18:23 / 18.10.2020
15454

Andijon shahridagi «qahramon simyog‘ochlar». Mas'ullar ularning xizmatidan yana qancha foydalanmoqchi?

Tavba, simyog‘ochning ham «qahramoni» bo‘ladimi, deyishingiz mumkin. Bo‘lar ekan. Andijon shahar Hamkorlik mahallasi Aylanma O‘sh ko‘chasida bo‘lib, yarim asrdan ziyod aholiga xizmat qilib kelayotgan elektr simyog‘ochlarning holatini ko‘rgach, shu fikrga keldik.

Ko‘cha boshiga o‘rnatilgan yog‘och tayanchdan 20 ta xonadonga elektr o‘tkazilgan ekan.

Simyog‘ochdan xonadonlarga tortilgan juft elektr simlari shu darajada ko‘pki, xuddi o‘rgimchak to‘riga o‘xshaydi. Uning yog‘och asosi chirishni boshlabdi.

Ko‘chada achinarli holdagi ana shunday 8ta «qahramon simyog‘och»ni ko‘rdik. Hududdagi elektr liniyasi eskirib ketgani sabab aholi o‘z xonadonlariga texnika xavfsizligiga rioya qilmagan holda qo‘lbola uskunalar bilan elektr tortib olishgan.

Xonadonlar zich joylashgan Aylanma O‘sh ko‘chasida elektr ta'minoti masalasi og‘ir holda. Elektr liniyasi iste'molchi ko‘pligidan talabga javob bermaydi. Tokning quvvati past, transformator eskirib ketgan.

Aholining ko‘p bora qilgan murojaatlaridan so‘ng, 2019 yilning kuzida shahar elektr korxonasi ko‘chaga beton tayanchlari o‘rnatganida ko‘cha ahli rosa suyundi. Biroq oradan bir yil o‘tsa ham ish yakuniga yetmayapti.

«Mana shu beton «stolba»larni o‘rnatishganiga deyarli bir yil bo‘ldi. Shu yil boshida atrofdagi ikki-uchta ko‘chalarda sim tortishdi. Qolgani qoldi. Qachon sovuq tushsa, ulashadi shekilli. Karantin bo‘lib, to‘xtatib qo‘yishgan. Mana endi o‘quv yili boshlandi. Bolalar dars qilishi kerak.

Kuchlanish pastligidan televizorlarning ham ovozini baland ko‘tara olmaymiz. Sovutkichlarning sovutgani kuchi yetmaydi.

Eski simyog‘ochlarga juda ko‘p simlar tortilgan. Ko‘chada o‘ynaydigan bolalarning simlarni ushlab olishidan qo‘rqamiz. Yangi beton tayanchlar bir yildan beri turibdi. Endi qishga borib ish boshlansa, aholi qiynaladi. Qishga qoldirmasdan, tezroq bitirib berishlarini so‘raymiz», – deydi shu ko‘chada yashovchi Murodali Haydarov.

Darhaqiqat, boshlangan ishning o‘z vaqtida bitgani yaxshi. Sovuq fasl kirib kelishiga ham oz qoldi.

O‘ylaymizki, Andijon shahar energetiklari qishli-qirovli kunlar kelmasdan Aylanma O‘sh ko‘chasini sifatli elektr energiyasi bilan ta'minlab «qahramon simyog‘och»larni «pensiyaga chiqarishadi». 

Elmurod Ermatov

Mavzuga oid
Top