14:08 / 15.09.2020
40602

G‘ijduvonda o‘qituvchilar masjidlar oldida qorovullik qilishi haqida audioyozuv tarqaldi. Buxoro XTB izoh berdi

G‘ijduvonda bolalar masjidlarga qo‘yilmasligi ehtiyot chorasi ekani ma'lum qilindi.

Buxoro viloyat XTB G‘ijduvon tumanida o‘qituvchilar juma kunlari ertalabdan jome' masjidlari oldida qorovullik qilib, maktab o‘quvchilari masjidga kirishining oldini olishi bo‘yicha topshiriq berilgani haqidagi audioyozuv yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

Unda aytilishicha, tuman mudirasi tomonidan pandemiya davrida an'anaviy shakldagi faoliyatga o‘tgan va o‘tishi rejalashtirilgan maktablar o‘quvchilarining salomatligini asrash, ularning xavfsizligini ta'minlash, odamlar gavjum bo‘lgan joylarda yurishlarining oldini olish, qolaversa, o‘quvchi-yoshlarning masjidlarga otasi, bobosi va yoshi katta yaqin qarindoshlari bilan borishi, yolg‘iz bormasligiga chaqirish maqsadida voyaga yetmagan o‘quvchi-yoshlarning salomatligini o‘ylagan holda bunday ko‘rsatma bergani aniqlangan.

«Mudiraning bu xatti-harakatlarida mamlakatimizda belgilangan diniy erkinlik huquqlariga to‘sqinlik qilish maqsadi yo‘q, bu faqat o‘quvchi-yoshlar xavfsizligini ta'minlash uchun qilingan ehtiyotkorlik chorasi, xolos», deyiladi xalq ta'limi boshqarmasi munosabatida.

Eslatib o‘tamiz, G‘ijduvon tuman xalq ta'limi bo‘limi mudirasining (uning ism familiyasi rasmiylar tomonidan ma'lum qilinmagan) Telegram kanallarda maktablarning Ma'naviyat ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosarlariga juma kunlari ertalabdan jome' masjidlar oldida turib, bolalarni masjidga kiritmaslik chorasini ko‘rishi, aks holda kallasi bilan javob berishlari haqidagi og‘zaki buyrug‘i yozilgan audio tarqalgan edi.

«Bolalar masjidga kirsa — u yerdan qaytara olmaysizlar», degandi mudira.

Top