23:43 / 29.09.2020
12726

Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasidagi chiqishi jahon matbuoti nigohida

Jahon ommaviy axborot vositalarida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasidagi chiqishiga bag‘ishlangan maqolalar e'lon qilinmoqda. Ularda mamlakatda Shavkat Mirziyoyev boshchiligida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar va ijobiy o‘zgarishlar tilga olingan.

Jumladan, «Cumhuriet» (Turkiya) gazetasining 26 sentabr kungi sonida chop etilgan «O‘zbekistonning murojaati va Turkiya» deb nomlangan maqolada shunday deyiladi:

«Birinchi darajaga chiqqan yetakchilar paydo bo‘ldi. ulardan biri – O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekiston rahbari ilk marta rus yoki ingliz tilida emas, ona tili, o‘zbek tilida murojaat qildi. Bu juda muhim edi. Nutq mazmunli bo‘ldi. Meni ilgari surilgan takliflarning aniq va mazmunli ekanligi hayratga soldi.

O‘zbekiston rahbari Mirziyoyev o‘z xislatlari va amaliy faoliyati bilan buyuk yo‘lboshchimiz – Mustafa Kamol Otaturkni eslatadi.

U til va madaniyatga sinchkovlik bilan yondashadi. U o‘zbek tilini davlat muassasalari, ijtimoiy soha va kundalik turmushda yagona rasmiy til sifatida qabul qiladi. Milliy mustaqillikka chin yurakdan e'tibor qaratadi. Uni mintaqaviy tashqi siyosat o‘ylantiradi. U qo‘shni mamlakatlar bilan siyosiy va savdo munosabatlarini rivojlantirmoqda.

U o‘z mamlakatini yosh avlodga ega bo‘lgan rivojlanayotgan bozor, muhim energetik yo‘nalish sifatida oldinga olib chiqishga harakat qilmoqda», deb yozadi maqola muallifi.

Ispaniyaning «Galicia Digital»  nashrida 25 sentabr kuni e'lon qilingan maqolada «Yangi O‘zbekistonning tashabbuslari jahon hamjamiyati uchun qiziqarli va dolzarbdir» sarlavhali maqola muallifi esa shunday fikr bildiradi:

«Janob Sh.M. Mirziyoyevning chiqishini tinglar ekanman, O‘zbekiston rahbarining eng dolzarb va muhim xalqaro masalalarga nisbatan konseptual yondashuvi va ularni hal qilish bo‘yicha takliflari to‘g‘risidagi fikrlarim bilan bo‘lishish zarurligini tushundim.  

Ishonch bilan aytishim mumkinki, O‘zbekiston va uning prezidenti Sh.M. Mirziyoyev – qonun ustuvorligi va inson huquqlarini ta'minlashga intilayotgan dunyoning qolgan rivojlanayotgan mamlakatlari uchun namuna hisoblanadi. 

Qayd etish joiz, Sh.M. Mirziyoyev nafaqat zamonamizning dolzarb masalalari to‘g‘risida fikr yuritadi, balki kelajakka ham chuqur nigoh bilan boqadi: zero yoshlarga g‘amxo‘rlik – go‘zal va farovon kelajagimiz uchun yutqazilmaydigan investitsiya. 

Sh.M. Mirziyoyev dunyo yetakchilarini bu haqda o‘ylashga, bu yo‘nalishda birgalikda harakat qilishga va yosh avlod uchun munosib kelajakni ta'minlashga chaqiradi».

«Blumberg-Turkiya» (Turkiya) ham O‘zbekiston prezidentining BMT minbaridagi chiqishi borasida ekspertlar fikrini taqdim etgan.

O‘zgat-Bozok universitetining iqtisodiy va boshqaruv bilimlari fakulteti dekani Kurshad Zorlu prezident Mirziyoyevning murojaatini butun Markaziy Osiyo va Turkiya uchun juda muhim deb hisoblaydi.

Uning fikricha, BMTda o‘zbek tilida yangragan nutq – bu milliy ildizlarga berilgan urg‘u, ammo bunga millatchilik ifodasi va qo‘shni mamlakatlar bilan munosabatlarning ehtimoliy yomonlashuvi sifatida qaralmasligi kerak.

Aksincha, mamlakatning avvalgi prezident davrida tushib qolgan o‘z-o‘zini izolyatsiya qilishdan chiqishi hozirgi prezidentning hokimiyat tepasiga kelishiga bog‘liq.

Oxirgi to‘rt yilda qo‘shni turkiy tilli davlatlar bilan mustahkam aloqalarning yo‘lga qo‘yilishi buning yaqqol isbotidir. Ammo rasmiy Toshkent nafaqat qo‘shni davlatlar bilan hamkorlikni rivojlantirmoqda, balki butun jahon hamjamiyati bilan integratsiyalashish borasida muhim qadamlarni qo‘ymoqda.

Anqaralik yana bir tahlilchi – «Sahipkiran» strategik tadqiqotlar markazi direktori o‘rinbosari Jasurxon Toshning fikricha, «O‘zbekiston Shavkat Mirziyoyev bilan birgalikda tashqi dunyoga ochilayotgan, mintaqaviy vaziyatlarga sezgirlik bilan javob qaytaradigan va global muammolarni hal qilishda faol ishtirok etadigan davlat sifatida oldingi o‘ringa chiqmoqda».

Uning ta'kidlashicha, prezident Mirziyoyev 2017 yilda BMT Bosh assambleyasining 72-sessiyasida beshta xalqaro tashabbusni ilgari surgan va hozirda ularning barchasi amalga oshirilmoqda.

Masalan, O‘zbekistonning tashabbuslari doirasida Markaziy Osiyoning barcha besh mamlakati rahbarlari yuqori darajadagi maslahatlashuv uchrashuvlarini muntazam o‘tkaza boshladi. Yana bir misol  – BMTda ilgari surilgan tashabbuslarni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston 2018 yilda Toshkentda Afg‘oniston bo‘yicha yirik xalqaro anjuman o‘tkazdi.

Top