, sud tizimi yaxshi ishlamasa, faqat bir kishi – prezident nazorat qilsa, buni eng samarali tizim deb bo‘lmaydi. Shuning uchun har ikkisi – ham ma'muriy, ham siyosiy-huquqiy islohotni amalga oshirish kerak.

– Ya'ni aytmoqchisizki, rivojlanish, o‘tkazilayotgan islohotlar barqaror bo‘lishi uchun ikkita islohot zarur. Birinchisi, bu administrativ islohot – hukumat, ijro etuvchi hokimiyat samaradorligini oshirish. Bunda hokimiyatni qo‘llab-quvvatlovchi institutlar bu – Konstitutsiyamiz bo‘yicha sud, qonun chiqaruvchi hokimiyatlar hech bir hokimiyat jamiyatda hukmronlik rolini o‘ynamasligi uchun ijro etuvchi hokimiyatni tiyib turishi ustida ish olib borish kerak.

– Men bu hokimiyatlarga fuqarolik jamiyati va ommaviy axborot vositalarini ham qo‘shgan bo‘lardim. 2017 yildan boshlangan islohotlar o‘tkazilgan yillarda biz bu yo‘nalishda erishgan muhim narsa – haqiqiy fuqarolik jamiyati kurtaklari, muammoni muhokama qilib, uning hal bo‘lishiga ta'sir o‘tkazishga harakat qiladigan odamlar, faqatgina internetda uchrashsa ham jamoalar, haqiqatan ham mustaqil bo‘lgan elektron OAV paydo bo‘ldi.

Ijtimoiy tarmoqlar ko‘p jihatdan ana shu vazifani bajaryapti. Fikrimcha, islohotlarning olg‘a borishida bu juda muhim qadam. Albatta, buning o‘zi yetarli emas. Sud, qonun chiqarish hokimiyatlarida islohotlarni amalga oshirish kerak. Bu jihatdan davlatning barcha tizimlarini qayta tashkil etish lozim.

To‘liq suhbatni Hoshimov iqtisodiyoti’ning Youtube’dagi kanali orqali ko‘rish mumkin.

Top