03:34 / 15.10.2020
26096

«NYT»: Tomsk aeroportida Navalniyning choyiga «Novichok» qo‘shishgan

Foto: Reuters

Rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniy Tomsk aeroportida Moskvaga qaytish oldidan zaharlangan. Bu haqda Germaniya harbiy tizimidagi yuqori mansabli manbasiga asoslanib «The New York Times» yozmoqda.

Manbada yozilishicha, Navalniy Tomsk aeroportida ichgan choyiga kukun ko‘rinishidagi «Novichok» og‘usi qo‘shilgan. O‘sha kuni Navalniy chindan aeroportda choy buyurtma qilgan. Avvalroq Navalniy to‘xtagan mehmonxonada topilgan shishada ham «Novichok» bo‘lgani aniqlangandi. «NYT» Navalniy aeroportda zaharlangan bo‘lsa, shishada «Novichok» qanday tushib qolgani ochiqligicha qolganini ma'lum qilgan: «Balki ikki marta zaharlashgandir», deb yozgan nashr.

Navalniyning matbuot kotibi Kira Yarmish siyosatchi aeroportda faqat choy ichgani va unga nimadir qo‘shgan bo‘lishlari mumkinligini aytgandi. Keyinchalik Navalniyning o‘zi Yuriy Dudga bergan intervyusida uni mehmonxonada zaharlashgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilgandi.

Aleksey Navalniy aynan «Novichok» bilan zaharlanganini avvaliga «Sharite» klinikasida ma'lum qilishgandi. Keyinchalik bu ma'lumotni bir-biridan mustaqil tarzda analiz o‘tkazgan Fransiya va Shvetsiyadagi laboratoriyalar, shuningdek, Kimyoviy qurolga qarshi xalqaro tashkilot ham tasdiqladi.

Yevropa Ittifoqi Aleksey Navalniy zaharlangani sabab Rossiyaga nisbatan sanksiya joriy etilishini ma'lum qilgan. NYT'ning aniqlashicha, «qora ro‘yxat»ga olti nafar mansabdor, shuningdek, Rossiya davlat kimyo va texnologiya ilmiy-tekshirish instituti tushadi. Aynan shu markazda sobiq ittifoq vaqtida asabni falajlantiruvchi «Novichok» kimyoviy quroli ishlab chiqilgan. Hozir Rossiyada rasman «Novichok» ishlab chiqarilmaydi va 2017 yilda uning barcha zaxiralari yo‘q qilingani aytiladi.

Rossiyalik muxolifatchi, Korrupsiyaga qarshi kurash fond rahbari Aleksey Navalniy 20 avgust kuni Tomskdan Moskvaga qaytayotganda o‘zini yomon his qilgan va samolyot Omsk shahriga favqulodda qo‘nishga majbur bo‘lgandi. Zaharlanish tashxisi bilan kasalxonaga tushgan Navalniy 22 avgust kuni Germaniyadagi «Sharite» klinikasiga olib ketilgach, 7 sentyabrgacha koma holatida bo‘ldi. Keyinchalik oyoqqa turgan Navalniy o‘zining zaharlanishi shaxsan Vladimir Putinning topshirig‘i bilan amalga oshirilganini aytgan.

Tiklanish jarayonini o‘tkazayotgan Navalniy hamon Berlinda qolmoqda. Oldinroq uning davolanishi 50 ming yevroga tushgani va bu pullarni kim to‘lab bergani ma'lum bo‘lgandi.

Top