23:36 / 02.10.2020
16453

«Siyosiy zilzila»: Trampning koronavirusga chalinishi savol va javoblarda

AQSh prezidenti Donald Tramp koronavirusga chalingani haqidagi xabar charog‘on osmonda qo‘qqisdan gumburlagan momaqaldiroqdek aks-sado berdi. Endi prezidentlik saylovlari nima bo‘ladi? Tramp qanday davolanadi? Demokratlar nomzodi Jo Bayden ham zararlangan bo‘lishi mumkinmi? Quyida amerikaliklar yetakchisining kasallanishi tug‘dirgan savollarga javoblar berishga harakat qilingan.

Foto: EPA

Oq uyning prezident virusdan zararlangani haqidagi xabari Vashington vaqti bilan soat tungi ikkida e'lon qilindi, amerikaliklarning katta qismi bu hodisadan faqat tongda xabar topdi.

BBC’ning Shimoliy Amerika bo‘yicha korrespondenti Entoni Zurker bu hodisani siyosiy zilzila deb atadi.

Dunyodagi eng qudratli insonning jiddiy kasallikka chalinishi, ayniqsa, saylovlarga bir oy vaqt qolganida saylov jarayoniga ham ta'sir ko‘rsatishi mumkin.

Prezidentlik saylovlari endi nima bo‘ladi?
«Men saylovlar 3 noyabr kuni o‘tkazilishiga hech qanday shubha qilmayapman», dedi Amerikadagi Politico nashrining Yevropadagi bo‘limi muharriri Jyek Blanshar.

Ushbu tahlilchi internetda paydo bo‘layotgan konspirologik talqinlarni jiddiy qabul qilmaslikka chaqirgan.

AQSh tarixida biror-bir sababga ko‘ra prezidentlik saylovlari qoldirilishi hali kuzatilmagan. Amerikaliklar ongida «noyabrning birinchi dushanbasidan keyingi birinchi seshanba» sanasi muhrlanib qolgan.

1841 yilda Uilyam Garrison prezidentlik qasamyodini qabul qilganidan bir oy o‘tib olamdan o‘tganida vitse-prezident Jon Tayler qolgan to‘rt yil davomida mamlakatni boshqarishi kerakligi yoki shoshilinch ravishda saylovlar o‘tkazilishi bo‘yicha bahslar bo‘lgan. O‘shanda Tayler 4 yil davomida prezidentlik qilgan va bu masala boshqa hech qachon ko‘tarilmagan.

Biror nomzod saylovlar yaqin qolganida vafot etgani yoki saylovda ishtirok etishga yaramay qolgani bilan bog‘liq holat ro‘y bermagan.

Trampning sog‘ligi haqida nimalar ma'lum?
AQSh prezidenti tvitterdagi sahifasida yaqin maslahatchisi Houp Hiksda virus chiqqach, o‘zi va rafiqasi koronavirusni aniqlash uchun test topshirgani, ikkisining ham natijasi musbat chiqqani va endi karantinga ketishlari haqida yozdi.

Oq uy Trampda Covid-19 alomatlari yengil shaklda ekanini ma'lum qildi. Oq uy ma'muriyati rahbari Tramp tetik holda ishlashni davom ettirayotganini aytdi va prezident tez orada sog‘ayishiga umid bildirdi.

New York Times nashri prezidentga yaqin manbasiga aoslanib xabar berishicha, undagi alomatlar shamollashnikiga o‘xshash kechmoqda - unda yo‘tal va harorat kuzatilmoqda.

Prezidentning davolovchi shifokori Shon Konli u o‘z majburiyatlarini bajara olishini ma'lum qilgan.

«Ayni vaqtda prezident va birinchi xonim o‘zlarini yaxshi his qilishmoqda, ular sog‘aygunlaricha Oq uyda qolishmoqchi. Ishontirib aytishim mumkinki, prezident hech bir muammosiz o‘z ishini bajarishda davom eta oladi», degan u.

Prezidentning rafiqasi Melaniya Tramp tvitterida o‘zini qanday his qilayotgani haqida yozib qoldirgan. «Bu yilda kasallikni boshdan kechirgan ko‘plab amerikaliklar singari test natijasi musbat chiqqach, biz prezident Tramp bilan uyda ihotalandik. O‘zingizni asrang, biz kasallikni birga yengib o‘tamiz», deb yozgan birinchi xonim.

Stenford universitetining tibbiyot fakulteti yuqumli kasalliklar kafedrasi bo‘limi Upinder Singh BBC bilan suhbatda kasallik kechishi qanday davom etishini oldindan aytib bo‘lmasligini qayd etib o‘tgan.

«AQShda koronavirusg chalinganlarning 80 foizi shifoxonaga yotqizilmaydi, shifoxonaga yotqiziladiganlarning aksari 65 yoshdan katta bemorlardir, prezident esa 74 yoshda. Dastlabki uch kunda bemorlar o‘zini yaxshi his qilishadi, odatda to‘qqizinchi va o‘n to‘rtinchi kunlar orasida ahvol keskin yomonlashishi kuzatiladi», deya eslatadi u.

Bostondagi Brigem tez yordam shifoxonasi shifokori Jyeremi Faust ham xavf mavjud ekanini ta'kidlab o‘tgan.

«Unda [prezident Tramp] ortiqcha vazn bor va semizlik bemorlar uchun jiddiy xavf omilidir. Yosh ham, shubhasiz, xavf omili hisoblanadi. 70 yoshdan oshgan bemorlarning o‘limi bilan bog‘liq holatlar soni 30 yoshgacha bo‘lganlarning o‘limi bilan bog‘liq holatlardan 90 baravar ko‘p. Hatto erkak jinsidagi bemorlar orasidagi o‘limlar soni ham nisbatan ko‘proq. Prezident - sog‘lom odam, dunyodagi eng mashaqqatli ishlardan birini uddalab kelmoqda, ammo boshqa tomondan, xavotirlanishga asos bor», degan u BBC muxbiriga.

Prezidentning davolanishi qanday bo‘ladi?
Harvard universitetidan bo‘lgan epidemiolog Erik Fogl-Din prezident remdesivir dorisini qabul qilishi va unga kasallikdan tuzalib, antitana hosil qilgan donorlar qoni quyilishini taxmin qildi. «Aytish kerakki, u dunyodagi eng yaxshi muolajalarni oladi», deya qo‘shimcha qildi u.

Jo Bayden ham zararlangan bo‘lishi mumkinmi? Vitse-prezident Penschi?
Donald Trampda koronavirus aniqlanishidan ikki kun oldin prezidentlik saylovlarida Demokratik partiyadan nomzod bo‘lgan Jo Bayden u bilan teledebatda ishtirok etgandi. Ammo raqiblar tibbiy niqobda bo‘lishgan va bir-biriga ikki metr masofada turishgan, debat avvalida qo‘l berib ko‘rishish an'anasi bekor qilingandi.

«Jo Bayden virus yuqtirib olishi ehtimoli juda past», deya ishonch bildirgan Erik Fogl-Din.

Vitse-prezident Pens Klivlenddagi debatlarga bormagandi. U Trampning virus tashuvchisi bo‘lgani taxmin qilinayotgan maslahatchisi Houp Hiks bilan hamda prezidentning o‘zi bilan oxirgi marta qachon uchrashgani haqida aniq ma'lumot yo‘q.

Shuningdek, so‘nggi kunlarda Tramp bilan ko‘rishgan Oq uy apparati rahbari Mark Medouz va moliya vaziri Stiv Mnuchin ham virusga chalingan bo‘lishi mumkin. Ular yaqinda Kongress binosida bo‘lishgan va ko‘pchilik bilan uchrashgandi.

Prezident va vitse-prezident bir vaqtda kasallansa, mamlakatni kim boshqaradi?
Tramp va uning siyosatining ashaddiy tanqidchisi bo‘lgan demokrat, Kongressdagi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi vaqtincha prezidentlik qilishi mumkin. Ammo shu vaqtgacha bunday holat ro‘y bermagan.

Qonunchilikka ko‘ra, Tramp va Pens bir vaqtda layoqatsiz bo‘lib qolsa, davlat rahbari lavozimini Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi egallashi kerak bo‘ladi

Oq uydan chiqqan ma'lumotlarga ko‘ra, Tramp o‘z vakolatlarini vitse-prezident Pensga o‘tkazmagan va ahvoli keskin yomonlashmasa, bunday qilmoqchi ham emas.

Erik Fogl-Dinning fikricha, Trampning kasallangani uning saylovoldi kampaniyasiga ta'sir ko‘rsatishi mumkin, ammo prezidentlik majburiyatlariga emas.

Agar kasallik simptomlarsiz kechsa, AQShdagi qoidalarga ko‘ra, karantin davri 14 kundan 10 kungacha kamayadi. Lekin u 14 kun izolyatsiyada qolsa, 15 oktyabrga belgilangan ikkinchi debat o‘tkazilishi so‘roq ostida qoladi.

Bu voqealar Trampning qayta saylanish imkoniyatlariga qanday ta'sir ko‘rsatadi?
Hozirda bu haqda biror narsa deb bo‘lmaydi.

BBC korrespondenti Entoni Zurkerning ta'kidlashicha, bir tomondan har qanday baxsizlik amerikaliklarni prezident atrofida jipslashtiradi; boshqa tomondan saylovchilarning bir qismida Covid-19’ni yetarlicha jiddiy qabul qilmagan prezidentga savollar bor.

«Millionlab amerikanliklar hozirda prezidentga, birinchi xonimga va Houp Hiksga sog‘lik tilamoqda. Shu bilan birga, u koronavirus haqida yolg‘on ma'lumotlar tarqatgan va unga yengil qaragan prezidentdir», deydi vashingtonlik politolog Erik Hemm.

«Men pandemiya boshlangan vaqtda Oq uyda bo‘lganman va guvohlik berishim mumkinki, u yerdagilarning aksari niqob ham taqmagandi», deya qo‘shimcha qiladi u.

«Televizorda ham ko‘rish mumkinki, uning atrofidagilarning ko‘pchiligi niqobsiz, men ertami kechmi shunday bo‘lishini bilardim», deya qayd etgan Erik Fogl-Din.

Ikki kun muqaddam, debatlar vaqtida ham Tramp Jo Bayden jamoat joylarda niqobini yecha olmagani va saylovchilari bilan uchrashmagani uchun mazax qilgandi.

Jyek Blanshar saylovga bir oy vaqt qolganida bu vaqtning yarmini karantinda o‘tkazishni o‘z kampaniyasini ommaviy tadbirlar asosiga qurgan siyosatchi uchun halokat deb atagan.

«Jo Baydendan ortda qolayotganini hisobga olsak, Donald Tramp so‘nggi haftalarda juda faol kampaniya o‘tkazishi kerak edi», deydi u.

So‘nggi xabarlarga ko‘ra, Jo Bayden va rafiqasi Jill topshirgan test manfiy natija bergan. U saylovoldi kampaniyasini davom ettirish uchun Michiganga jo‘nab ketgan.

«Men mamnuniyat bilan ma'lum qilamanki, Jill bilan birga topshirgan testimiz natijasi manfiy chiqdi. Umid qilamanki, bu eslatma sifatida xizmat qiladi: niqob taqing, ijtimoiy masofaga amal qiling va qo‘llarni doimo yuving», deya yozgan u tvitterda.

Hozirda teledebatlarning qolgan bosqichlari va umuman, saylovoldi kampaniyasining qolgan qismi qanday kechishi noma'lum bo‘lib qolmoqda.

Mavzu
AQSh-2020
2020 yilning 3 noyabrida AQShda prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tadi. 3 fevral kuni demokratlar qarorgohida birlamchi saylovlar - kokuslar va praymerizlar boshlangan.
Barchasi
Top