15:24 / 25.09.2020
28985

SSV O‘zbekiston «Sputnik-V» vaksinasidan faqat 5 ming doza olishini ma'lum qildi

O‘zbekiston Rossiya vaksinasidan 5 ming doza so‘ragan. Shuningdek, Xitoydagi kompaniyalar bilan kelishuvlar tuzilgan.

Foto: Vyacheslav Prokofev/TASS

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati O‘zbekiston koronavirusga qarshi vaksina bilan emlash jarayonida ishtirok etish uchun olib borayotgan ishlar to‘g‘risida ma'lumot berdi.

Ma'lum qilinishicha, O‘zbekiston Xitoy va Rossiyada uchinchi bosqich sinovlari o‘tkazilayotgan vaksinalarni xarid qilish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda.

Xitoy Xalq Respublikasi kompaniyalaridan vaksinalar klinik sinovlarining uchinchi bosqichini O‘zbekistonda birgalikda amalga oshirish bo‘yicha takliflar olingan. Xususan, Innovatsion rivojlanish vazirligi Xitoyning «Sinopharm» kompaniyasining vakolatli korxonasi - «Yilin International Commerce» MChJ bilan, shuningdek, «Zhifei Longcom» kompaniyasi bilan kelishuvlar imzolangan.

Bundan tashqari, Rossiya Federatsiyasida ishlab chiqarilayotgan «Sputnik-V» vaksinasining 5000 dozasini O‘zbekiston Respublikasiga ajratish yuzasidan Rossiyaning to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasiga murojaat qilingan.

Vazirlikning eslatishicha, O‘zbekiston Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining «COVAX» (koronavirusga qarshi vaksinalash) xalqaro mexanizmiga qo‘shilgan va agar vaksina muvaffaqqiyatli ishlab chiqilgan bo‘lsa, «COVAX» mexanizmida ishtirok etadigan mamlakatlar aholisining 20 foizini emlash uchun yetarli vaksina ta'minotiga kafolatlangan dastlabki kirish imkoniyatdan foydalaniladi. Shuningdek, ushbu dasturning asosiy maqsadi — yangi vaksinalarni yaratish va sinovdan o‘tkazish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar hamda ularni ommaviy ishlab chiqarishga tayyorgarlikni qo‘llab-quvvatlashdir.

«Yana bir muhim masala — vaksinalarni mamlakatimizda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish. Mazkur masala ham olimlarimiz va farmatsevtika sohasi ishlab chiqaruvchilari tomonidan ko‘rib chiqilmoqda. Bu holatda vaksinalar importga bog‘liq bo‘lmaydi. Ularni eksport qilish orqali qo‘shni davlatlarga ham yordam berish imkoni yaratiladi. Bu o‘z navbatida mintaqada Covid-19’ga nisbatan epidemiologik barqarorlikka erishish jarayonini ta'minlaydi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Ma'lumot uchun, bugungi kunda jahonda 25ta vaksina klinik, 139tasi esa klinikagacha bo‘lgan sinovlar jarayonida. Buyuk Britaniya, AQSh, Germaniya, Xitoy va Rossiya kabi davlatlarda ishlab chiqarilgan 9ta vaksinaning oxirgi (uchinchi) bosqich sinovlari o‘tkazilmoqda.

Bundan avvalroq, Rossiyadagi nashrlar LAXISAM farmatsevtika kompaniyasi Rossiya bevosita investitsiyalar jamg‘armasi (RTIJ) bilan O‘zbekistonga 35 million dozagacha «Sputnik V» vaksinasini yetkazib berishga kelishib olgani to‘g‘risida xabar tarqatgandi.

Sog‘liqni saqlash vaziri matbuot kotibi Furqat Sanayevning Kun.uz’ga izoh berishicha, xususiy kompaniya tomonidan tuzilgan bu kelishuv hukumat pozitsiyasini ifodalamaydi. U ushbu kompaniya bunday katta miqdordagi vaksinani xarid qilish imkoniyatiga ega emasligi va O‘zbekistonda bunday katta miqdordagi vaksinaga ehtiyoj ham yo‘qligini qo‘shimcha qilgan.

Top