22:24 / 01.10.2020
4147

Amazon xarid uchun to‘lovlarni kaft bilan amalga oshirish tizimini taqdim etdi

Amazon kompaniyasi do‘konlarda xaridlar uchun to‘lovni kaft yordamida amalga oshirish imkonini beruvchi yangi biometrik texnologiya Amazon One’ni ishga tushirishini e'lon qildi.

Foto: Amazon

To‘lovlar kaftning maxsus skanerga tutilishi bilan amalga oshiriladi. Biroq bundan avval foydalanuvchilar biometrik ma'lumotlarni o‘z kredit kartalari bilan bog‘lashlari lozim. Shundan keyin kaft bilan xaridlar uchun to‘lovni amalga oshirish mumkin bo‘ladi.

Ma'lum qilinishicha, ushbu texnologiya dastlab kompaniyaning Sietldagi bosh qarorgohi yaqinida joylashgan Amazon Go kassasiz do‘konlarida qo‘shimcha funksiya sifatida paydo bo‘ladi. So‘ngra texnologiya sekin-asta boshqa do‘konlarga tatbiq etiladi.

Bundan tashqari, kompaniya ushbu texnologiyasini boshqa kompaniyalar – do‘konlar, stadionlar va ofis markazlariga sotmoqchi.

Kompaniyaning oflayn savdo bo‘yicha vitse-prezidenti Dilip Kumar bunda shaxsiy ma'lumotlar qay darajada daxlsiz qolishi haqidagi savolga javoban, tizim xaridor nima sotib olgani va necha pul sarflaganini emas, balki faqat xarid amalga oshirilgan joyni qayd qilishini ma'lum qilgan.

“Daxlsizlikka kelsak, kaft suratlari Amazon One qurilmalarida saqlanmaydi. Ular shifrlangan ko‘rinishda bulutli saqlagichga jo‘natiladi. Foydalanuvchilar biometrik ma'lumotlari qo‘llanib bo‘lingandan keyin ularning o‘chirib tashlanishini talab qilishlari mumkin”, deb ta'kidlab o‘tgan Kumar. 

Mavzuga oid
Top