21:26 / 19.10.2020
7843

Misrlik Ezzeldin Bahodir Ginness rekordlar kitobidan joy oldi

Misrlik 74 yoshli Ezzeldin Bahodir jahonning eng yoshi katta professional futbolchisi deb tan olindi, deya xabar bermoqda Reuters.

Manbaning yozishicha, Bahodir Ginnes rekordlar kitobidan rekordchi sifatida o‘rin olishi uchun ikkita o‘yin o‘tkazishi yetarli bo‘lgan. 74 yoshli futbolchi dastlab mart oyida maydonga tushib, penaltidan gol urishga ham erishgan bo‘lsa, pandemiya sababli ikkinchi o‘yinini o‘tkazishi uchun yarim yil kutishiga to‘g‘ri keldi. 

Nihoyat, rekord o‘rnatildi. Ezzeldin Bahodir «6 oktabr» deya nomlangan klub safida  «Al-Oyat» jamoasiga qarshi maydonga tushdi. O‘yin davomida 74 yoshli futbolchini 6 nafar nevarasi ham stadiondan turib qo‘llab-quvvatlab turdi.

«Bu boradagi raqobatni yanada qiyinlashtirish uchun shaxsiy rekordimni yana bir marta yangilash niyatidaman», - deydi Bahodir rekordchi sifatidan tan olingan o‘yinidan keyin.

Ma'lumot uchun, bungacha eng yoshi katta rekordchi futbolchi nomi isroillik 73 yoshli Isaak Xayikka tegishli edi.

Top