11:15 / 28.09.2020
19656

Armaniston va Ozarboyjon bir-birining yuzlab askari o‘ldirilganini aytmoqda

Armaniston va Ozarboyjon Tog‘li Qorabog‘dagi harbiy harakatlar davomida raqib kuchlaridagi yo‘qotishlar to‘g‘risida turlicha ma'lumotlar tarqatmoqda.

Foto: Armaniston mudofaa vazirligi/TASS

Armaniston mudofaa vazirligi Ozarboyjonning 200 nafarga yaqin harbiysi o‘ldirilganini, shuningdek, raqibning 30ta tank va zirhli texnikalari hamda 20ta uchuvchisiz uchish qurilmasi yo‘q qilingani haqida xabar tarqatgan.

Vazirlik vakili Arsrun Ovannisyanning maxsus brifingda xabar qilishicha, Armaniston armiyasining jarohatlangan o‘nlab harbiylari Yerevandagi shifoxonalarga yotqizilgan.

O‘z navbatida Ozarboyjon mudofaa vazirligi arman askarlaridan 550dan ortiq nafari o‘ldirilgani, Armaniston armiyasining 22ta tanki, 18ta uchuvchisiz uchish qurilmasi, 15ta zenit-raketa majmuasi, 8ta artilleriya qurilmasi hamda uchta o‘q-dori ombori yo‘q qilinganini ma'lum qilgan.

Boku o‘z tomonidagi yo‘qotishlar haqida xabar bermagan. 

Armaniston o‘z armiyasi 550dan ortiq qurbon bergani haqidagi xabarlarni rad etdi.

Tog‘li Qorabog‘ respublikasi rahbari Araik Arutyunyan ozar harbiylari qator pozitsiyalarni egallaganini tasdiqlagan.

Uning ma'lum qilishicha, Ozarboyjon harbiylari Talish qishlog‘i tomon harakatlangan va tan olinmagan respublika janubidagi qator pozitsiyalarni egallagan.

Tog‘li Qorabog‘ mudofaa vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, Ozarboyjon armiyasi bilan janglar davomida yana 15 nafar harbiy xizmatchi halok bo‘lgan. Avvalroq to‘qnashuvlar qurboni bo‘lgan 16 nafar harbiy ro‘yxati e'lon qilingandi.

Avvalroq Ozarboyjon mudofaa vazirligi armiya kuchlari Tog‘li Qorabog‘dagi 6 qishloqni va bir qancha strategik tepaliklarni egallashgani haqida xabar tarqatgan, Armaniston mudofaa vazirligi matbuot xizmati rahbari Shushan Stepanyan esa feysbukdagi sahifasida bu ma'lumotni rad etib chiqqandi.

Boku tomoni xabar qilishicha, arman harbiylari dushanba kuni tongida Ozarboyjondagi Tartar shahrini artilleriyadan o‘qqa tutishni boshlagan. 

«Mudofaa vazirligi raqibni so‘nggi marta ogohlantiradi - Ozarboyjon armiyasi javob choralari qaytarishi mumkin», deya vazirlik bayonotidan iqtibos keltirgan «Interfaks».

Mavzu
Qorabog‘ urushi
12 iyul kuni Ozarboyjon shimoli-g‘arbidagi Tovuz viloyati hududida ikki davlat qo‘shinlari o‘rtasida to‘qnashuv sodir bo‘ldi.
Barchasi
Top