16:45 / 25.09.2020
100646

DTM imtihon natijalarini e'lon qildi, apellyatsiya komissiyasi 28 sentyabrdan ish boshlaydi

O‘zbekistonda 2020/2021-o‘quv yili uchun OTMlarining bakalavriat ta'lim yo‘nalishlariga kirish test sinovlarining natijalari e'lon qilindi.

Davlat test markazi Oliy ta'lim muassasalariga kirish test sinovlari yakunlarini e'lon qildi. Unga ko‘ra, davlat granti asosida o‘rtacha o‘tish bali – 133,3 ballni, to‘lov-kontrakt asosida o‘rtacha o‘tish bali – 110,6 ballni tashkil qilgan.

Bu yil 1 o‘rin uchun tanlovda 10,6 nafar abituriyent (2019 yilda – 10,3) ishtirok etgan.

Davlat granti asosida minimal o‘tish balli – 68 ball, to‘lov-kontrakt asosida minimal o‘tish balli – 56,7 ball etib belgilangan.

«Shuningdek, yoshlarning ta'lim olishi uchun imkoniyat yaratish maqsadida bazaviy to‘lov kontrakt asosida talabalikka tavsiya etilmagan, lekin 56,7 ball va undan yuqori ball to‘plagan abituriyentlarga tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qish imkoniyati yaratiladi. 2019 yilda 32 948 nafar abituriyent ushbu imkoniyatdan foydalangan», deb yozmoqda DTM sayti.

Abituriyentlar tabaqalashtirilgan to‘lov-kontraktda o‘qish imkonidan foydalanish (superkontrakt) uchun 26 sentyabrdan boshlab OTMlarga murojaat etishlari mumkin.

Davlat test markazining apellyatsiya komissiyasi 28 sentabr kuni faoliyat boshlaydi.

Bunda, apellyatsiya shikoyati Davlat test markazining rasmiy veb-sayti orqali qabul qilish boshlanadi.

Apellyatsiya shikoyatini bergan abituriyentlarga uni ko‘rib chiqish sanasi va vaqti ko‘rsatilgan xabarnoma beriladi. Abituriyent xabarnomada belgilangan vaqtda o‘zining pasporti va abituriyent ruxsatnomasi bilan Davlat test markaziga kelishi shart.

Eslatib o‘tamiz, tanlov natijalari bugun, 25 sentabr kuni soat 15:00da DTM rasmiy sayti orqali e'lon qilinishi boshlandi.

Lekin DTM saytida nosozliklar kuzatilmoda.

Test natijalarini qanday bilish mumkin?

Abituriyentlar buning uchun ruxsatnomasining pastki o‘ng burchagida QR kod ostiga maxsus havola (link) ochib, test natijasini ko‘rishi mumkin.

QR kodni qanday o‘qish mumkin?

1) Hozirgi zamonaviy smartfonlarning deyarli barchasida QR kodni o‘qish uchun telefon kamerasining o‘zi kifoya qiladi. Alohida qanaqadir dastur o‘rnatish shart emas. Shunchaki telefon kamerasini yoqing va abituriyent ruxsatnomasining pastki qismidagi QR kod ustiga kamerani olib boring. Shunda telefon ekranida yozuv paydo bo‘ladi va abitur.dtm.uz saytidagi maxsus uzun havola chiqib keladi. O‘sha havolani brauzer orqali ochsangiz, natijani ko‘rish mumkin bo‘ladi.

2) Agar mabodo telefoningiz kamerasini QR kod ustiga olib borganingizda ekranda hech qanday o‘zgarish bo‘lmasa, unda QR kod o‘qiydigan maxsus ilova yuklab olishingiz kerak bo‘ladi. Masalan, mana bu dasturni yuklab olish mumkin.

Mavzu
Qabul-2020
20 iyun kuni OTMlarga hujjat qabul qilish boshlandi. Imtihonlar 1 avgust kuni boshlanishi rejalashtirilmoqda.
Barchasi
Top