08:27 / 30.09.2020
3351

Toshkent shahri aholisining ichimlik suvidan qarzdorligi 124 milliard so‘mga yetdi 

Ayni kunda Toshkent shahri aholisining ichimlik suvidan qarzdorligi 124 milliard so‘mga yetdi. Bu haqda “Toshkent shahar suv ta'minoti” xabar berdi.

Qayd etilishicha, qarzdorlikning bu tarzda o‘sishiga ko‘plab omillar sabab bo‘lgan. Jumladan, ayni kunda ham boshdan kechirilayotgan karantin cheklovlari aholini to‘lov qobiliyatini cheklagan bo‘lsa, sabablardan yana biri ko‘p yillardan buyon aholidan ichimlik suvi to‘lovlarining o‘z vaqtida undirilmagani.

“Sohadagi mazkur yirik miqdordagi debitor qarzdorlik tizim rivoji bir muncha ortga surilishiga ham sabab bo‘lmoqda.

Shundan kelib chiqib, aholining ichimlik suvidan qarzdoriligini yil so‘ngiga qadar qisqartirish bo‘yicha “Toshkent shahar suv ta'minoti” MChJ tomonidan aniq chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. Unga ko‘ra tizimdagi barcha mutasaddilar ushbu sa'y-harakatga safarbar etildi”, - deyiladi ma'lumotda.

Ayni kunda barcha mutasaddilar mahallarda bo‘lib, aholiga keng tushuntirish ishlarini olib bormoqda. Shundan kelib chiqib, qarzlarni undirish bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda.

“O‘rganishlar davomida bir jihat e'tiborni tortmoqda. Ichimlik suvidan qarzdorlar orasida o‘ziga to‘q, daromad manbayi aniq bo‘lgan aholi vakillarining borligi ayniqsa ajablanarlidir. “Toshkent shahar suv ta'minoti” MChJ vakillari ana shunday xonadonlarda bo‘lishganda, uy egalarining turli vaj va bahonalar bilan suv haqini to‘lamaslikka harakat qilayotganlari ham ayni haqiqatdir”, - deyiladi xabarda.

“Toshkent shahar suv ta'minoti” MChJ poytaxt aholisidan ichimlik suvi to‘lovini o‘z vaqtida to‘lashni so‘ragan.

Top