22:55 / 25.09.2020
10206

Ekspert izohi: Koronavirus infeksiyasining yuqumli bo‘lmagan turi ham mavjudmi?

Koronavirus infeksiyasi asosan kasallangan bemor nafas chiqarganda mayda zarralar bilan atrofga tarqaladi. Bu holat xar safar bemor aksa urganda, yo‘talganda va hatto gapirganda yuz beradi, dedi Nargiza Nurullayeva.

AOKAda o‘tkazilgan brifingdan Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a'zosi Nargiza Nurullayeva “Koronavirus infeksiyasining yuqumli bo‘lmagan turi ham mavjud ekan, shu to‘g‘rimi?”, deya berilgan savolga javob qaytardi.

«Ba'zi tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, zarrachalar qo‘shiq kuylaganda va oddiy nafas olganda ham tarqaladi. Bu zarralar yirik bo‘lib, ular ma'lum bir masofada tarqala olmaydi va tez pastga qulaydi. Sog‘lom kishilar ushbu zarralar mavjud bo‘lgan havodan nafas olganlarida kasallanishlari mumkin. Virus inson organizmiga shilliq qavatlar – og‘iz, burun yoki ko‘z orqali tushadi. Virusning yashovchanligi tashqi yuzalar turi va atrof muhit sharoitiga bog‘liq ravishda ma'lum muddat saqlanib qoladi.

Olimlarning aniqlashlaricha virus past haroratda bir necha hafta, xona haroratida kartonlarda 24 soatgacha, temir buyumlarda 48 soatgacha, plastik buyumlarda esa 72 soatgacha yashab qoladi. Kasallik yuqumliligi va oila a'zolariga yuqish xavfi yuqoridagi omillardan kelib chiqadi», - dedi shtab a'zosi savolga javoban.

Brifingda OITS kasalligi bilan ro‘yxatda turadigan shaxslarda koronavirus kasalligi qanday kechishi bo‘yicha ham ma'lumot berildi.

«OIV infeksiyasi mavjud bo‘lgan va kasallik rivojlanganlarda, shuningdek, past darajada CD4 genomi mavjud bo‘lgan va virus yuklamasi yuqori bo‘lganlarda, bundan tashqari antiretrovirus davo olmaydigan bemorlar kasalliklarning asoratlari va infeksiya yuqish yuqori xavf guruhiga kiradilar. Barcha OIV mavjud bo‘lgan yoki nazorat qilish qiyin bo‘lgan OIV bo‘lganda qo‘shimcha ehtiyot choralarini ko‘rish lozim.

Hozirgi kunda OIV mavjud bo‘lganlar va oddiy aholi orasida COVID-19 bilan zararlanish xavfi yoki uning asoratlari to‘g‘risida ishonchli farq ko‘rsatilgan ma'lumotlar yo‘q. OIV mavjud bo‘lgan ba'zi bemorlarda COVID-19 asoratlarining ma'lum xavf omillari ya'ni, qandli diabet, gipertoniya va boshqa infeksion kasalliklar kuzatilishi mumkin. Shunga ko‘ra OITS bilan og‘riganlarda COVID-19`ning og‘ir kechishi xavfi yuqori bo‘lishi mumkin», - dedi Nargiza Nurullayeva.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top