10:14 / 28.09.2020
4610

«O‘zarxiv» agentligi direktoriga o‘rinbosar tayinlandi

"O‘zarxiv" agentligi axborot xizmati xabariga ko‘ra, Husan Isayev 1972 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Ma'lumoti - oliy, 2000 yilda Toshkent elektrotexnika aloqa institutini telekommunikatsiya yo‘nalishi bo‘yicha tamomlagan.

2006 yilda menejment yo‘nalishi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasining Oliy biznes maktabini tugatgan, biznesni boshqarish magistr darajasiga ega.

Ish faoliyatini Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida 1993 yilda elektromexanik sifatida boshlagan. 1995-2000 yillarda "O‘zbektelekom" AK Toshkent filialida muhandis, yetakchi muhandis bo‘lib ishlagan, 2000-2004 yillarda "O‘zbektelekom" AK bosh direktorining yordamchisi, bo‘lim boshlig‘i lavozimlarida ishlagan. 2004-2005 yillarda u O‘zbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligi bosh direktorining yordamchisi, 2005-2006 yillarda O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining o‘rinbosari - O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Axborot tizimlari va telekommunikatsiyalar kompleksi rahbari yordamchisi lavozimida ishlagan.

2006-2012 yillarda hududiy boshqarmalar faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i, 2012-2014 yillarda O‘zbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligining litsenziyalash va standartlashtirish bo‘limi boshlig‘i, O‘zbekiston Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasining litsenziyalash va litsenziya shartnomalarining bajarilishini tahlil qilish bo‘limi boshlig‘i lavozimlarida ishlagan. 2014-2016 yillarda "Elektron hukumat tizimini rivojlantirish markazi" direktorining o‘rinbosari va birinchi o‘rinbosari, 2016-2017 yillarda UZINFOCOM markazining direktori bo‘lgan.

2017 yil sentyabr oyidan boshlab Husan Isayev AKT masalalari bo‘yicha Davlat kadastrlari, geodeziya va kartografiya milliy markazi direktorining o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.

Top