16:07 / 17.10.2020
9802

Antibiotiklarni tavsiya qilish uchun qanday ko‘rsatmalar bo‘lishi kerakligi aytildi

Antibiotiklarni tavsiya qilish uchun organizm suyuqliklaridan bakteriologik ekmaga tahlil qilinadi. Ushbu jarayon davrida o‘sib chiqadigan infeksiyaga qarshi ta'sir etuvchi antibiotik turi belgilanganiga qarab antibiotikning birini tavsiya qilish mumkin. 

Foto: Depositphotos

AOKAda o‘tkazilgan brifingda Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a'zosi Barno Abdusamatova fuqaroning «Men koronavirus infeksiyasi bilan kasallandim. Menga shifokor bakterial asoratlarning oldini olish uchun ichishingiz kerak deb tavsiyalarda 2 ta antibiotik yozib berdi. Chunki o‘pkada 10 foiz zararlanish bor ekan. Bu to‘g‘rimi?» deya bergan savoliga javob qaytardi.

«Viruslar, bakteriyalar va zamburug‘lar pnevmoniyani keltirib chiqarishi mumkin. Koronavirus kasalligi keltirib chiqaradigan pnevmoniya bu virusli pnevmoniya hisoblanadi. Virusli pnevmoniyada antibiotiklar ishlatilmaydi. Chunki antibiotiklar asosan bakteriyaga qarshi ishlatiladi. 

Koronavirus chaqirgan pnevmoniyada uni bakterial asoratlarni oldini olish maqsadida ham umuman ishlatib bo‘lmaydi. Ularning ta'sirida organizm uchun kerakli bo‘lgan mikroorganizmlar halok bo‘ladi. Qonda kerakli mikroelementlar parchalanishi va organizmdan chiqib ketishini kuchaytiradi. Bu esa organizmda immunitetni pasayishiga va organizmga qo‘shimcha boshqa infeksiyalar qo‘shilgan xolda boshqa yuqumli kasalliklar rivojlanishiga olib kelishi mumkin. 

Lekin, koronavirusda shifokorlar tavsiyasiga ko‘ra qo‘llaniladigan azitromitsin, noantibiotik asosan antifibrotik effektini hisobga olgan holda ishlatiladi. U virusni hujayralarga yopishishini sekinlashtirish, tavsiyadagi boshqa dori vositalarini ta'sirini oshirish va o‘pka to‘qimasidagi fibroz jarayonini (chandiqni) oldini olish maqsadida qo‘llaniladi. 

Antibiotiklar tavsiya qilish uchun bir qator ko‘rsatmalar bo‘lishi kerak: bular yiringli balg‘am paydo bo‘lishi, qon tahlilidagi o‘zgarishlar, ya'ni leykotsitlar va neytrofillarni oshishi, yallig‘lanish ko‘rsatkichlarini s-reaktiv oqsilni oshishi hisoblanadi. 

Antibiotiklarni tavsiya qilish uchun organizm suyuqliklaridan bakteriologik ekmaga (bak.pasev) tahlil qilinadi. Ushbu jarayon davrida o‘sib chiqadigan infeksiyaga qarshi ta'sir etuvchi antibiotik turi belgilanganiga qarab antibiotikning birini tavsiya qilish mumkin. 

Bu davrda pala-partish qabul qilingan antibiotiklar viruslarga qarshi emas, balki jigar, buyrak va ichaklarga nojo‘ya ta'sir qiladi va turli asoratlarga olib keladi. Sizga uchastka shifokoringizga murojaat qilishingizni hamda hammani maslahati orqali davolanmaslikni tavsiya etamiz. Chunki barcha koronavirus kasallariga javobgar shifokorlar SSV tomonidan o‘qitilganlar va o‘qitilmoqdalar. Ular vazirlik tomonidan ishlab chiqilgan davolash protokollari asosida davolash ishlarini olib boradilar», - dedi shtab a'zosi.

Mavzuga oid
Top