17:14 / 04.10.2020
25286

Dunyo biz o‘ylaganchalik yomon emas: yanglish va negativ tasavvurlar qayerdan paydo bo‘ladi?

«Men o‘qigan kitoblar orasida eng muhimlaridan biri. Dunyoni tushunish uchun beqiyos qo‘llanma». Microsoft asoschisi Bill Geyts «Haqqoniylik» (Factfulness) asariga ana shunday ta'rif bergan edi.

Foto: Depositphotos

Xalqaro sog‘liqni saqlash va statistika bo‘yicha mutaxassis, taniqli ma'ruzachi Hans Rosling muallifligidagi kitob dunyo haqidagi stereotiplarni o‘zgartirishi bilan ommalashgan.

Kitobda: «Dunyo aslida biz o‘ylaganchalik yomon joy emas. U faqatgina gegemon davlatlarning raqobat maydoni, qirg‘inbarotlar, tabiiy ofatlardan iborat emas», degan fikr ilgari suriladi.

Muallif odamlar dunyo adolatsizlik va yomonlikdan iborat degan fikrga nega kelib qolishganini 10ta sabab bilan izohlaydi.

1-sabab. Dunyo faqat oq va qoradan iborat degan yanglish tasavvur

Rosling buni insondagi bo‘linish instinki bilan bog‘laydi va dunyoni qabul qilishdagi eng katta xato deb baholaydi. Bo‘linish instinkti bizda dunyo kambag‘allar va boylarga bo‘lingan degan adolatsizlik kartinasini hosil qiladi.

Inson psixikasi dixotimiyani – hamma narsani ikkiga bo‘lib tasavvur qilishni yaxshi ko‘radi: yaxshilar va yomonlar, boylar va kambag‘allar, rivojlanganlar va qoloqlar. Vaholanki, oltin o‘rtalik ham mavjud. Bir mamlakatda juda boylar va juda qashshoqlarning bo‘lishi haqiqat, lekin bu o‘sha mamlakat faqatgina shu ikki toifadan iborat degani emas. Ko‘plab mamlakatlarda o‘rtahol sharoitda yashayotganlar aksariyatni tashkil qiladi.

Ammo muallif o‘tkazgan so‘rovnomalar boshqacha natijani ko‘rsatadi. Dunyoda kambag‘allik darajasi necha foiz degan savolga aksariyat, hatto ziyoli qatlam vakillari ham 50 foiz deb javob berishadi. Aslida esa bu ko‘rsatkich – atigi 9 foiz.

Dunyoda 60-yillarda boy mamlakatlar va qashshoq mamlakatlar kontrasti juda sezilarli darajada bo‘lgan bo‘lsa, ikkinchi ming yillikka kelib, bu ziddiyat tobora yo‘qolib bormoqda. Ammo statistikadan qolgan hissiyotlar ta'siri hali yo‘qolmadi. Ya'ni odamlarning dunyodagi vaziyat haqidagi tasavvurlari hali ham 60-yillarniki bilan turibdi. Chunki dunyo manzarasini shakllantiruvchi asosiy platforma – ommaviy axborot vositalari shu qolipda ma'lumot uzatmoqda.

Biz 60-yillarning xaritalaridan foydalanmaymiz-ku, lekin nega 60 yillarning statistikasi bilan qotib qolyapmiz, deb yozadi Rosling.

2-sabab. Negativlik instinkti yomonlikka diqqat qaratishga majburlaydi

Inson ongi tanqid qilishga, kamchilik axtarishga moslashgan. Chunki kamchilikni topib, uni bartaraf etish orqaligina progressga erishish mumkin. Ammo umumiy kartinada ijobiy o‘zgarishlar ham borligini hech qachon unutmaslik kerak.

Dunyoda ma'naviy inqiroz ketyapti, oxirzamon kelyapti, muammolar ko‘payyapti, degan fikrlar aksariyatda ustuvor. Vaholanki, ijobiy o‘sish sur'atlari ko‘proq. Dunyo miqyosida bolalar mehnatiga chek qo‘yilmoqda, odamlarning yashash davomiyligi oshyapti (1800 yilda o‘rtacha umr davomiyligi 30 yosh bo‘lgan, hozir esa 70-72 yosh), 20 yil avval aholining 29 foizi qashshoqlikda yashagan bo‘lsa, hozir ularning ko‘rsatkichi 9 foiz. O‘tgan asrda bo‘lganidek ommaviy ocharchilik va qirg‘irbarotlar kuzatilayotani yo‘q.

Bunday mushohadaga ko‘pincha katta avlod sababchi bo‘ladi. Ular o‘tgan davrlar nostalgiyasi bilan yashashadi. Qachondir hammasi juda yaxshi edi, zamon qayerga qarab ketyapti, degan fikr keksa avlodda doim bo‘ladi. Vaholanki, aksar hollarda bugun kechagidan ko‘ra yaxshiroq bo‘ladi.

Bunday tasavvur paydo bo‘lganining yana bir sababi shundaki, hozir axborot ochiq va u tez tarqalish sur'atiga ega. Ilgari axborot manbalari cheklangani bois dunyoda kunlik 10ta halokat ham noma'lumligicha qolgan, hozir esa internet tufayli bitta halokat ham shov-shuvga aylana oladi.

3-sabab. To‘g‘ri chiziq instinkti aholi to‘xtovsiz o‘sib, resurslar cheklangani haqida vahima uyg‘otadi

Aholi soni oshib borayotgani rost. Ammo bu 20-30 yildan keyin Yer yuzida odam sig‘may qoladi degani emas. Chunki odamlar tug‘ilgan sari, vafot etayotganlar ham borligini unutmaslik kerak. 21-asrning dastlabki o‘n yilligida aholi soni 1 mlrd.ga oshdi degani keyingi o‘n yillikda ham yana shunchaga oshadi degani emas. Boisi statistika to‘g‘ri chiziq asosida rivojlanmaydi. Shuningdek, g‘arb mamlakatlarida farzand ko‘rish holatlari ham o‘tgan asrdagidek yuqori emas.

4-sabab. Qo‘rquv obektiv fikrlashga xalal beradi

Ibtidoiy davrda qo‘rquv insonlarning asosiy himoya vositasi bo‘lgan. Aynan qo‘rquv miyani kerakli choralarni ko‘rishga undaydi. Ammo qo‘rquv miyaning aniq tahlil qila olish qobiliyatini xiralashtirishi, hissiyotlarga erk berishi ham fakt.

Dunyo bizga xatarlar bilan to‘la makondek ko‘rinadi. Sabab – OAV shunday manzarani yaratadi. Katastrofalar, o‘lim, terror aktlari, kasalliklar. Lekin tarix kontekstida qaraydigan bo‘lsak, insoniyat hozir tarixning eng yaxshi davrida yashamoqda. Bashariyat hech hachon hozirgidek farovon yashamagan. Umr davomiyligi oshmoqda, progress bor, ta'lim ko‘rsatkichlari oshyapti. Lekin bizga faqatgina salbiy voqeliklarni ko‘rsatishadi. Chunki ijobiy xarakterdagi xabarlardan ko‘ra, salbiy bo‘yoqlarga ega yangiliklar auditoriyani ko‘proq qiziqtiradi. Bular ta'sirida paydo bo‘lgan qo‘rquv esa ratsional mushohadaga imkon qoldirmaydi.

Oddiy misol. 2016 yilda butun dunyoda 40 mln marta aviaparvozlar muvaffaqiyatli amalga oshirilgan, faqatgina 10tasi halokatga uchragan. Ammo biz 40 mln marta erishilgan muvaffaqiyatga emas, 10ta halokatga ko‘proq diqqat qaratamiz.

5-sabab. Hajmlar chalg‘itadi

Aksar hollarda raqamlarning hajmini neytral holda tasavvur qila olmaymiz. YUNISEF ma'lumotlariga ko‘ra, 2016 yilda 4,2 mln bola vafot etgan. Bu dahshatlidek tuyuladi. Lekin ma'lumotning bekgraundiga qaraydigan bo‘lsak, erta vafot etgan chaqaloqlar soni 2015 yilda 4,4 mln, 2014 yilda 4,5 mln, 1950 yilda 14,4 mln bo‘lganini ko‘rish mumkin.

Demak, 4,2 mln qanchalik katta raqamdek ko‘rinmasin, avvalgi ko‘rsatkichlar bilan solishtirganda kichik ekanligini ko‘rish mumkin. Shu bois hajmlarni yakka holda emas, balki kontekstdan yulmagan holda ko‘rish maqsadga muvofiq.

6-sabab. Bir qoida hamma yerda amal qilmaydi

O‘zimiz ko‘rgan va ko‘nikkan qoidani hamma joyda amal qiladi, hamma joyda bir xil kuchga ega deb o‘ylash reallikni noto‘g‘ri qabul qilishga sabab bo‘ladi. Rosling buni birgina oddiy misol bilan tushuntiradi.

Rosling o‘z talabalari bilan Hindistonda tibbiy amaliyot o‘tash uchun borgandi. 3-4 nafar shifokor shifoxona liftida ko‘tarilayotgan paytda Roslingning talabalaridan biri liftga ulgurish uchun yugurib kelib, lift eshiklari yopilmasligi uchun oyog‘ini qo‘yadi. Ammo lift baribir yopiladi va qizning oyog‘ini qisib, yuqoriga sudray boshlaydi.

Bu qizning ahmoqligi tufayli emas, balki o‘zi yashagan Shvetsiyadagi qoidalar Hindistonda ham amal qiladi deb o‘ylagani uchun sodir bo‘ladi. Chunki Shvetsiyada liftlar harakatni sezuvchi datchik bilan jihozlangan, Hindistonda esa yo‘q.

Birgina mamlakat, kichik hududdagi holat va qonuniyatlardan kelib chiqqan holda butun dunyoga baho berish noto‘g‘ri. Siz yashayotgan mamlakatda avtokratiya haligacha hukm surayotgani demokratiyaning mutlaqo puch g‘oya ekanini ifodalamaydi.

7-sabab. Taqdirga bo‘ysunish hissi barchasi allaqachon belgilab qo‘yilgan degan dogmani hosil qiladi

Biron holat bo‘yicha turg‘un qarashlarning bo‘lishi progressni inkor qiladi. Deylik, dunyodagi qashshoqlik haqida gap ketganda kishining ko‘z oldiga birinchi navbatda Afrika davlatlari gavdalanadi. Buning ustiga, ular hech qachon qashshoqlikdan chiqib keta olmaydi, ularning madaniyati, tabiati, sharoitlari progress uchun imkon qoldirmaydi, deb o‘ylaymiz; Afrikani hech bo‘lmaganda Sharqiy Yevropa davlatlari singari taraqqiyot bosqichida ko‘ra olmaymiz. 50-60 yil avval hozirda eng rivojlanganlar qatorida bo‘lgan Skandinaviya davlatlari ham qashshoq edi. Lekin ular hozir boy-ku?

Xususan, hozir boy bo‘lgan davlat hech qachon qashshoqlashib qolmaydi, degan tasavvur ham noo‘rin. Gap taraqqiyot haqida gap ketganda turg‘unlik sifatini ishlatish noto‘g‘ri. Chunki hamma ilgarilama harakat qiladi – kimdir tezroq, kimdir esa sekinroq. Ammo hech kim bir joyda turmaydi. Shu bois Rosling stereotiplardan chekinishni maslahat beradi.

8-sabab. Hammasini soddalashtirishga urinish reallikning noto‘g‘ri manzarasini hosil qiladi

Oddiy narsalarga intilamiz, murakkab narsalarni oddiy yo‘l bilan talqin qilishga intilamiz. Muammo oddiy va uning yechimi ham oddiy bo‘lishi yaxshi, ammo real hayotda bu imkonsiz, deydi Rosling.

Deylik, erkin bozor iqtisodiyoti qanday shakllanadi? Hukumat bozor munosabatlariga aralashishni to‘xtatsa, hammasi iziga tushadi. Yoki dunyoda tengsizlikni yo‘qotish uchun barcha boyliklarni aholining barcha qatlamlari orasida teng taqsimlash kerak, vassalom. Bu yechimlar oddiyligi bilan ham jozibador, uzoq va chuqur o‘ylashni talab qilmaydi. Ammo odamlarni o‘z nuqtayi nazarlariga mos kelmaydigan barcha ma'lumotlarni inkor qilishlariga olib keladi.

Rosling oddiy g‘oyalarga shubha bilan qarashni maslahat beradi. Ular qanchalik qulay bo‘lmasin, zaif tomonlariga ham ega. Inson faqatgina o‘ziga ma'qul bo‘lgan emas, balki shubhasi bo‘lgan ma'lumotlar bilan ham ishlasa, haqiqatni topish osonlashadi. Haqiqatga erishish uchun faqatgina o‘z maslakdoshlaringiz bilan emas, balki sizga qarama-qarshi fikr egalari bilan bahsga kirishish foydaliroqdir.

Holat haqida umumiy tasavvurga ega bo‘lish uchun eng birlamchi ma'lumotlargagina bog‘lanib qolish noto‘g‘ri. Shuningdek, bitta manbaning ma'lumotlariga tayanish ham. Rosling bir misol keltiradi. U Mozambik bosh vaziri bilan suhbatlashib qolganida vazir o‘z mamlakatida sezilarli taraqqiyot kuzatilayotganini aytadi. Rosling ochiq statistikalarda Mozambikning yalpi ichki mahsuloti yuqori emasligini aytganda, vazir mamlakat taraqqiyotini tahlil qilishda boshqa manbalarga ham tayanishini aytadi. «Mozambikda har yili an'anaviy ravishda o‘tkaziladigan umumxalq paradi bor. Unda hamma chiroyli kiyimlarda qatnashadi. O‘shanda odamlarning oyoq kiyimi bor-yo‘qligiga qarayman. Va oyoq kiyimi bor bo‘lganlar soni yildan yilga ortmoqda», deydi vazir.

9-sabab. Ayblash instinkti barcha muammolarga aybdorni topishga majburlaydi

Agar qandaydir ko‘ngilsizlik ro‘y bersa, bularning barchasiga qandaydir buyuk yovuz kuch aybdorligini isbotlashga urinish boshlanadi.

Noxush holatlar shunchaki, tabiiy yo‘sin bilan sodir bo‘lishi mumkinligini inson miyasi inkor qiladi. Ehtimoliy aybdor haqida variant paydo bo‘lishi bilan, boshqa barcha variantlarni ko‘rib chiqishni to‘xtatamiz. Bu esa muammoning asl ildiziga yetib borishga to‘sqinlik qiladi. Aviakatastrofada uxlab qolgan uchuvchini aybdor qilib ko‘rsatish mumkin, ammo bu boshqa aviahalokatlarning oldini olib qo‘ya olmaydi.

2015 yilda 4000 nafar qochoq Suriyadan Yevropaga yo‘l olgan paytda O‘rtayer dengizida cho‘kib vafot etdi. Jahon hamjamiyati g‘azabga mindi, rezina qayiqda suzib o‘tish uchun har bir kishi o‘rniga 1000 dollardan olgan kontrabandistlarni yomonladi. Rosling esa holatni keltirib chiqargan boshqa sabablari izlab ko‘radi. Turkiya yoki Liviyadan Yevropa shaharlariga yetib olish uchun chipta 50-100 yevro turadi, xavfsiz, intizomli kemalar harakatlanadigan paromlar ham bor. Lekin nega odamlar kontrabanda orqali suzib o‘tishga urinishdi? Chunki ular aviakompnaiya yoki rasmiy paromlar orqali o‘tishi uchun qochoq maqomini rasmiylashtirishi kerak, Yevropa mamlakatlari konsulliklarida esa buning imkoni juda kam, chunki arizalar ko‘p, ularni ko‘rib chiqish qamrovi oz. Natijada odamlar yashirincha yo‘llar bilan Yevropa hududiga o‘tib olishga harakat qilishadi. Rosling Yevropa ittifoqining immigratsiya siyosati kontrabanda bozori paydo bo‘lishiga sabab bo‘lgan, degan xulosaga keladi.

10-sabab. Shoshilish instinkti bizni shoshilinch va ahmoqona qarorlarga yetaklaydi

Tarang sharoit ta'sirida zudlik bilan qaror qabul qilishga to‘g‘ri keladi. Ammo bu zudlik kayfiyati aksariyat hollarda yanglish qarorlarga sabab bo‘ladi.

Muallif bu bo‘yicha o‘z tajribasidan misol keltiradi: Afrikaning chekkaroq hududida xizmat qilib yurgan chog‘ida mahalliy aholida noodatiy simptomlar – oyoqlar harakatsizligi, ko‘rish qobiliyatining yo‘qolishi kuzatiladi. Rosling hayajon va shoshilish ta'sirida qanday qaror qabul qilishni bilmaydi va bu yangi epidemiya degan taxmin bilan shahar meriga chegaralarni yopishni aytadi. Ertasi kuni shahar tashqarisidagi bozorga savdo uchun otlangan ayollar blokpostlarga duch kelishadi, chiqa olishmaydi. Ammo kun ko‘rishning yagona yo‘li bozor edi va dengiz orqali qayiqda suzib o‘tishga qaror qilishadi. Ayni shu kuni dengizda bo‘ron ko‘tariladi va ayollarning barchasi halok bo‘ladi.

Keyinchalik belgilar manioki o‘simligi iste'molidan zaharlanish oqibatida kelib chiqqani ma'lum bo‘ladi. Shoshilish kayfiyati, qo‘rquv va ehtimollar Roslingni noto‘g‘ri qarorga yetakladi va ayanchli oqibatga olib keldi.

Ibtidoiy davrda zudlikda qaror qabul qilish instinkti odamlarga xavf oldida to‘g‘ri harakatlanishga yordam bergan. Hozir ham katta yo‘lni kesib o‘tish kabi favqulodda vaziyatlarda tezlik bilan qaror qabul qilish (to‘xtash yoki yugurish) qo‘l keladi. Ammo favquloddagi qarorlar ba'zida noto‘g‘ri harakatlarga sabab bo‘lishi ham mumkin.

Har qanday faqulodda holatda ham sovuqqonlik va bosiqlik saqlanib qolishi kerak. Zudlik bilan qaror qabul qilishga to‘g‘ri kelganda ham imkon qadar ko‘proq vaqt va ma'lumot so‘rang.

Rosling o‘quvchini dunyoni bor bo‘yicha ko‘ra olishga o‘rgatadi. Qo‘rquv, stereotip, aldamchi tasavvurlarga aldanib, dunyo haqida yanglish tasavvurga borishdan qaytaradi.

Dunyoqarash faktlarga asoslangan bo‘lishi kerak, instinktlarga emas, deydi Rosling. Dunyoni yomon ko‘rmaslik esa kerakli harakatlarni belgilash va taraqqiyotga intilishga yo‘l ochib beradi.

Saodat Abdurahmonova tayyorladi.

Mavzu
Mutolaa zavqi
Kitob mutolaasi inson ruhiyatida ajib hissiyot, o‘zgacha quvvat va ichki xotirjamlik beradi. Bu sahifadagi maqolalar sizni ana shunday mutolaa zavqini his qilishga undaydi.
Barchasi
Top