21:44 / 08.10.2020
3668

Davosdagi Jahon iqtisodiy forumi o‘tkazilish joyi boshqa shaharga ko‘chirildi

2021 yil yanvarda Shveytsariyaning Davos shahrida o‘tkazilishi kerak bo‘lgan Jahon iqtisodiy forumi Lyutsern shahriga ko‘chirildi va 2021 yilning 18-21 may kunlari bo‘lib o‘tadi.

Foto: EPA

Forumning tashkiliy qo‘mitasi bayonotida ta'kidlanishicha, forum pandemiya sharoitida ishtirokchilar va mahalliy aholining salomatligi himoyalanishi va xavfsizligini ta'minlaydigan barcha shartlar bajarilgandagina bo‘lib o‘tadi.

Navbatdagi Jahon iqtisodiy forumining mavzusi “Katta qayta yuklash” deb e'lon qilingan. Uning ishtirokchilari koronavirus pandemiyasi keltirib chiqargan inqirozdan keyin iqtisodiyotni tiklash yo‘llarini izlaydilar va bu boradagi o‘z takliflarini beradilar.
 
Shu bilan birga, forum tashkiliy qo‘mitasi har yil an'anaviy ravishda Davosda yanvar oxirida o‘tkazib kelingan forum o‘rniga 25 yanvardan boshlab bir hafta davomida “Davos suhbatlari” onlayn-forumini o‘tkazadi.

Jahon iqtisodiy forumida 2022 yilda an'anaviy formatga qaytishga va forumning yanvar oxirida Davosda o‘tishiga umid bildirilgan.

Top