07:36 / 05.10.2020
16519

Tramp qisqa vaqtga shifoxonani tark etdi

AQSh prezidenti Donald Tramp o‘z tarafdorlarini qarshilash uchun o‘zi davolanayotgan shifoxonani qisqa vaqtga tark etdi.

Tramp mashinada ko‘chada tizilib turgan tarafdorlariga qo‘lini silkitib ketgan, biroq mashinadan tushmagan. AQSh prezidenti va unga hamrohlik qilgan barcha kishilarda tibbiy niqob bo‘lgan. Prezident korteji qisqa safardan keyin yana shifoxonaga qaytgan.

Bundan avvalroq esa Tramp shifoxona oldida to‘plangan tarafdorlari oldiga chiqishi mumkinligini aytgan.

“Biz ko‘chada to‘plangan ajoyib vatanparvarlar uchun kichik syurpriz uyushtiramiz”, deb aytgan AQSh prezidenti tvitterda joylagan videomurojaatida.

Bu orada Tramp davolanayotgan shifoxonada ishlovchi shifokor Jyeyms Fillips kasalligiga qaramay, shifoxonani tark etishga qaror qilgan AQSh prezidentining bu ishini qoralab, uni “aqlsizlik” deb atagan

Shifokorning aytishicha, o‘sha “mutlaq keraksiz” safarda Tramp bilan mashinada bo‘lganlarning barchasi 14 kunga karantinga joylashtirilishi lozim.

“Ular kasallikka chalinishi va hattoki o‘lishi mumkin. Qandaydir siyosiy sahnalashtirish uchun. Tramp buni amalga oshirish uchun ularga hayotini xavf ostiga qo‘yishni buyurgan. Bu aqlsizlikdir”, deb yozgan shifokor tvitterda.

Avvalroq Tramp va uning rafiqasida koronavirus aniqlangandi. Shundan keyin Trampni davolash uchun harbiy-tibbiy markazga yotqizishga qaror qilingan.

Top