14:02 / 09.10.2020
42219

Mutaxassis koronavirusga qarshi dori vositalarini noto‘g‘ri qo‘llash oqibatlari haqida ogohlantirdi

Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirusga chalingan bemorlarga noto‘g‘ri berilgan preparatlar o‘limga olib kelishi ham mumkinligidan ogohlantirdi.

«Pandemiya sharoitida barcha soha vakillari, eng avvalo, tibbiyot xodimlari zimmasiga katta mas'uliyat yuklandi. Shifokorlarimiz tun-u kun «jang maydoni»da bemor hayoti uchun tinimsiz kurashmoqdalar. Koronavirus infeksiyasining kechish darajalariga qarab bemorlarga psixologik ta'sir bo‘lmasligi uchun, yengil va o‘rta darajada kechayotgan kasallikni uy sharoitida davolashga ham ruxsat berildi. Albatta, bunda bemorning holati malakali tibbiyot xodimi tomonidan nazorat qilinishi, davo muolajalari SSV tomonidan taqdim etilgan protokol asosida olib borilishi talab etiladi.

Ammo hozirgi kunda koronavirus infeksiyasining yengil va o‘rta darajadagi shaklini uyda davolashda o‘ta kuchli dori vositalaridan foydalanib, kasallikni davolash o‘rniga uning yanada avj olishiga sabab bo‘layotgan ayrim «shifokor»larimiz ham bor. Tavsiya etilayotgan dori vositalari ro‘yxatiga nazar solsak, «Deksametazon», «Meropenem» kabi, shuningdek, bir vaqtning o‘zida 3-4 xil guruhga mansub «Amikatsin», «Levofloksatsin», «Tsefazolin sulbaktam», «Tsefaperazon» va mikrobga qarshi «Metronidazol» kabi dori vositalari ham bir vaqtning o‘zida foydalanilayotganini ko‘rish mumkin. Bu dorilar alohida ishlatilganda ham kuchli vosita hisoblanib, faqatgina Covid-19’ning eng og‘ir darajalarida statsionar sharoitda ishlatish tavsiya etiladi», deyiladi vazirlik matbuot xizmati xabarida.

Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a'zosi E'zozbek Rizayev vazirlik matbuot xizmatiga bu haqda batafsil so‘zlab berdi.

— «Deksametazon» preparatini Covid-19’ga chalingan bemorlarni davolashda ishlatish tavsiyasi 2020 yil iyun oyida Buyuk Britaniya olimlari tomonidan taklif etildi. Oksford universiteti rasmiy saytida Covid-19 kasalligining og‘ir va o‘ta og‘ir davrida, faqatgina kislorodga muhtoj bo‘lgan va sun'iy nafas olish apparatiga ulangan kasallarga reanimatsiya sharoitida kuniga 6 mg miqdorida 10 kun davomida berish taklif etilgan. E'tiborli jihati, «Deksametazon» dori vositasini faqatgina reanimatsiya sharoitida berish tavsiya etiladi», deb rasmiy bayonotda aniq belgilab qo‘yilgan.

«Deksametazon» bu «Aspirin» yoki «Tsitramon» emaski, uni xohlagan odam dorixonadan sotib olib, o‘z bilganicha iste'mol qilsa. «Deksametazon» kuchli yallig‘lanishga qarshi va immunodepresant (immunitetni tushiruvchi) sintetik gormonal dori vositasi. Undan noto‘g‘ri foydalanish, avvalo:

  • immun tizimining faoliyatini susaytiradi;
  • qandli diabet kasalligini keltirib chiqaradi va uni rivojlantiradi;
  • oshqozon yara kasalligida qon ketish xavfini oshiradi;
  • suyaklardan kalsiy chiqib ketishiga sabab bo‘ladi;
  • teri mustahkamligini susaytiradi;
  • surunkali kasalliklar avj olishiga olib keladi.

Bundan tashqari, ushbu yallig‘lanishga qarshi dori vositasidan uzoq muddat foydalanish har qanday gormonlar singari, semirish, diabet, osteoporoz, glaukoma va hatto ruhiy kasalliklar kabi nojo‘ya ta'sirlarni keltirib chiqarishi mumkin. Shu bilan birga, son suyagining aseptik nekroziga ham «Deksametazon» dori vositasini ko‘p miqdorda ishlatish sabab bo‘ladi.

«Deksametazon»ni Covid-19’ning yengil va o‘rta darajada kechish davrida ishlatish taqiqlanadi. Chunki u kasallikning dastlabki bosqichida immunitetimiz kasallikni mustaqil ravishda yengishiga xalaqit beradi va aks ta'sir ko‘rsatib, kasallik avj olib ketishiga sabab bo‘ladi. Immun tizimi pasayib, hatto yo‘q bo‘lib ketgan bemorni kasallikdan qutqarish deyarli imkonsiz bo‘lib qoladi.

— Xuddi shu kabi vaziyat koronavirus infeksiyasining yengil va o‘rtacha darajasi bilan og‘rigan bemorlar tomonidan antibiotiklarni qo‘llash borasida kuzatilayotgani ham bor gap...

— To‘g‘ri, masalan, fuqarolar uy sharoitida shifokorning retseptisiz «Meropenem», «Amikatsin», «Levofloksatsin», «Tsefaperazon sulbaktam», «Tseftriakson» va mikrobga qarshi «Metronidazol» kabi qator preparatlarni qabul qilmoqda. Bu preparatlarning o‘zi yakka holda ishlatilganda ham kuchli antibakterial dori vositasi hisoblanadi va bir dunyo nojo‘ya ta'sirlari bor. Tasavvur qiling, bu dori vositalarining bir necha guruhini bir vaqtda qo‘llash qanday asoratlarga olib keladi. Jigar va buyrak yetishmovchiligi, markaziy nerv tizimidagi o‘zgarishlar, ichak tizimidagi o‘zgarishlar, endokrin tizimidagi o‘zgarishlar.... Bu ro‘yxatni uzoq davom ettirish mumkin.

Hozirgi kunga qadar antibakterial dori vositalarining 4ta avlodi mavjud. Ularni qo‘llashda ham ma'lum qonuniyat bor. Avvaliga 1-,2-,3-avlod antibakterial dori vositalari qo‘llanadi. Ularning samaradorligi sezilmagan vaqtdagina 4-avlod antibakterial dori vositalari, ya'ni zaxira dori vositalarini ishlatish tavsiya etiladi. «Meropinem» dori vositasi ana shu 4-avlod guruhiga kiradi.

«Meropenem» preparati hozirda reanimatsiya bo‘limlarida koronavirus infeksiyasidan davolanayotgan, o‘pkada shikastlanish darajasi 50 foizdan ziyod bo‘lgan, pnevmoniya asoratlari fonida ikkilamchi infeksiya aniqlangan bemorlargagina buyurilmoqda. Agar kasallikning yengil va o‘rta shakli bilan og‘riyotgan bemorga ushbu preparatni qabul qilish buyurilsa, organizmning kurashish kuchi keskin tushib ketishiga sabab bo‘lib, surunkali kasalliklar avj olishi, jigar, buyrak yetishmovchiligiga olib kelishi mumkin.

Eng achinarlisi esa, undan so‘ng «Meropenem» dori vositasini qabul qilgan bemorlarga avvalgi avlodga mansub dori vositalari ta'sir ko‘rsatmay qoladi va majburiyat yuzasidan bir necha guruh antibakterial dori vositalarini bir vaqtda qo‘llashga to‘g‘ri keladi. Bemorda o‘tkir dori vositasidan zaharlanish holati kuzatilib, oxir-oqibatda o‘lim bilan yakunlanishi mumkin.

Afsuski, hududlardagi ba'zi shifokorlar bu preparatni kasallikning yengil va o‘rta og‘irlik belgilari bo‘lgan bemorlarga ham buyurayotgani achinarli hol. Holbuki, koronavirus infeksiyasini davolash bo‘yicha Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan qabul qilingan protokollarda barcha preparatlarning qay tartibda va qay holatdagi bemorlarga berilishi bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar aks etgan.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top