15:50 / 18.09.2020
63684

TDYuUga hujjat topshirgan abituriyentlarning 400dan ziyodi maksimal ball olgani xabar qilindi. DTM ballar yuqori bo‘lib ketganiga izoh berdi

Ijtimoiy tarmoqda Toshkent davlat yuridik universitetiga hujjat topshirgan 400 nafardan ziyod abituriyent eng yuqori - 189 ball to‘plagani haqida xabarlar tarqaldi. Ma’lum bo‘lishicha, bu yil yuridik universitetga qabul kvotasi bo‘yicha har bir fakultetga 150tadan o‘rin berilgan - bir fakultetga hujjat topshirgan 400dan ziyod abituriyent maksimal ball olgan. Telegramdagi kanallardan birida e’lon qilingan xabarda kirish imtihonlarining savollari va javoblari ko‘chada sotilgani haqida gap boradi.

Davlat test markazi joriy yilda maksimal ball olgan abituriyentlar soni ko‘paygani yuzasidan rasmiy bayonot berdi.

«2020-2021-o‘quv yilida o‘tkazilgan davlat oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish test sinovlarida 1 240 614 (95,1 foiz) nafar abituriyent ishtirok etdi. Ular orasida maksimal ball (189 ball) olganlar ham ko‘p kuzatildi. Buni ba’zi ijtimoiy tarmoqlarda bir yoqlama talqin qilish holatlari kuzatilmoqda. Shulardan kelib chiqqan holda holatga aniqlik kiritish maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz.

Bo‘lib o‘tgan test sinovlari natijalarini tahlil qilish davomida maksimal ball olgan abituriyentlar soni avvalgi yillarga qaraganda ko‘payganligi aniqlandi. Buning bir necha sabablari bor. Ma’lumki, mamlakatimizda pandemiya sharoitida joriy etilgan karantin cheklovlari davrida boshqa sohalar kabi ta’limda ham, jumladan, oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga qabul test sinovlariga tayyorgarlik ko‘rish, o‘tkazish va abituriyentlarning puxta tayyorgarlik ko‘rishlarida murakkab vaziyatlar yuzaga keldi.

Holatlarni hisobga olgan holda va abituriyentlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Prezidentimiz rahbarligida, Prezident Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasida o‘tkazilgan bir qator yig‘ilishlarda kirish imtihonlarini soddalashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi hamda muhim qarorlar qabul qilindi. Shulardan kelib chiqib, kirish imtihonlari jarayonida abituriyentlar uchun yanada keng imkoniyatlar yaratildi», deyiladi ma’lumotda.

Tashkilot ball yuqori bo‘lgan omillarni sanab o‘tgan:

  • 2019 yildan boshlab umumta’lim fanlaridan test savollari to‘plami nashr etildi va ushbu to‘plamda ishlatilgan savollar bazasining 20 foizidan ko‘prog‘i kirish test jarayonlarida foydalanildi;
  • Telegram tarmog‘ida e-sinov tizimidan abituriyentlarga bepul foydalanish imkoniyati yaratildi (test sinovlariga qadar 1,4 milliondan ortiq abituriyent ushbu xizmatdan bepul foydalangan);
  • Test topshiriqlari soddalashtirildi. Bunda avvallari qo‘llangan 4-daraja qiyinlikdagi (eng qiyin) savollar umuman olib tashlandi, bu yil ular ishlatilmadi, 3-darajali savollar soni kamaytirildi va 1-darajali savollar soni tegishli ravishda oshirildi (12ta savol – 1 darajali, 12ta savol – 2 darajali, 6ta savol – 3 darajali). Shuningdek, barcha umumta’lim fanlari bo‘yicha nazariy savollarning soni ko‘paytirildi, o‘quv-laboratoriya mashg‘ulotlariga oid, rasmli, xaritali va jadvalli test topshiriqlari soni oshirildi;
  • Milliy va xalqaro sertifikatlarning tegishli darajasiga, pandemiya davrida ishlab chiqilgan IELTS indicator sertifikatiga ega bo‘lgan abituriyentlar uchun ham maksimal ball berish belgilandi;
  • Xalq ta’limi vazirligi va Davlat test markazi tomonidan abituriyentlarning test sinovlariga puxta tayyorgarlik ko‘rishlari uchun «Onlayn repetitor» teledasturlari muntazam efirga uzatildi;
  • Joriy yil uchun istisno tariqasida test sinovi topshiriladigan 5ta fandan 2ta mutaxassislik fani qoldirildi;
  • Har bir to‘g‘ri deb topilgan javobga ball berish tizimi o‘zgartirilib, birinchi va ikkinchi fan uchun mos ravishda 3,2 hamda 3,1 balldan berildi, oldingi yillardagi kabi 1,1 ball berish qo‘llanmadi;
  • Test sinovlarini topshirish uchun ajratilgan vaqt me’yori oshirilib, amaldagi tartibda ko‘rsatilgan 2 soat o‘rniga 3 soat etib belgilandi.

DTM TDYuUdagi holat bo‘yicha to‘xtalmagan - 150 o‘rin uchun da’vogar bo‘lgan 400 nafardan ziyod abituriyent bir xilda ball to‘plagani tasdiqlanmagan va rad etilmagan, shuningdek, bunday vaziyatda qanday chora ko‘rilishiga aniqlik kiritilmagan.

Eslatib o‘tamiz, 2–13 sentabr kunlari respublika bo‘yicha kirish imtihonlari bo‘lib o‘tdi. Unda 1,5 millionga yaqin abituriyent OTMlardagi 140 mingga yaqin o‘rin uchun kurashdi.

Tana harorati yuqoriligi aniqlangani uchun imtihonlarga kiritilmagan abituriyentlar uchun 17 sentabr kuni alohida imtihon tashkillashtirib berildi.

18 sentabr kunidan natijalar umumlashtirilib, tartiblash ishlari boshlangan.

24 sentabrgacha bo‘lgan vaqtda tanlov natijalari, ya’ni abituriyentlarning talabalikka qabul qilingani haqidagi natijalarni e’lon qilish rejalashtirilgan.

Mavzu
Qabul-2020
20 iyun kuni OTMlarga hujjat qabul qilish boshlandi. Imtihonlar 1 avgust kuni boshlanishi rejalashtirilmoqda.
Barchasi
Top