08:08 / 09.10.2020
4916

AQShda demokratlar Trampning jismoniy va ruhiy holatini baholashmoqchi

AQSh kongressi vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi va kongressmen-demokrat Jyeymi Raskin AQSh prezidenti Donald Trampning jismoniy va ruhiy holatini baholashi kerak bo‘ladigan maxsus komissiyani shakllantirish haqidagi qonun loyihasini tayyorlashga kirishdilar.

Foto: Getty Images

AQSh OAVning xabar berishicha, kongress ushbu komissiya chiqargan xulosalarga ko‘ra, Tramp o‘z majburiyatlarini bajara olmasligi tufayli o‘z lavozimidan chetlatilishi haqida qaror chiqarishi kerak bo‘ladi.

Bunday huquq kongressga AQSh konstitutsiyasiga 25-tuzatma bilan berilgan. Ushbu tuzatma prezident AQSh ma'muriyatining ko‘pchilik a'zolari va vitse-prezident tomonidan o‘z majburiyatlarini bajara olmaydi, deb topilsa uni lavozimidan chetlatish imkonini beradi.  

Komissiyani tuzish bo‘yicha taklif 9 oktyabrda ko‘rib chiqish uchun kiritiladi. Pelosi ofisida ta'kidlanishicha, komissiya xulosalari “ijrochi hokimiyatdagi eng yuqori lavozimda samarali va uzluksiz rahbarlikni ta'minlashda yordam beradi”. 

Trampning o‘zi demokratlarning ushbu tashabbusiga javoban Pelosini “telba Nensi” deb atagan va uning o‘zini kuzatuvga olish kerakligini aytgan.

AQSh prezidentining shifokori Shon Konlining ta'kidlashicha, Tramp 10 oktyabrdan to‘laqonli faoliyatga, jumladan ommaviy chiqishlarga qaytishi mumkin. 

Top