02:13 / 17.09.2020
9544

Hindiston vakili Pokistonning xatti-harakatlari tufayli ShHT uchrashuvini tark etdi

Foto: RIA "Novosti"

ShHT doirasida o‘tgan uchrashuvda Pokistonning xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Hindistonning bir qismi Pokiston hududi sifatida tasvirlangan xaritani namoyish qilgach, Hindiston vakili Ajit Doval norozilik belgisi sifatida uchrashuvni tark etdi.

Ushbu ko‘ngilsiz voqea ShHTga a'zo davlatlarning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchilari uchrashuvida yuz berdi.

“Bu tashkilotchining maslahatiga bepisandlik va yig‘ilish me'yorlariga zid bo‘ldi. Hindiston tomoni qabul qiluvchi tomon bilan maslahatlashuvlardan keyin norozilik sifatida bu bosqichda uchrashuvni tark etdi”, deb ta'kidlab o‘tgan Hindiston tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Anurag Shrivastava.

Avgustda Pokiston bosh vaziri Imron Xon mamlakatning yangi siyosiy xaritasini taqdim qilgan. Unda Pokiston hududi Hindistondagi Jammu va Kashmir ittifoqdosh hududi va Gujarot shtatidagi Junagad shahri qo‘shilgan holda tasvirlangan bo‘lgan. Hindiston bunga javoban bunday bayonotlar hech qanday huquqiy asosga ham, xalqaro nufuzga ham ega emasligini aytgan.

2019 yil 5 avgustda Nyu-Dehli Jammu va Kashmir shtatini tugatib, uning o‘rniga ikkita ittifoqdosh hududni tashkil etgan. Bundan avval esa Hindiston parlamenti konstitutsiyaning shtatga alohida maqom beruvchi moddasini bekor qilgan. Kashmirning Hindistondagi qismiga da'vogarlik qiluvchi Pokiston bu qarorni keskin qoralagan. 

Britaniya Hindistonining musulmon hududlari alohida davlat – Pokistonni tashkil etgach, Jammu va Kashmir aholisining ko‘pchiligi musulmonlarni tashkil qiluvchi yagona hind shtati bo‘lib qolgan. Bu hududda ayirmachilar faol harakat qiladi. Hindiston Pokistonni ularni qo‘llab-quvvatlashda ayblab keladi. Biroq Islomobod bu ayblovlarni rad etib, Kashmir aholisi o‘z huquqlari uchun mustaqil kurashayotganini ta'kidlaydi.

Top