20:44 / 30.09.2020
35663

Aliyev Tog‘li Qorabog‘dagi to‘qnashuvlarni to‘xtatishning yagona shartini aytdi

Avvalroq Ilhom Aliyev Tog‘li Qorabog‘dagi vaziyat bo‘yicha Yerevan bilan muzokaralar uchun imkoniyat ko‘rmayotganligini aytgandi.

Foto: Kremlin.ru

Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev Boku tomonidan harbiy harakatlar to‘xtatilishining yagona sharti Tog‘li Qorabog‘ hududidan Armaniston qurolli kuchlarining to‘laligicha va zudlik bilan olib chiqib ketilishi ekanligini aytdi. Bu haqda Media.az xabar bermoqda.

«Armaniston bosh vaziri bizga shart qo‘ymoqda, u yettita shart qo‘ydi. Biz bu shartlarni rad etishimiz haqida yaqinda aytgandim. Bizda faqat bitta shart bor — Armaniston qurolli kuchlari bizning yerlarimizni to‘liq tarkibda va zudlik bilan tark etishi lozim. Bu shart o‘z kuchida va agarda Armaniston hukumati uni bajarsa, janglar to‘xtaydi, qon to‘kilishiga chek qo‘yiladi va mintaqada tinchlik o‘rnatiladi», — degan Aliyev yaralangan harbiylar bilan uchrashuv chog‘ida.

Avvalroq Aliyev Tog‘li Qorabog‘dagi vaziyat bo‘yicha Yerevan bilan muzokaralar uchun imkoniyat ko‘rmayotganligini aytgandi. U buni Armanistonning Tog‘li Qorabog‘ maqomi bo‘yicha tutgan pozitsiyasi bilan izohlagan.

Nikol Pashinyan Rossiya televideniyesi efirida qilgan chiqishida agar muzokaralar YeXHTnning Minsk guruhi shaklida o‘tkazilsa, Armaniston muzokaralarga tayyor ekanligini aytgandi.

Mavzuga oid
Top