16:20 / 09.10.2020
11426

Koronavirusga gumon qilinganda o‘pkani kompyuter tomogrammasi qilish kerak emas - shtab a'zosi

Multispiral kompyuter tomogrammasi inson organizmiga qandaydir miqdorda bo‘lsa ham nurlanish beradi, to‘g‘ri u nurlanish dozasi nazorat etiladi, lekin qayta-qayta MSKTga tushish ham xavfli.

Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a'zosi, tibbiyot fanlari nomzodi Sevara Ubaydullayeva Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati tomonidan uyushtirilgan suhbatda koronavirusga gumon qilinganda o‘pkani multispiral kompyuter tomogrammasi qilish, uning organizmga zarari haqida gapirdi.

– Koronavirusga gumon qilinganda o‘pkani multispiral kompyuter tomogrammasi qilish qanchalik muhim, uning organizmga zararli tomonlari yo‘qmi?

– Koronavirusga gumon qilinganlar kasallik alomatlari paydo bo‘lganining birinchi kunidan o‘z oilaviy shifokorlariga murojaat qilishi kerak. Shifokorlar bemorning shikoyati, umumiy ko‘ruvi, epidemiologik anamnezidan kelib chiqqan holda kasallikni tasdiqlash uchun qo‘shimcha tekshiruvlar buyuradi. Bunday holatlarda nafaqat koronavirusga gumon qilinganlar, balki inson o‘zida qandaydir kasallik alomatini sezishi bilan, birinchi kunlardanoq murojaat etishlari kerak.

Endi multispiral kompyuter tomogrammasiga kelsak, biz unutmasligimiz kerak, bu inson organizmiga qandaydir miqdorda bo‘lsa ham nurlanish beradi, to‘g‘ri u nurlanish dozasi nazorat etiladi, lekin qayta-qayta MSKTga tushish ham xavfli. Ayniqsa, agarda kasallikni ilk kunlarida MSKTga tushsangiz unda deyarli o‘zgarish kuzatilmasa, keyin aniq kasallik alomatlari kuchayganidan so‘ng, bir yoki ikki hafta oralig‘ida MSKTga yana tushishingiz kerak bo‘ladi. Bunday holatlarda nurlanish ko‘payadi, imkon qadar MSKTga qayta tushish uchun orada kamida ikki oy o‘tishi lozim.

MSKTni maqsadli qo‘llash borasida gaplashadigan bo‘lsak, bunda koronavirusning organizmga ta'sirini va kasallik kechishi jarayonini gapirish bilan tushuntirib beraman. Koronavirus o‘pkani jarohatlashni kasallikning ilk kunlaridan boshlaydi. Tashxis qo‘yish uchun kasallikning birinchi kunlarida MSKTni o‘tkazish mumkin. Lekin bu jarayonda hali kasallikning ilk kunlari bo‘lgani bois, o‘pkaning fibroz jarohatlanishi kuzatilmagan bo‘ladi. Aytib o‘tganimizdek, faqatgina virusli yallig‘lanish jarayoni namoyon bo‘ladi, xolos. Nima uchun, buni to‘liq gapirmoqdaman, sababi, ko‘pgina yurtdoshlarimiz shifokorga murojaat etmasdanoq kasallikning ilk kunlarida MSKTdan o‘zlari mustaqil o‘tadilar, MSKTda fibroz jarohatlanish degan yozuvni ko‘rmaydilar va menda jarohatlanish yo‘q ekan degan yanglish fikr bilan, hattoki shifokorga ham bormay qo‘yadilar va o‘z immunitetim bilan tuzalib ketaman degan fikr bilan davolanmaydilar ham.

Koronavirus shunchalik ayyor viruski, u birinchi 5-7 kun shamollash alomatini oladi, shu davrda unchalik kuchli belgilarni yuzaga chiqarmaydi, tana harorati bir yoki ikki marta 38 darajadan yuqori bo‘ladi, bir yoki 2-3 kun diareya kuzatiladi, 4, 5, 6 kunlar insonda kasallik alomatlari yo‘qolayotgandek bo‘ladi. Aynan 7-10 kunlarda yashirin autoimmun jarayon boshlanadi. Unda yo‘tal paydo bo‘ladi va u kun sayin kuchayib boradi, hansirash qo‘shiladi, ba'zilarda birdaniga tana harorati 39 va 40 darajagacha ko‘tarilmoqda, holsizlik va mushaklar, bo‘g‘imlardagi og‘riqlar kuchayib boradi.

Shunday holatda MSKT tekshiruvi juda muhim, aynan shu davrda qon quyulish elementlarini o‘rganish juda muhim. Ya'ni, qonning umumiy tahlili, biokimyoviy tahlili va peshob, kerak bo‘lsa, axlatning umumiy tahlillarini o‘tkazish kerak. Ushbu tekshiruvlar natijasiga ko‘ra, qon suyultiruvchi dori vositalari, glyukokortikosteroidlar, antibiotiklarni qo‘llash mumkin.

Ko‘rib turibsizki, kasallikning aynan 7-10 kunlarida o‘pkada fibroz jarohatlanishlar ko‘rinar ekan. Shu bois, MSTKga kasallikni birinchi alomatlari paydo bo‘lgan davrda borib, ham mablag‘ ketkazib, ham vaqtni ketkazib, keyin esa yanglish xulosalar bilan o‘z ahvolingizni yomonlashtirmang. Kasallikni birinchi alomatlari boshlanishi bilan oilaviy shifokoringizga murojaat eting, ularning tavsiyalariga ko‘ra, o‘z vaqtida dori vositalarini qabul qiling, tekshiruvlardan o‘ting.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top