21:46 / 21.09.2020
13973

Zelenskiy o‘z deklaratsiyasidagi xato uchun prezident lavozimidan ketishdan bosh tortdi

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy daromadlari haqidagi deklaratsiyada yo‘l qo‘yilgan xato uchun iste'foga ketishi talab qilingan petitsiyaga javob berdi va bu xato uchun o‘z lavozimidan ketmasligini aytdi.

Foto: TASS

Arznomada Zelenskiy saylovoldi kampaniyasi vaqtida agar qonunni buzsa, prezident lavozimidan ketishga va'da bergani eslatib o‘tilgan. Iyulda uning o‘zi bu xatolik haqida ma'lum qilib, qimmatbaho qog‘ozlar sotib olishdan olgan daromadini deklaratsiya qilmaganini aytgan.

Zelenskiyning ta'kidlashicha, qonun xatolik tufayli buzilgan va bu g‘araz niyatda sodir etilmagan. “Ushbu xato aniqlanishi bilan oshkora tan olingan va tuzatilgan, uning oqibatlari esa fuqarolar va davlat manfaatlariga zarar yetkazmagan”, deb ta'kidlab o‘tgan Ukraina prezidenti. Uning aytishicha, ushbu hodisa uning iste'foga chiqarilishiga asos bo‘la olmaydi.

Amalga oshirilgan operatsiyalar haqidagi ma'lumot deklaratsiyalar ro‘yxatiga yuborilmagan. Bu haqda Zelenskiyning o‘zi Korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha milliy agentlikka ma'lum qilgan. Agentlik ushbu hodisa yuzasidan Zelenskiyga ikki ma'muriy bayonnoma topshirgan.

Top