16:14 / 14.10.2020
8741

Ichki turizmni rivojlantirish bo‘yicha Bo‘stonliq tajribasi: xizmatlar hamyonbop bo‘lishi aytildi

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi va Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumani hokimligi hamkorligida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarning o‘rmon xo‘jaliklari mavjud bo‘lgan tumanlari hokimlari hamda jurnalistlar uchun press-tur tashkil etildi.

Tadbir doirasida yig‘ilganlar «Amirsoy», «Green Veranda», «Tibet», «Visitor center», «Seven Tree», «Heaven’s Garden» zamonaviy turizm obektlari hamda «Burchmullo» davlat o‘rmon xo‘jaligining «Sijjak» bo‘limi faoliyati bilan yaqindan tanishishdi.

Bo‘stonliq tumani hokimi Jo‘rabek Ahmedov mehmonlarga tumanda faoliyat yuritayotgan turizm obektlari, ayni paytda barpo etilayotgan yoki rejadagi loyihalar, jumladan, Bo‘stonliq tumanidagi tog‘li hududlarda tashkil etilayotgan turistik marshrutlar va tashrif markazlari haqida atroflicha ma'lumot berdi.

«Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 17 sentyabrdagi 560-sonli qaroriga asosan Bo‘stonliq tumanida bo‘sh obektlarni xususiylashtirish belgilangan. Ayniqsa, bu yerdagi ikkinchi loyihada respublikamizning yirik banklari kafilligi ostida katta-katta turizm obektlarini tashkil qilish rejalashtirilmoqda. Bu borada tegishli loyihalarni shakllantiryapmiz.

Ushbu loyihalar amalga oshgan taqdirda ayni paytda Bo‘stonliqda odamlar dam olishga o‘rgangan hududlarda avvalgidan ancha ko‘p, bir vaqtning o‘zida kamida 1000-1500 nafar dam oluvchi hordiq chiqarishi mumkin bo‘ladi. 

Hukumat qaroriga ko‘ra, asosan yengil konstruksiyali joylar tashkil etilishi belgilangan bo‘lib, bu aholiga ko‘rsatiladigan turizm xizmatlarining narxi cho‘ntakbop bo‘lishini ta'minlaydi. Shaffoflikni ta'minlash maqsadida mazkur turizm obektlari auksion savdolari orqali sotiladi», deya Jo‘rabek Ahmedovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Tuman hokimining ta'kidlashicha, ayni maqsad uchun o‘rmon xo‘jaligi yerlaridan bir qismini tanlab olingan. Bu yerda yengil konstruksiyali konteynerlar joylashtiriladi, palatkalar o‘rnatiladi. Ularning narxi «dacha»larnikidan ancha arzon bo‘ladi. Konteyner va palatkalar joylashtirilishi mumkin bo‘lgan joylar mavsumiy ijaraga beriladi. Istalgan kishi ularni 6 oyga  yoki 1 yilga ijaraga olib ishlatishi, agar bu ish uni qoniqtirsa, keyinchalik ijara muddatini uzaytirib borishi mumkin.

«Yengil konstruksiyalari qurilmalarni o‘rnatish mumkin bo‘lgan yerlarni auksion orqali ijaraga berishni yo‘lga qo‘yamiz. Ularni olgan shaxslarga ijara huquqini beramiz. Hozirgi kunda butun respublika bo‘yicha ijaraga berish tartibi aks etgan Vazirlar Mahkamasi qarori tayyorlangan. Bu nafaqat Bo‘stonliq tumaniga, balki butun respublikaga taalluqli.

Yengil konstruksiyali turizm obektlari joylashadigan yerlar o‘rmon xo‘jaligi balansida turadi, ijaraga beriladi auksion orqali. Ijara haqi yerning ijaraga olinadigan muddatiga qarab belgilanadi. Bu yerda kapital qurilishlar qilib bo‘lmaydi, faqat yengil konstruksiyali qurilmalarni joylashtirish mumkin.

Hozir odamlar tog‘ yonbag‘riga kelib ochiq osmon ostida betartib dam olayotgan, qaysidir ma'noda tabiatni, ekologiyani ifloslantirayotgan bo‘lsa, bizning loyihamiz bilan bu jarayonni tartibga solish mumkin. Ijaraga oluvchi nafaqat dam oluvchilarga sifatli xizmat ko‘rsatadi, balki atrof-muhit tozaligiga ham mas'ul bo‘ladi.

Bu yerda nafaqat uxlash va ovqatlanish uchun sharoitlar, balki kinoteatr, qayerdadir badminton maydoni, futbol maydonlari qurilsa, kelgan odamlar bemolol bir necha kun qolib dam olib ketaveradi. Bu ham arzon bo‘ladi, ham qulay bo‘ladi, ham odam soni jihatidan ko‘pchilikni qamrab oladi», deydi Jo‘rabek Ahmedov.

Uning aytishicha, Bo‘stonliqda yengil konstruksiyali turizm obektlarini barpo etish uchun 41ta joy belgilangan bo‘lib, 18ta joyda konteynerlar, 23ta nuqtada esa palatkalar tashkil etilishi ko‘zda tutilgan. Buning oqibatida bir kunda bir vaqtning o‘zida 24 ming kishiga xizmat ko‘rsatish mumkin bo‘ladi.

Press-tur davomida Fransiya bilan hamkorlikda Chimyon – Yusufxona – Nanay halqa yo‘nalishi bo‘ylab barpo etilayotgan dor yo‘li va boshqa inshootlar haqida ham ma'lumot berildi. Qayd etilishicha, ushbu obektlar kelgusida auksion orqali tayyor loyiha sifatida investorlarga sotiladi. Bundan tashqari, mazkur hududda veloturizmni rivojlantirish uchun ham e'tibor qaratilmoqda.

«Chimyon zonasi 34 kilometrni tashkil qiladi. Hozir birinchi beton yo‘lak qilyapmiz. Birinchi navbatda piyodalarimizga, ikkinchidan velosiped uchun yo‘l bo‘lyapti. Uning qurilishi 2021 yilning bahorida yakunlanadi. Hozir yo‘lning 60 foizi betonlashtirilgan.

Shu bilan birga, hozirgi kunda Bo‘stonliq infrastrukturasini rivojlantirish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi tayyorlangan. U 2020-2022 yillarni o‘zida qamrab oladi. Loyiha doirasida 2021-2022 yillarda suv quvurlari, kanalizatsiya, elektr energiya hamda yo‘llarni to‘liq ta'mirlash ko‘zda tutilgan», deydi tuman hokimi.

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Jamshid G‘oziyevning aytishicha, tuman hududida tashkil etilayotgan tashrif markazida sayyohlarga eng muhim ma'lumotlar taqdim etiladi.

«Tashrif markazi degani turist kelib shu yerga mashinasini qo‘yadi-da, kerakli anjom, kiyim-kechak, velosipedlarni ijaraga oladi. Bu loyiha butun Bo‘stonliq turizm zonasini qamrab olgan. Bu yerda soylar, tog‘lar, daralar bor. Ana shunday 69ta turizm obekti haqidagi ma'lumotlarni tashrif markazidan olish mumkin bo‘ladi.

Shu yerdan 69ta obektning qaysilariga borish mumkinligi haqidagi ma'lumotlarni, hududlarning xaritasini olsa bo‘ladi. Mutaxassislar mehmonlarga qaysi hududga qancha vaqtda borish mumkinligi, safar uchun qanday anjomlar bo‘lishi kerakligi haqida batafsil axborot berishadi. Bu sayyohlar uchun juda qulay», deydi u.

Jamshid Niyozov tayyorladi,
Tasvirchi Asad Allanazarov

Mavzuga oid
Top